JAVPAYANI O’ZLASHTIRISH MAQSADIDA BOSHLANGAN AMALIY ISHLAR DAVOM ETYAPTI
2022-11-11 17:12:14 109
Javpayani o’zlashtirish maqsadida boshlangan amaliy ishlar davom etyapti
Xabaringiz bor, Qal'acha mahallasidagi Javpaya massivida ayni kunda qishloq xo’jaligida foydalanmaydigan yerlarni o’zlashtirish bo’yicha keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu massivda 230 gektardan ziyodroq yer maydoni o’zlashtirilib, barcha mazkur hududda istiqomat qiladigan fuqarolarga taqsimlab beriladi. Albatta, bu ezgu tashabbus xalqimizga qo’shimcha daromad manbaiga ega bo’lishlarini ta'minlaydi. Mazkur hududda yerlarni proportsional taqsimlash va lotlarga ajratish ishlari oxiriga yetkazilib, ayni kunda suv tejovchi texnologiyalarni yo’lga qo’yishga qaratilgan ishlar amalga oshirilyapti.
Mazkur hududda Farg’ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan anor plantatsiyasi tashkil etiladi va bu maqsadga 1 500 000 AQSh dollari yo’naltirilgan. Ayni kunda maxsus texnikalar Javpayaning yuqori qismida hajmi 60x40 metr bo’lgan maxsus hovuz bunyod etishga safarbar etilgan. Tuman sektorlari rahbarlari har kuni mazkur hududda bo’lib, tashkil etiilgan shtab a'zolari bilan uchrashib, amalga oshirilayotgan ishlarni ko’zdan kechirishadi. Viloyatdan massivga barcha zaruriy texnikalar sarfabar etilgan.
So’x daryosidan sug’oriladigan mazkur hudud uchun maxsus suv inshooti qurilmoqda va bu yerda ham ishlar davom etmoqda. Eslatib o’tamiz, Javpaya massivini suv bilan ta'minlash maqsadida davlatimiz tomonidan 21 milliard so’m mablag’ ajratilgan.
Respublika markazidan tomchilatib sug’orish tizimining butlovchi qismlari yetkazib berilgan bo’lib, soha mutahassislari ayni kunda butlovchi qismlarni payvandlash va montaj qilish ishlarini amalga oshirishayotir. Mazkur butlovchi qismlarning qiymati salkam 4 milliard so’mni tashkil etadi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram