MAKTABDA ABDURAHMONI JOMIY VA ALISHER NAVOIYNING BYUSTI OCHILDI
2022-11-12 17:59:49 127
Maktabda Abdurahmoni Jomiy va Alisher Navoiyning byusti ochildi
Do’stu qardoshdir azaldan o’zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g’azaldan o’zbegim tojik bilan...
Darhaqiqat, bu ikki millat do’stligi, bir-biri bilan uzviy bog’liqligi asrlar osha shakllangan va bu birlikni biron bir kuch sindira yoxud parokanda qilishga kuch va imkon topa olmaydi. Bu ming yillardan sarchashma olib, bizning kunlarimizgacha azaliy qadriyat va umrboqiy meros sifatida yetib kelgan xazinadir.
O’zbek bilan tojik ikki tilda so’zlashadigan bitta millatdir, degan naql ham bejiz paydo bo’lmagan. Dini, qadriyatlari, eng kichik irimlaridan to’yu marakalardagi marosimlarigacha bir-biriga uyg’un bo’lgan bu xalqlar Markaziy Osiyoning eng so’lim manzillarida yaqin qo’shni bo’lib yashashlari ham bejiz emas.
Demursad mahalla fuqarolar yig’inida joylashgan 10-sonli umumiy o’rta ta'lim maktabida bo’lib o’tgan do’stlik kechasida ikki qardosh va qondosh xalqning do’stligi haqida samimiy so’zlar tilga olindi, she'rlar aytildi. Maktabda tojik va o’zbek millatining zabardast farzandlari, she'riyat gulshanida o’ziga xos o’ringa ega, she'riyatda umrboqiy meros qoldirgan Ustoz va Shogird – Abdurahmoni Jomiy va Alisher Navoiyning byustini ochilishiga bag’ishlangan tantanali tadbir bo’lib o’tdi.
Tadbirda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev, ichki ishlar bo’limi boshlig’i Qosimjon Rahimberdiyev, tuman hokimi o’rinbosarlari, bo’lim boshliqlari, mahalla faollari va nuroniylar, maktabning pedagogik jamoasi va talaba yoshlar ishtirok etdilar. Tadbirda so’z olganlar eng avvalo, ikki qardosh xalqning do’stligi va o’zaro bog’liqligi bu ikki millat farzandi ijodi va hayotiga bog’liq ekanligi alohida ta'kidlandi. Ikki qardosh xalqning do’stligi ikki davlat Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning siyosatlari tufayli yangi bosqichga chiqganligi qayd etildi. Maktab o’quvchilari ham shoirlar ijodidan namunalar o’qishdi.
Tadbir davomida tuman hokimi bugungi insonlar ikki shoirning munosib avlodlari sifatida hayotda o’z o’rinlariga ega ekanliklarini ta'kidlab, Demursad mahallasining Simodon kengliklarida bog’ yaratgan Rauf-ota So’fiyev mana shunday insonlardan biri ekanligini e'tirof etdi va bog’bon-otaga o’zining shaxsiy qimmatbaho sovg’asini taqdim etdi. Rauf-ota yetishtirgan olmalar bugun butun dunyo dovrug’iga sazovor bo’lgan. Rauf-ota ham bu e'tibor uchun o’zining minnatdorchiligini izhor etdi.
Shundan so’ng byustning ochilish marosimi bo’lib o’tdi va bu ishga bevosita bosh qo’shgan maktab direktori Ravshanjon Mominjonov va saxovatpesha tadbirkor, byustni shakllanishida moddiy kumak bergan homiy Sharofatxon Shamsiddinova va haykaltarosh Azimjon Shamsiddinovlarga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg’lar taqdim etildi. Tadbir davomida ta'lim va tarbiya ishlarida namuna bo’lgan o’qituvchilar, o’qishda fa'ol bo’lgan talabalarga ham esdalik sovg’alar va faxriy yo rliqlar taqdim etildi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram