Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 73 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

JAMOAT TARTIBIGA QARSHI JINOYATLAR TURKUMIDAN - BEZORILIK JINOYATI TUSHUNCHASI VA BU JINOYATNING ALOHIDA O’ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

×

 2022-09-30 19:01:16    168

PDF yuklash
Chop etish


Jamoat tarti­bi-odamlar o’rtasidagi munosabat­larni, xavfsizlik va fuqarolar tinchligini ta'minlovchi, o’zgalar mulkini saqlash, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, ja­moat va davlat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar, tashki­lotlarning bir me'yorda ishlashini ta'minlashga qaratilgan ax­loq va huquq normalariga asoslanuvchi tartib.

Ob'ektiv tomondan bezorilik jami­yatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do’pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o’zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish natijasida ancha miqdorda zarar yetka­zishda aks etadi.

Jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik de­ganda qonunlarga, axloq-odob normalariga, jamiyatda mavjud bo’lgan urf-odat va an'analarga hurmatsizlik tushuniladi.

Jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik mo’ljallanmagan joylarda alkogolli ichimliklarni ichish, fuqa­rolarga haqoratomuz muomala va shilqimlik qilish, uyat so’zlar bilan so’kinish, jamoat joylarida ochiqchasiga hojat chiqarish, yalang’och holda bo’lish, hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo’lish, o’simliklarga zarar yetkazish va hokazolarda ifodalanadi.

Jamiyatdagi yurish-turish qoidalarining buzilish fakti o’z-o’zidan ji­noyat qonuniga muvofiq jazoga loyiq bo’lgan bezorilik tarkibini tashkil etmaydi, balki ma'muriy huquqbuzarlikni tashkil etadi.

Sudlar bezorilik jinoyati bilan ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanmish mayda bezorilikni bir-biridan farqlashlari zarur. Mayda bezorilik tushunchasi O’zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 183-moddasida berilgan bo’lib, uning mazmuniga ko’ra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli so’zlar aytish yoki shunday so’zlar bilan so’kinish, behayo qiliqlar ko’rsatish yoxud odamlarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini ochiqdan-ochiq mensimaslik harakatlarida ifodalanadi. Bunda JK 277-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy oqibatlar mavjud bo’lmasligi kerak. Guruh tomonidan sodir etilgan mayda bezorilikni, basharti, ularning harakatida JK 277-moddasining 1-qismi alomatlari bo’lmasa, JK 277-moddasi 2-qismining "b" bandi bilan kvalifikatsiya qilish mumkin emas.

Shuningdek, xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mayda bezorilik ham o’z-o’zidan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.

Agarda mayda bezorilik harakatlari davom etib, aybdorning keyingi harakatlari shaxsni urish-do’pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan bo’lsa, shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat JK 277-moddasi bo’yicha jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish bilan urish-do’pposlash yoki badanga yengil shikast yetkazish yoxud o’zganing mulkini nobud qilish yoki unga shikast yetkazish o’rtasidagi aloqa bezorilik ob'ektiv tomonining muqarrar belgisi hisoblanadi.

Ko’rib chiqilayotgan modda ma'nosida urish-do’pposlash deganda aybdor tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, shaxsning badaniga shikast yetkazmagan holda bir necha zarba berish tushuniladi.

Bezorilikni sodir etish chog’ida badanga yengil shikast yetkazish sog’liqning buzilishiga olib kelishi ham, olib kelmasligi ham mumkin.

JK 277-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan va urish-do’pposlash, badanga yengil shikast yetkazish bilan bog’liq bo’lgan bezorilik urish-do’pposlash yoki badanga yengil shikast yetkazish amalga oshirilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. O’zganing mulkiga shikast yetkazish yoki nobud qilish bilan bog’liq bo’lgan jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish ancha miq­dorda zarar yetkazish tarzidagi oqibatlar yuz bergan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.

Sub'ektiv tomondan bezorilik to’g’ri qasd bilan sodir etiladi. Aybdor jamoat tartibini buzayotgani, urib-do’pposlayotgani, badanga shikast yetkazayotgani yoki o’zganing mulkini nobud qilayotgani yoki unga shikast yetkazayotganini anglaydi va bu harakatlarni amalga oshirishni istaydi.

Mazkur jinoyatning motivi bezorilik, ya'ni jamiyatga ochiqdan-ochiq hurmatsizlik motivi bo’lib, u o’zini atrofdagilarga g’ayriqonuniy qarshi qo’yishda, o’zining alohida shaxsiyatini namoyon qilishda, dag’al kuchni namoyish etishda aks etadi. Bunda jinoiy harakat qanday predmetga qaratilganligi va u qaysi ijtimoiy munosabatlar tizimida amalga oshirilayotganligi ahamiyatga ega emas.

Jamiyatga ochiqdan-ochiq hurmatsizlik deganda umum e'tirof etilgan, axloq, hukmron odatlar, an'analar bilan mustahkamlangan xulq-atvor qoidalari va me'yorlarini namoyishkorona mensimaslikni tushunish lozim.

Bezorilik niyati jinoiy qilmishning o’zi, jamoat tartibini buzish sub'ektga lazzat baxsh etishini anglatadi.

Bezorilikning maqsadi - dag’al zo’rlik ishlatish yo’li bilan jabrlanuvchini esankiratib qo’yish, uning irodasini sindirish, uni o’z hukmiga bo’ysundirish.

O’n olti yoshga to’lgan har qanday aqli raso jismoniy shaxs JK 277-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan bezorilikning sub'ekti hisoblanadi, ko’rib chiqilayotgan moddaning 2 va 3-qismlari bo’yicha esa o’n to’rt yoshga to’lgan shaxslar ham shunday sub'ekt sifatida e'tirof etilishi mumkin.

 

 

X.Xoliqov - Jinoyat ishlari bo’yicha

Farg’ona tuman sudining raisi



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram