YANGI TAHRIRDAGI O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT KODEKSIGA KIRITILGAN O’ZGARISH VA YANGILIKLAR
2022-12-14 16:00:50 133
Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga kiritilgan o’zgarish va yangiliklar
Savol: Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida masofadan turib ishlash tushunchasi kiritilgan shu xaqda ma'lumot bersangiz.
Javob: Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi masofadan turib ishlash tushunchasi 452-moddasi belgilangan.
Masofadan turib ishlash mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini ish beruvchi joylashgan yerdan, tashkilotning alohida tuzilmasidan (shu jumladan boshqa yerda joylashganlaridan) ish beruvchining bevosita yoki bilvosita nazoratida bo’lgan statsionar ish joyidan, hududdan yoki ob'ektdan tashqarida bajarishdan iborat bo’lib, bunda mazkur mehnat vazifasini bajarish hamda uni bajarish bilan bog’liq masalalar bo’yicha ish beruvchi bilan xodim o’rtasida hamkorlikni amalga oshirish uchun axborot- telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog’idan foydalanish shart bo’ladi. Masofadan turib ishlovchi xodimlarga nisbatan mehnat to’g’risidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi ushbu paragrafda belgilangan o’ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda tatbiq etiladi.
Masofadan turib ishlash rejimi quyidagi hollarda belgilanishi mumkin: xodimni ishga qabul qilishda;
xodim odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o’tkazilgan taqdirda ish jarayonida.
Muayyan ish beruvchida ishlayotgan shaxsning avvalgi mehnat vazifasini davom ettirgan holda odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o’tkazilishi mehnat shartlarining o’zgarishidir. Xodimning odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o’tkazilishi, agar bunda xodimning mehnat vazifasi o’zgarsa, boshqa ishga o’tkazish hisoblanadi.
Savol: Masofadan turib ishlash tartibi qanday va kim tomonidan belgilanadi?
Javob: yangi tahrirdagi mehnat kodeksining 453-moddasiga ko’ra. Doimiy va vaqtincha masofadan turib ishlash Ish beruvchi bilan: mehnat shartnomasida shart qilib ko’rsatilgan ishni bajarishning butun vaqti davomida masofadan turib ishlash to’g’risida nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasi; ish beruvchining nazorati ostida bo’lgan statsionar ish joyidan tashqarida doimiy asosda ishlash haqidagi shartni o’z ichiga olgan mehnat shartnomasiga doir qo’shimcha kelishuv tuzgan shaxslarning ishi doimiy asosda masofadan turib ishlashdir.
Vaqtincha masofadan turib ishlash xodim tomonidan mehnat vazifasini uning roziligi bilan ish beruvchining nazorati ostida bo’lgan statsionar ish joyidan tashqarida vaqtincha bajarilishini nazarda tutuvchi ish rejimidir. Vaqtincha masofadan turib ishlashda mehnat shartnomasi taraflarining roziligi bilan masofadan turib ishlash rejimining muddati shart qilib ko’rsatilgan bo’lishi kerak.
Masofadan turib ishlash rejimining muddati quyidagilar vositasida aniqlanishi mumkin:
kun, oy va boshqa muddatlarda masofadan turib ishlashning umumiy muddati davomiyligini ko’rsatish;
masofadan turib ishlash boshlanadigan va tugallanadigan kalendar sanani belgilash;
yuz berishi bilan masofadan turib ishlash rejimi muddati tugashiga olib keladigan hodisani aniqlash (epidemiya munosabati bilan avval joriy etilgan karantin choralarining bekor qilinishi, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarish avariyasi oqibatlarining bartaraf etilishi va boshqalar).
Vaqtincha masofadan turib ishlashga o’tishning eng ko’p muddati bir yildan oshmasligi kerak.
Vaqtincha masofadan turib ishlash muddati tugagach, ish beruvchi xodim uchun u masofadan turib ishlash rejimiga o’tguniga qadar ishlagan avvalgi ish rejimini belgilashi shart. Agar masofadan turib ishlashga o’tish vaqtincha bo’lgan bo’lsa, ish beruvchi xodimning o’tkazilish muddati tugashi bilan unga avvalgi mehnat vazifasi bo’yicha ishini ham berishi shart.
O’ktam Ergashev - So’x tuman Adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram