TUMANIMIZNING QISHLOQ XO’JALIGIDA FOYDALANMAYDIGAN YERLARNING TUPROQ VA IQLIM SHAROITI OLIMLAR TOMONIDAN O’RGANILMOQDA
2022-09-22 20:06:40 242
Xabaringiz bor, Farg’ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan Qal'acha mahallasining Javpaya massividagi mavjud yerlarni o’zlashtirish bo’yicha boshlangan ezgu ishlar o’zining mantiqiy davomini topmoqda. Viloyatimizning turli shahar va tumanlaridan safarbar etilgan texnikalar yordamida ayni kunda mazkur hududda yerlarni ekishga tayyorlash ishlari amalga oshirilayotir.
Qishloq xo’jaligida foydalanmaydigan yerlarni o’zlashtirish bo’yicha tuzilgan shtab vakillari tomonidan olib borilayotgan ishlar to’liq nazoratga olingan. Quvonarlisi shundaki, Javpaya massividagi yerlarni o’zlashtirish va bu hududda qishloq xo’jaligi kooperativi tashkil etish ustida Respublika miqyosidagi idora va tashkilotlar, oliy ta'lim muassasalari olimlari ham ish olib borishyapti.
Tumanimizga tashrif buyurgan Respublika sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari mazkur ta'lim dargohi direktori R. Nizomov boshchiligida Javpaya massivida bo’ldilar. Hududning yer va iqlim sharoiti mevali daraxtlardan anor yetishtirish uchun qulayligi aniqlandi va boshqa meva va poliz ekinlarini ekishni rejalashtirish maqsadida Javpaya tuprog’idan laborator tahlillar uchun namunalar olindi.
Institut rahbarining so’zlariga ko’ra, Javpaya massividagi 201 gektar yer maydoniga xalqaro moliya institutlari mablag’lari hisobidan anorzor plantatsiyasi tashkil etiladi. – Bizning yana bir asosiy maqsadimiz tumanda kartoshka urug’chiligini yo’lga qo’yishdan iborat. Bu maqsadga ham xalqaro moliya institutlari mablag’lari jalb etiladi. Bu degani tumanda kartoshka urug’chiligin yetishtirish bo’yicha institut filiali tashkil etiladi va sohada yangi ish o’rinlari yaratiladi, - deydi institut direktori.
Shuningdek, viloyat vakillari hamrohligida olimlar Qayroq massivida ham bo’lishdi. Ushbu hududda ham o’rganishlar olib borilib, Qayroq massivining yer maydonlari ko’zdan kechirildi va yangi g’oyalar ustida ishlashga kelishib olindi.
“So’x” shirkat xo’jaligi mirishkorlari bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda kartoshka ekish agrotexnikasi bo’yicha tavsiyalar berildi. Tumanda asosan mahalliy urug’lardan foydalanib sohani rivojlantirish maqsadga muvofiqligi alohida ta'kidlandi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram