Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 62 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

TADBIRKORLARNING MULK HUQUQINI HIMOYA QILISH KUCHAYTIRILDI

×

 2022-09-29 13:44:36    147

PDF yuklash
Chop etish


Prezident tomonidan 24.08.2022 yildagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo’l qo’ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-198-sonli Farmon imzolandi.

Hujjat 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi bir qator tartib va talablarni bekor qiladi. Ular mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini to’liq amalga oshirishga to’sqinlik qilayotgani qayd etilgan.

Xususan, yer uchastkalariga bo’lgan huquqdan foydalanish, uy-joyga bo’lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo’lgan yer uchastkalari, bino va inshootlar, transport vositalaridan foydalanishga, shuningdek, korporativ munosabatlarga doir cheklovlar bekor qilinadi.

Mulkka bo’lgan huquqni uni vujudga keltirgan hujjatni bekor qilish orqali tugatish mumkin emas. Agar hujjat noqonuniy qabul qilingan bo’lsa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini yaratish uchun 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi tartib, talab va cheklovlar bekor qilinadi:

er uchastkalariga bo’lgan huquqlardan foydalanish sohasida:

·        er uchastkalariga bo’lgan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo’lgan hujjatlarni prokuror protesti asosida bekor qilish yo’li bilan yer uchastkasiga bo’lgan huquqni tugatish, bundan ushbu hujjatlarni sud tomonidan bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish holatlari mustasno;

·        er uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda unga bo’lgan huquqning bekor qilinishini Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan rasmiylashtirish. Bunda, yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to’g’risida notarial tasdiqlangan ariza ushbu yer uchastkasiga bo’lgan huquqlarni bekor qilish uchun asos bo’lib hisoblanadi;

·        yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan uning yer uchastkasiga (qishloq xo’jaligi yerlaridan tashqari) bo’lgan huquqlarini bekor qilish. Bunda, ushbu huquqlar yuridik shaxs muassislariga (ishtirokchilarga), agar qonunchilikda, ta'sis hujjatlarida yoki muassislar o’rtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha shartlar nazarda tutilmagan bo’lsa, ularning yuridik shaxsdagi ulushiga (qo’shilgan hissasiga) mutanosib ravishda o’tkaziladi;

·        er uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo’yishda kompensatsiya sifatida davlat mulkidagi boshqa ko’chmas mulk ob'ektini mulk qilib berish, bundan ko’p kvartirali uylarda joylashgan turar joy ob'ektlari mustasno;

turar joyga bo’lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirish sohasida:

·        turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo’lmagan shaxslarni ushbu turar joydan doimiy ro’yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish, bundan taraflar o’rtasida boshqacha kelishuv tuzilgan holatlar mustasno;

·        sud tomonidan turar joyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan boshlab uch yil o’tgach natura shaklida talab qilib olish;

jismoniy va yuridik shaxslarga mulk huquqi bilan tegishli bo’lgan bino va inshootlar, transport vositalaridan foydalanish sohasida:

·        mulkiy huquqlarning vujudga kelishi uchun asos bo’lgan ma'muriy hujjatlarni, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yo’li bilan huquqlarni tugatish, bundan ushbu hujjatlarni sud tomonidan bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish holatlari mustasno;

korporativ munosabatlar sohasida:

·        davlat organlari tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalar mol-mulkini tasarruf etish bo’yicha hujjatlar qabul qilish. Bunda, xo’jalik jamiyatining ustav fondidagi (kapitalidagi) davlat ulushiga (aktsiyalariga) egalik qiluvchi davlat organlari ulushdor (aktsiyador) sifatida qarorlar qabul qilishni (ovoz berishni) yuqori turuvchi davlat organi bilan yozma tarzda kelishib olishi mumkin;

·        yuridik shaxslarning ustav fondidagi (kapitalidagi) garovga qo’yilgan ulushlarni (qo’shilgan hissalarni) garovga oluvchining roziligisiz tasarruf etish amaliyoti. Bunda, mazkur rozilik olinmaganligi ta'sis hujjatlariga kiritilgan o’zgartirishlarni davlat ro’yxatidan o’tkazishni rad etish uchun asos bo’lib hisoblanadi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar natijasida yetkazilgan zararlar respublika va hududiy kompensatsiya jamg’armalari mablag’lari hisobidan qoplab beriladi:

·        ko’chmas mulk ob'ektlariga bo’lgan huquqlarning Davlat reestriga noqonuniy yoki haqiqatga to’g’ri kelmaydigan ma'lumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar;

·        davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida mulkdorga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zarar;

·        tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar va ma'naviy ziyon.

O’ylaymizki, ushbu Farmon mulk huquqini yuksak qadriyat sifatida davlat organlari tizimida to’liq ro’yobga chiqarishga katta hissa qo’shadi va mulkiy huquqlarning davlat tomonidan kafolatlanishiga bo’lgan ishonchni mustahkamlaydi


Mirzamatov Shokirjon Mamadaliyevich - Rishton tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi                                                                    



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram