Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 76 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

KREDIT SHARTNOMASI VA UNING MOHIYATI

×

 2022-09-07 09:12:30    124

PDF yuklash
Chop etish


Bugungi kunda sudlarda kredit va qarz munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan murojaatlar soni ko’paygan. Ta'qidlab o’tish joizki, jismoniy va yuridik shaxslar biror bir moliyaviy maqsadiga tezroq erishish masalasini bankdan kredit olish orqali hal qilishga harakat qiladi. Shunga ko’ra, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bank kreditlaridan ko’plab foydalanilmoqda

Kredit munosabatlari kreditor va qarz oluvchi o’rtasida kredit shartnomasi tuzish orqali amalga oshiriladi. Kredit shartnomasi bu qarzning alohida, mustaqil ko’rinishidan biri bo’lib, shu o’rinda uning tushunchasiga ta'rif berishimiz joiz.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 744-moddasida kredit shartnomasining tushunchasi belgilangan bo’lib, unga ko’ra kredit shartnomasi bo’yicha bir taraf - bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablag’lari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar to’lash majburiyatini oladi.

Qonun talabiga ko’ra kredit shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart. Yozma shaklga rioya qilmaslik kredit shartnomasining haqiqiy bo’lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o’z-o’zidan haqiqiy bo’lmaydi.

Kredit shartnomasi kreditorga ham, qarz oluvchiga ham majburiyatlar yuklaydi. Har bir tomon ikkinchi tomon foydasiga majburiyat oladi, masalan, kreditor qarz oluvchiga pul summasini berishga majbur va kelishilgan muddat o’tganida, berilgan kredit summasi hamda unga hisoblangan foizlarini talab qilish huquqiga ega, qarz oluvchi esa kredit shartnomasida nazarda tutilgan kredit summasini berilishini talab qilish huquqiga ega bo’lib shu bilan birga berilgan kredit summasini kelishilgan muddatda ustamasi bilan qaytarishga majburdir.

Taraflar o’rtasida tuzilgan kredit shartnomasida kreditning maqsadi, ya'ni nima maqsadda kredit mablag’i ajratilayotganligi, kreditning shartlari, shartnomaning amal qilish muddati, taraflarning huquq va majburiyatlari, kredit qaytarilishini ta'minlanishi, nizolarni hal etish tartibi ko’rsatiladi. Shuningdek taraflar o’rtasida tuzilgan kredit shartnomasida kreditni qaytarish jadvali ham ko’rsatiladi yoki kreditni qaytarish jadvali taraflar o’rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga ilova qilinadi.

Qarz oluvchi kredit shartnomasida ko’rsatilgan kredit mablag’ini kreditni qaytarish jadvali asosida o’z vaqtida to’lab borishi shart. Aks holda kreditor qarzdorga nisbatan kredit shartnomasi bo’yicha yuzaga kelgan kredit va unga hisoblangan foizlarni undirish, taraflar o’rtasida tuzilgan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, undiruvni garovga qo’yilgan mol-mulklarga qaratish talablari bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 746-moddasida, kredit berish yoki olishdan bosh tortish tartibi belgilangan bo’lib, unga ko’ra, kreditor qarz oluvchini to’lovga qobiliyatsiz deb hisoblasa, qarz oluvchi kreditni ta'minlash majburiyatlarini bajarmasa, shartnomada nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzsa, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda qarz oluvchiga kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditni berishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli.

Qarz oluvchi kredit olishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli. Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, qarz oluvchi bu haqda kreditorni kredit shartnomasida belgilab qo’yilgan kredit berish muddatiga qadar xabardor qilishi shart. Qarz oluvchi kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzgan taqdirda kreditor shartnoma bo’yicha qarz oluvchini bundan buyon kreditlashni to’xtatishga haqli.

Xulosa o’rnida aytadigan bo’lsak, kredit tashkiloti tomonidan qarz oluvchiga ajratilayotgan kredit mablag’laridan qarz oluvchi maqsadli foydalanishi, shuningdek kredit shartnomasi orqali taraflar zimmasiga yuklatilgan huquq va majburiyatlarni o’z vaqtida bajarilishi kredit shartnomasining muhim omillaridan biri hisoblanadi.

 

Ummatova Mavludaxon Qodirovna - Farg’ona viloyat

                          sudining iqtisodiy

                                              ishlar bo’yicha sudyasi


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram