SUD MAJLISINING TAYYORLOV QISMI
2022-09-30 19:05:15 204
O’zbekiston Respublikasi JPKning 51-bobida sud majlisining tayyorlov qismi normalari ifodalangan bo’lib, mazkur bobning 428-moddasida: Raislik qiluvchi tayinlangan vaqtda sud majlisini ochadi va qanday jinoyat ishi ko’rilishini e'lon qilishi ifodalangan.
Mazkur bobning 429-moddasida: Sud majlisining kotibi davlat ayblovchisi, jamoat ayblovchisi, sudlanuvchi, himoyachi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar yoki ularning vakillari sudga kelgan-kelmaganligi to’g’risida axborot beradi. Shundan keyin sudga tarjimon, guvohlar, ekspertlar va mutaxassislar kelgan-kelmaganligi tekshiriladi. Kotib hozir bo’lmaganlarning nima sababdan kelmaganligini ma'lum qiladi.
Ishda ishtirok etayotgan shaxslarning kimligi pasport yoki ularning shaxsini guvohlantiruvchi boshqa hujjatlar bo’yicha aniqlanadi.
Mazkur bobning 430-moddasida Raislik qiluvchi tarjimonga ushbu Kodeksning 72-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarini, shuningdek javobgarligini tushuntirishi ko’rsatilgan.
Mazkur bobning 431-moddasida: Raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, kimlar davlat ayblovchisi, jamoat ayblovchisi, himoyachi, jamoat himoyachisi ekanligini, kimlar jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va kimlar ularning vakillari ekanligini, kimlar sud majlisining kotibi, ekspert, mutaxassis, tarjimon ekanligini ma'lum qiladi. Shundan keyin sudlanuvchiga va boshqa taraflarga ularning sudyani, sud tarkibini yoki sudyalardan birortasini, shuningdek taraflardan birortasini rad qilish huquqlarini tushuntiradi.
Sud majlisida zaxiradagi xalq maslahatchisi ishtirok etayotgan bo’lsa, raislik qiluvchi bu haqda e'lon qiladi va uning familiyasini aytadi. Zaxiradagi xalq maslahatchisi ham rad qilinishi mumkin.
Rad qilishlar ushbu Kodeksning 80-moddasida belgilangan qoidalar asosida hal qilinishi ko’rsatilgan.
Mazkur bobning 432, 433-moddalarida: Raislik qiluvchi guvohlarning sud majlisi zalidan alohida xonaga chiqib turishlari to’g’risida farmoyish beradi. Keyinchalik u so’roq qilinmagan guvohlarning so’roq qilingan guvohlar bilan, shuningdek sud majlisi zalidagi boshqa shaxslar bilan muloqotda bo’lmasligi choralarini ko’radi.
Sudga chaqirilgan protsess ishtirokchilaridan birortasi kelmagan taqdirda sud jinoyat ishini muhokama qilish mumkinligi yoki mumkin emasligi to’g’risida taraflarning fikrini eshitadi va muhokamani davom ettirish yoki uni keyinga qoldirish to’g’risida ajrim chiqaradi.
Muhokamani keyinga qoldirish to’g’risida ajrim chiqarilgan taqdirda sud hozir bo’lgan guvohlar va ekspertni so’roq qilishi mumkin. Basharti keyinchalik ish sudning yana o’sha tarkibida yoki o’sha sudya tomonidan ko’riladigan bo’lsa, protsessning mazkur ishtirokchilari sud majlisiga ikkinchi marta faqat zarurat tug’ilgan hollarda chaqirilishi mumkinligi ifodalangan.
Mazkur bobning 434-moddasida: Raislik qiluvchi sudlanuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug’ilgan yili, oyi, kuni va joyini, yashab turgan joyi, mashg’uloti, ma'lumoti, oilaviy ahvoli va uning shaxsiga daxldor boshqa ma'lumotlarni so’rab, uning shaxsini aniqlaydi.
So’ngra raislik qiluvchi sudlanuvchidan ayblov xulosasining va ayblov dalolatnomasining nusxasi, shuningdek ushbu Kodeks 388-moddasining ikkinchi qismida sanab o’tilgan protsessual hujjatlarning nusxalari unga topshirilgan-topshirilmaganligini va aynan qachon topshirilganligini so’raydi. Bu hujjatlarning nusxalari topshirilmagan yoki sud majlisi boshlanishiga uch sutkadan kam muddat qolganda topshirilgan bo’lsa, ishni muhokama qilish keyinga qoldirilishi lozimligi qayd etilgan.
Mazkur bobning 435, 436, 437-moddalarida: Raislik qiluvchi sudlanuvchining shaxsini aniqlaganidan keyin unga ushbu Kodeksning 46-moddasida nazarda tutilgan sud muhokamasidagi huquqlarini tushuntiradi. So’ngra sudlanuvchidan ana shu huquqlarning har birini tushungan yoki tushunmaganligini so’raydi. Basharti sudlanuvchi salbiy javob bersa, raislik qiluvchi uning yoshini, umumiy zakovat darajasini, ruhiy va jismoniy holatini e'tiborga olib, unga huquqlarini qaytadan tushuntiradi.
Raislik qiluvchi jamoat ayblovchisiga, jamoat himoyachisiga, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillariga ushbu Kodeksning tegishlicha 43, 44, 55, 57, 59, 61 va 63-moddalarida nazarda tutilgan sud muhokamasidagi huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi.
Raislik qiluvchi ekspertga va mutaxassisga ularning ushbu Kodeksning tegishlicha 68 va 70-moddalarida nazarda tutilgan sud muhokamasidagi huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi.
Shuningdek mazkur bobning 438-moddasida esa:
Sud majlisining tayyorlov qismi iltimoslar bor-yo’qligini aniqlash bilan yakunlanadi. Raislik qiluvchi taraflardan yangi guvohlar, ekspertlar yoki mutaxassislar chaqirish, ashyoviy dalillar va hujjatlar talab qilib olish to’g’risida ularning iltimoslari bor-yo’qligini so’raydi. Iltimos qiluvchi taraf qo’shimcha dalillar aynan qaysi holatlarni aniqlash uchun zarurligini ko’rsatishi shart.
Taraf arz qilgan har bir iltimosni muhokama qilib, sud boshqa tarafning fikrini tinglaydi va basharti, iltimos ish uchun ahamiyatli bo’lgan holatlarni aniqlashga qaratilgan bo’lsa, uni qanoatlantiradi, aks holda qanoatlantirishni rad etadi.
Iltimosning rad etilishi sud muhokamasi davomida tarafni keyinchalik boshqa asoslarga ko’ra yana shu iltimos bilan murojaat etish huquqidan mahrum qilmaydi.
Sud o’zining tashabbusi bilan yangi guvohlarni chaqirish, ekspertiza tayinlash, hujjatlarni va boshqa qo’shimcha dalillarni talab qilib olish to’g’risida ajrim chiqarishga haqlidir.
Basharti sud qo’shimcha dalillarni tekshirishni lozim deb topsa, sud majlisiga yangi guvohlar, ekspertlar kelishini yoki hujjatlar talab qilib olinishini ta'minlash choralarini ko’rib, ayni chog’da muhokamani yo davom ettiradi yoki uni keyinga qoldirishi ko’rsatilgan.
B.Mamajonov - Jinoyat ishlari bo’yicha
Farg’ona tuman sudining sudyasi
N.Jumaboyeva - Jinoyat ishlari bo’yicha
Farg’ona tuman sudining sudya yordamchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram