Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 107 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

KORRUPTSIYA KELAJAKKA TAHDID!!!

×

 2022-09-19 14:32:07    129

PDF yuklash
Chop etish


Ma'lum bir davlatda kelajakka bo’lgan ishonchi ushbu davlat rivojlanishiga va xalqining hayot darajasi o’sishiga ta'sir etuvchi omillardan biri sifatida mazkur mamlakatda korruptsiya bo’lmish illatga nisbatan qarshi kurashish qay darajada tashkil etilganligi bilan baholanadi.

Xususan, davlatda porloq kelajak yaratishda ushbu davlat xalqida korruptsiyaning ma'nosi, uning turlari haqida, korruptsiyaga duch kelingan vaziyatda qanday harakatlar qilinishi lozimligi haqida yetarlicha bilimlar borligi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, davlatning korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tashkil etishi borasidagi vazifasi mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashish choralarini o’z normativ huquqiy hujjatlarida aks etilishi va ushbu sohada tegishli davlat idoralarining faoliyatini tashkil etilishi bilan ifodalanadi.

Xo’sh, davlat va jamiyat rivojiga, uning kelajagiga tahdid soladigan korruptsiya o’zi nima? U qonday holatlarda namoyon bo’ladi? - degan savollar va ularga javoblarni quyida yoritib o’tamiz.

Korruptsiya – lotincha “corruptio” so’zidan olingan bo’lib, “buzish”, “sotib olish”, “poraga sotilish” ma'nolarini anglatadi.

Korruptsiya — shaxsning o’z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o’zga shaxslarning manfaatlarini ko’zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishda namoyon bo’ladi.

Korruptsiya o’z o’rnida manfaatlar to’qnashuvi natijasiga yuzaga keladi.

Manfaatlar to’qnashuvi esa — shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko’rsatayotgan yoxud ta'sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o’rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo’lgan vaziyat hisoblanadi.

Korruptsiya hal etilishi lozim bo’lgan dunyo miqyosidagi global muammolardan biridir. Korruptsiya natijasida har qanday davlat va jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishiga putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo’lishiga asos bo’ladi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish dunyo miqyosida muhim ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan bo’lib, bu borada ko’plab xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ushbu hujjatlardan biri sifatida Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 2003 yil 31 oktyabrda qabul qilgan “Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi”ni keltirish mumkin. Ushbu konventsiyani ishlab chiqishda 130 dan ortiq davlat jalb etilgan. O’zbekiston Respublikasi tomonidan ushbu konventsiya 2008 yil 7 iyulda ratifikatsiya qilingan.

Ta'kidlash joizki, O’zbekiston Respublikasida mamlakatning rivojlanish sari kelajagiga tahdid bo’lgan korruptsiyani oldini olish, korruptsiya bilan murosasiz kurashish borasida ko’plab qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, maxsus vakolatli davlat idoralari tashkil etilgan. Xususan, Prezidentimizning qarori bilan O’zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgan. Agentlik korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta'minlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas'ul bo’lgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Ta'kidlash lozimki, davlat va jamiyat kelajagiga bo’lgan tahdid korruptsiyani oldini olish, korruptsiya bilan murosasiz kurashish nafaqat davlat idoralari va tashkilotlari bilan cheklanib qolmasligi, balki jamiyatdagi har bir insonning va jamoat tashkilotlarining harakatlari ham alohida ahamiyatga ega. Xususan, fuqarolarning o’z salohiyatlari ustilarida ishlashlari, o’zlarining qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlarini o’rganishlari va ularni ro’yobga chiqarishda qonunchilikda belgilangan tartibda harakat qilishlari, davlat va jamiyat hayotidagi mavjud muammolarni hal etishda o’zlarining takliflarini berishlari va tashabbus bilan chiqishlari, ushbu taklif va tashabbuslarini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishlari orqali korruptsiyaga qarshi kurashishda o’z hissalarini qo’shadilar.

Zero, taraqqiyot kushandasi bo’lmish korruptsiyaga qarshi kurashish orqali har bir fuqaro O’zbekistonning porloq kelajagiga, uning rivojiga va katta hissa qo’shgan bo’ladi.

 

Ergashev Umidjon - Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi raisi



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram