YANGI TAHRIRDAGI O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT KODEKSIGA KIRITILGAN O’ZGARISH VA YANGILIKLAR
2022-12-13 15:08:21 124
Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga kiritilgan o’zgarish va yangiliklar
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga xizmat tekshiruvi degan yangi qonun normasi kiritilgan, hozirgi mexnat kodeksida ushbu qonun normasi belgilanmagan.
302-modda. Xizmat tekshiruvi tushunchasi xizmat tekshiruvi xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini, uning sodir etilishida xodimning aybini, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni, ish beruvchiga yetkazilishi mumkin bo’lgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan tekshirishdir.
303-modda. Xizmat tekshiruvi o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilish xizmat tekshiruvi o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilish uchun ommaviy axborot vositalarining xabarlari, xodimning bevosita rahbarining bildirgisi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari hamda xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asos beradigan boshqa ma'lumotlar asos bo’ladi. Ish beruvchi xizmat tekshiruvi o’tkazish haqida qaror qabul qilishga haqli. Xizmat tekshiruvi o’tkazish to’g’risidagi qaror tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi. O’ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o’tkaziladigan xodim ish beruvchining xizmat tekshiruvi o’tkazish haqidagi buyrug’i hamda xizmat tekshiruvi o’tkazish bo’yicha komissiya tarkibi bilan imzo qo’ydirib tanishtirilishi kerak.
304-modda. Xizmat tekshiruvi o’tkazish bo’yicha komissiya tuzish xizmat tekshiruvi o’tkazish uchun ish beruvchining buyrug’i bilan xizmat tekshiruvi o’tkazish bo’yicha komissiya tuziladi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi). Komissiya kamida uch nafar a'zodan iborat bo’lishi kerak, ularning bir nafari komissiyaning raisi bo’ladi. Komissiya tarkibiga tashkilotda mavjud bo’lgan taqdirda kasaba uyushmasi qo’mitasining a'zosi kiradi. Komissiya raisi komissiya ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi. Uning o’tkazilayotgan xizmat tekshiruvi doirasidagi qonuniy talablari komissiya a'zolari tomonidan bajarilishi majburiydir. Komissiya raisi xizmat tekshiruvini tashkil etish, tayyorlash va o’tkazish sifati, uning natijalari, xulosalari va takliflarining xolisligi uchun shaxsan javobgar bo’ladi.
Komissiya tarkibiga quyidagi shaxslarning kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi:
xizmat tekshiruvi o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilgan mansabdor shaxs;
harakatlari tekshirilishi zarur bo’lgan xodimlar bo’ysunuvidagi xodimlar;
o’ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o’tkazilayotgan xodim bilan qarindoshlik aloqalarida bo’lgan shaxslar;
xizmat tekshiruvi natijalaridan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo’lishi mumkin bo’lgan shaxslar, shu jumladan xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga yoki intizomiy qilmishning yashirilishiga daxldor ekanligi to’g’risida asoslangan gumonlar mavjud bo’lgan shaxslar;
murojaati xizmat tekshiruvi o’tkazilishi uchun asos bo’lib xizmat qilgan shaxslar;
o’ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o’tkazilayotgan xodimlar.
Xizmat tekshiruvini o’tkazishga maxsus bilimlar sohasida maslahat olish uchun shartnoma asosida ekspertlar sifatida mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
O’ktamjon Ergashev - So’x tuman Adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram