IQTISODIY SUDLARDA SODDALASHTIRILGAN TARTIBDA ISH YURITISH
2022-09-10 15:27:54 157
SAVOL: Qanday ishlar iqtisodiy sudlarda soddalashtirilgan ish
yuritish tartibida ko’rib chiqiladi?
JAVOB:
O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining
2032-moddasiga asosan: agar da'voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan (6 000 000 so’m), yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa — besh baravaridan (1 500 000 so’m) oshmasa, da'vo arizalari bo’yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko’rib chiqiladi.
Bunda da'vo arizasi O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 149-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo’lishi kerak va da'vo arizasiga O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 151-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinadi.
Da'vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo’zg’atish to’g’risida sud ajrim chiqaradi, ajrimda ish soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko’rilishini hamda ish ko’rib chiqiladigan sanani ko’rsatadi.
Javobgar da'vo arizasi yuzasidan yozma fikrini da'vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo’zg’atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran o’n besh kunlik muddatda sudga o’zi asoslanayotgan hujjatlar
va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli. Yozma fikrga uning ko’chirma nusxasi da'vogarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Da'vo arizasi yuzasidan yozma fikr javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga ishonchnoma ilova qilinadi.
Soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish da'vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo’zg’atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran yigirma kundan oshmagan muddatda da'vo arizasi yuzasidan yozma fikrni, dalillarni hamda boshqa hujjatlarni taqdim etish uchun belgilangan muddat o’tganidan keyin sudya tomonidan yakka tartibda ko’rib chiqiladi.
Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko’rib chiqish muddati uzaytirilmaydi.
Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini o’tkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan ko’rib chiqadi.
Sud taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntirishlarni, e'tirozlarni va (yoki) vajlarni tekshiradi, dalillar bilan tanishadi, ashyoviy dalillarni ko’zdan kechiradi va hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Korporativ nizolar bo’yicha ishlar, huquqiy ta'sir choralarini qo’llash to’g’risidagi ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko’rib chiqilmaydi.
Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko’rib chiqilgan ish bo’yicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmagan bo’lsa, qabul qilinganidan keyin o’n kun o’tgach qonuniy kuchga kiradi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan bo’lsa, apellyatsiya instantsiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e'tiboran qonuniy kuchga kiradi.
Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko’rib chiqilgan ish bo’yicha hal qiluv qarori sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida majburiy ijro etilishi lozim.
MO’MINJON UMAROV - Farg’ona viloyat sudining
iqtisodiy ishlar bo’yicha sudyasi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram