KORRUPTSIYA — TARAQQIYOT KUSHANDASI!!!
2022-09-15 13:03:13 129
Korruptsiya – lotincha “corrumpo” so’zidan olingan bo’lib, “aynish”, “poraga sotilish” ma'nolarini anglatadi.
Korruptsiya — shaxsning o’z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o’zga shaxslarning manfaatlarini ko’zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishda namoyon bo’ladi.
Korruptsiya o’z o’rnida manfaatlar to’qnashuvi natijasiga yuzaga keladi.
Manfaatlar to’qnashuvi esa — shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko’rsatayotgan yoxud ta'sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o’rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo’lgan vaziyat hisoblanadi.
Korruptsiya hal etilishi lozim bo’lgan dunyo miqyosidagi global muammolardan biridir. Korruptsiya natijasida har qanday davlat va jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishiga putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo’lishiga asos bo’ladi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish dunyo miqyosida muhim ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatning asosiy yo’nalishlaridan biri hisoblanib, bu borada ko’plab qonun hujjatlari qabul qilingan hamda qonunchilik bilan korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari etib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o’z vaqtida aniqlash, ularga chek qo’yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini ta'minlash iboratligi belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O’zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgan. Agentlik korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta'minlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas'ul bo’lgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Ta'kidlash joizki, xalqning davlat idoralariga bo’lgan ishonchi va ko’magi natijasi o’laroq davlat va jamiyat rivoj topib borishini tarixning o’zi isbotlab kelmoqda. Ho’sh, xalqning davlat idoralariga bo’lgan ishonchni nimaga asoslanadi. Albatta bu — fuqarolarning qonunlarda belgilangan huquqlarining yuzaga chiqishi va ulardan foydalanishdagi to’sqinlik va qiyinchiliklarning yo’qligida, mavjud huquqlar buzilgan taqdirda, ularning tiklanishida hamda ushbu huquqlarning buzilishiga sabab bo’lgan holatlarning bartaraf etilishida namoyon bo’ladi. Xalqning ko’magi bo’lmaganida davlat va jamiyat rivoj topmas edi. Xo’sh xalqning ko’magi nimalarda namoyon bo’ladi. Aytish lozimki bu borada ko’plab misollar keltirish mumkin.
Xususan, fuqarolarning o’z salohiyatlari ustilarida ishlashlari, o’zlarining qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlarini o’rganishlari va ularni ro’yobga chiqarishda qonunchilikda belgilangan tartibda harakat qilishlari, davlat va jamiyat hayotidagi mavjud muammolarni hal etishda o’zlarining takliflarini berishlari va tashabbus bilan chiqishlari, ushbu taklif va tashabbuslarini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishlarida namoyon bo’ladi. Ta'kidlash lozimki, xalqning davlat idoralariga bo’lgan ko’magi nafaqat davlat idoralarining rivoj topishiga, balki xalq hayotining rivoj topishiga asos bo’lib, korruptsiyaga qarshi kurashishdagi asosiy omil hisoblanadi.
Shunday ekan, taraqqiyot kushandasi bo’lmish korruptsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat idoralari va tashkilotlarining vazifasi balki, O’zbekiston xalqi bo’lmish barcha fuqarolarning burchi hisoblanadi. Zero, yuksak huquqiy ong va huquqiy madaniyatga ega bo’lgan har bir inson o’z huquqlaridan foydalanish va majburiyatlarini bajarishda qonunbuzilishiga yo’l qo’ymaydi.
Xakimov Abdulaziz Qosimjon o’g’li - Rishton tumanlararo
iqtisodiy sudi sudya yordamchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram