Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 22 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

MAJBURIYATLAR MAJBURIYAT SHARTLARIGA VA QONUNCHILIK TALABLARIGA MUVOFIQ LOZIM DARAJADA BAJARILISHI KERAK, QONUNLARNI BILMASLIK JAVOBGARLIKDAN OZOD QILMAYDI

×

 2022-11-30 15:28:10    167

PDF yuklash
Chop etish


     Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak, qonunlarni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi

 

Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda banklar muhim rol kasb etadi. Hozirgi kunda respublikamizda milliy banklarimizdan tashqari, xorijiy bank filiallari ham samarali faoliyat olib bormoqda.

“Banklar va bank faoliyati to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga ko’ra, bank — tijorat tashkiloti bo’lib, bank faoliyati deb hisoblanadigan quyidagi faoliyat turlari majmuini amalga oshiradigan yuridik shaxsdir:

yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablag’lardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanish;

to’lovlarni amalga oshirish.

Omonat (depozit) — talab qilinishi bilanoq yoki to’lovni amalga oshiruvchi shaxs bilan to’lovni oluvchi shaxs yoxud ularning qonuniy vakillari o’rtasida kelishilgan muddatda foizlar yoki ustama haq to’lagan holda yoxud bunday to’lovlarsiz hammasini qaytarib berish sharti bilan topshiriladigan pul summasi.

       Chet el banki — chet el bankining o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradigan sho’'ba banki bo’lib, uning ustav kapitalining hammasi chet el banki tomonidan to’lanadi.

        Yuqorida qayd etib o’tilganidek, bank – tijorat tashkilotidir va o’z oldiga foyda ko’rishni maqsad qilib, faoliyat olib boradi. Bu borada, bank xodimlaridan bank mijozlari bilan ishlashda hushyorlik, tezkorlik talab etilishi bilan birga, amaldagi qonunchilikni yuksak saviyada bilish kabi fazilatlarga ham ega bo’lish lozimdir. Ta'kidlash lozimki, bunday ijobiy fazilatlarga ega bo’lgan xodimlar ishlab kelayotgan bank muassasasini yuksalishiga olib kelishi, aks holda esa kredit tashkilotini zarariga ishlashiga va so’ngida tanazzulga uchrashiga sabab bo’lishi mumkin.

        Olib borilayotgan islohotlarning natijasi o’laroq, jamiyat a'zolarining, shu jumladan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanib kelayotgan shaxslarning ham huquqiy ongi va bilimi oshishi bilan bir qatorda boshqa tijorat tashkilotlari singari, bank sohasi vakillarini ham o’z ustida doimiy ishlashi, bilim-salohiyatini oshirib borishiga jiddiy turtki bo’lmoqda.

        Bank muassasasi asosiy faoliyatlaridan biri bo’lib, bu albatta yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablag’lardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanish kabi faoliyat hisoblanadi.

 Farg’ona viloyat sudining iqtisodiy sudlov hay'ati va tumanlararo iqtisodiy sudlarda joriy yilning boshidan 1 noyabr kuniga qadar kredit undirishga oid nizolar bo’yicha jami 644 ta ish ko’rilgan.

 Ko’rilgan ishlarning 514 tasi (79,8%) qanoatlantirilgan, 32 tasi rad etilgan (4,9%), 78 tasi ko’rmasdan qoldirilgan (12,1%), 20 ta ish yuritish tugatilgan (3,1%) (shu jumladan 2 ta kelishuv bitimi asosida), ko’rilgan ishlar natijasiga ko’ra 22 ta ta'sir choralari qo’llanilgan.

         Ayrim bank filiallari xodimlarining o’z vazifasiga jiddiy yondoshmasligi yohud qonunchilik talablarni yaxshi tushunib yetmasligi, yuqori turuvchi bank boshqaruvi tomonidan o’z xodimlarining huquqiy bilimini oshirish yo’lida yetarlicha ishlamasligi oqibatida, bilib-bilmay ko’p bank muassasalarining ziyon ko’rishiga sabab bo’lmoqda.

 Chunonchi, “BT” mas'uliyati cheklangan jamiyati va “Bank” o’rtasida

2019 yil 25 aprelda tuzilgan ipoteka shartnomasi asosida “BT” MChJ o’ziga tegishli bo’lgan ko’chmas mulk ob'ektini kredit shartnomasining ta'minoti sifatida garovga taqdim qilgan.

 Sudning ish bo’yicha bergan 2021 yil 24 sentyabrdagi ijro varaqasiga asosan javobgar “BT” MChJ hisobidan da'vogar “Bank” foydasiga

120 171,74 AQSh dollari miqdoridagi kredit tani va foizidan bo’lgan qarzdorlikni hamda 19 600 so’m pochta xarajatini undirish hamda undiruv “BT” MChJ ga tegishli shartnomada qayd etilgan manzilda joylashgan savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shahobchasi bino va inshootlariga va temirchilik ustaxonasi bino va inshootlariga hamda tugma to’qish uskunalariga qaratilgan.

Mazkur sud hujjatiga muvofiq Byuroning Qo’qon shahar bo’limi tomonidan 2021 yil 27 sentyabrda ijro ishi yuritishni qo’zg’atish to’g’risida qaror qabul qilinib, davlat ijrochisi tomonidan 2021 yil 11 oktyabrda dalolatnoma tuzilgan va garovga qo’yilgan savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shahobchasi bino va inshootlari xatlangan.

Davlat ijrochisining 13 oktyabrdagi qarori bilan garovga qo’yilgan mol-mulk elektron-onlayn auktsionda sotish uchun chiqarilgan, bu haqida javobgarga xabarnoma yuborilgan.

 Garovga qo’yilgan mulk elektron-onlayn auktsionda sotilmaganligi uchun 2021 yil 20 dekabr kuni takroriy elektron onlayn-auktsion savdolariga sotish uchun chiqarilgan bo’lsa-da, biroq mulklar takroriy elektron onlayn-auktsionda ham realizatsiya qilinmagan.

Shundan so’ng, da'vogar “BT” MChJ javobgar “Bank”ga nisbatan sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilib, taraflar o’rtasida 2019 yil 25 aprelda tuzilgan ipoteka shartnomasining da'vogarga tegishli savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shahobchasi bino va inshootlarini garov ta'minoti sifatida taqdim qilish qismini bekor qilishni so’ragan. 

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 281-moddasining oltinchi qismiga ko’ra, agar garovga oluvchi garov narsasini o’zida olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e'lon qilingan kundan e'tiboran bir oy ichida foydalanmasa, garov to’g’risidagi shartnoma bekor qilinishi, ushbu Kodeksning 283-moddasi birinchi qismining

4-bandiga ko’ra, garovga qo’yilgan mol-mulk realizatsiya qilingan taqdirda, shuningdek uni realizatsiya qilish mumkin bo’lmagan taqdirda garov bekor bo’ladi. Ipoteka to’g’risidagi shartnoma ro’yxatdan o’tkazilgan reestrda ipoteka tugatilganligi to’g’risida belgi qo’yilgan bo’lishi kerak.

Shuningdek, “Ipoteka to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasi, oltinchi qismiga ko’ra, agar ipotekaga oluvchi takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e'lon qilingandan keyin bir oy ichida garovga qo’yilgan mol-mulkni o’zida qoldirish huquqidan foydalanmasa, ipoteka tugatiladi.

Ishni ko’rish davomida “Bank” tomonidan garov narsasini o’zida olib qolish holatlariga oid bo’lgan normalarga qonunchilikda belgilangan muddatlarda rioya qilinmaganligini aniqlangan.

Sudlov hay'ati ishni ko’rish jarayonida taraflar o’rtasida 2019 yil

25 aprelda tuzilgan ipoteka shartnomasining da'vogarga tegishli savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shahobchasi bino va inshootlarini garov ta'minoti sifatida taqdim qilish qismi qonun talabiga ko’ra bekor qilinganligini qayd etgan.

O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining

200-moddasiga muvofiq, ishni ko’rish vaqtida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qat'i nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqlidir. Xususiy ajrim bilan sud tegishli organdan yoki mansabdor shaxsdan qonun hujjatlarining buzilishida aybdor bo’lgan shaxslarni javobgarlikka tortish to’g’risidagi masalani o’zlarining vakolatiga muvofiq ko’rib chiqishni talab qilishi mumkin. Xususiy ajrim tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga, yuridik shaxslarga, mansabdor shaxslarga, fuqarolarga yuboriladi, ular ko’rilgan choralar to’g’risida bir oylik muddatda sudga xabar qilishi shartligi belgilangan.

Sudlov hay'ati ishni ko’rish natijalariga ko’ra, “Bank” filiali mansabdor shaxslari va tegishli mas'ul xodimlari zimmalariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda o’z xizmat vazifalariga mas'uliyat bilan yondoshmagan, mansab (mehnat) majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan, shuningdek ijro intizomi talablariga rioya etmagan, deb topib ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda javobgarlik masalasini hal etish uchun xususiy ajrim chiqarildi.

 

        Ko’rinib turibdiki, qonunchilikka e'tiborsizlik bank-kredit tashkilotlarini yuqorida ko’rsatib o’tilgan salbiy holatlarga olib kelishi va kredit mablag’larini qaytarish xavfini oshirishi mumkin. Bunday holatlarni imkon qadar oldini olish uchun esa xodimlarning muntazam ravishda huquqiy bilimini oshirib borish, o’z xizmat vazifalariga sidqidildan yondoshishni talab etish orqali amalga oshirish lozim bo’ladi.

        Shuningdek, kredit oluvchi, garovga qo’yuvchi, kafil va boshqa shaxslar ham kredit qarzdorligini kelishilgan muddatida qaytarilishini ta'minlamagan taqdirda, sudda va majburiy ijro organlarida ularga nisbatan ish ko’rilib, qarzdorlikdan tashqari qo’shimcha ravishda davlat boji, sud xarajati, ijro yig’imi, jarima kabi ortiqcha to’lovlar yuklatilib undirilishiga va egaligida bo’lgan mol-mulklardan ayrilishiga olib kelishi, xalqimizning oddiy tili bilan aytganda kasodga uchrashi mumkinligiga jiddiy e'tibor qaratishlari zarurdir.

         Zero keyinchalik, qonunlarni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi.

 

Madaminov Alisher Abduxamidovich - Farg’ona viloyat sudi

                                                                     raisi o’rinbosari   

 

 



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram