KONSTITUTSIYA – FAXRIMIZ, G’URURIMIZ!
2022-11-29 17:26:20 363
Konstitutsiya – faxrimiz, g’ururimiz!
Konstitutsiyamiz mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini ta'minlashning muhim asosidir. Uning hayotimizdagi o’rni va ahamiyatini keng targ’ib etish, aholi, ayniqsa, yoshlar ongu shuurida Vatanga sadoqat, qonunlarimizga hurmat tuyg’usini mustahkamlash maqsadida o’tkazilayotgan uchrashuv, davra suhbati, ochiq muloqot va boshqa madaniy-ma'rifiy tadbirlar yuksak samaralar bermoqda. “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat”, “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori”, “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Konstitutsiya – faxrimiz, g’ururimiz” kabi mavzularda tashkil etilayotgan tadbirlarda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda hayotimizda yuz berayotgan tub o’zgarishlar, qo’lga kiritilayotgan yutuqlarga Bosh qomusimiz huquqiy asos bo’lib xizmat qilmoqda.
Masalan, joriy yilning “Inson qadrini ulug’lash va faol mahalla yili”, deb e'lon qilingani ham Asosiy qonunimiz bilan mamlakatimizda inson manfaatlarini ulug’lashning huquqiy asosi yuksak darajada mustahkamlab qo’yilganini keng namoyon etdi.
Ayniqsa, odamlarning dardi, o’y-tashvishlari tinglanayotgani, muammolarni joyida hal etish choralari ko’rilayotgani buning tasdig’idir. Yurtimizning eng olis hududlari ham tanib bo’lmas darajada obod bo’lib, ta'lim, tibbiyot muassasalari, zamonaviy xizmat ko’rsatish shoxobchalari qurilayotgani, odamlarning turmush darajasi yuksalib borayotgani ham Bosh qomusimizda belgilab qo’yilgan qoida va tamoyillar ustuvorligi ta'minlanayotgani isbotidir. Konstitutsiyamizning ahamiyati barcha madaniy-ma'rifiy va boshqa tadbirlarda jonli misollar vositasida tushuntirilayotgani yurtdoshlarimizda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg’usini mustahkamlamoqda.
Mo’minmirzo Sidiqov - Jinoyat ishlari bo’yicha So’x tuman
sudining devonxona mudiri
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram