Mahallalarimizda to'y-hashamlarni o'tkazilishi ham tartibga solinadimi?
2022-08-03 13:42:05 104
Mahallalarimizda to'y-hashamlarni o'tkazilishi ham tartibga solinadimi?
Kuz fasli yaqinlashgani sari xalqimizning sa'y-harakati, shirin tashvishlari ham ko'payadi. Bir tomondan bahorda ekilgan ne'matlar sarhisobi, ikkinchi tomondan olingan foyida hisobidan to'ylar o'tkazish, ya'ni yoz fasli bizning tumanda to'y-hashamlar mavsumi hisoblanadi. Xo'sh, bu yilgi mavsumda So'x tumanida to'y-hashamlar qay tartibda, qanday o'tkaziladi? Albatta, bu savol barchani birdek qiziqtirishi tabiiy hol.
Ayni shu masalaga bag'ishlab Istiqlol mahalla fuqarolar yig'inida yig'ilish o'tkazildi. Tuman madaniyat markazida o'tkazilgan mazkur tadbirda mahallaning ahli ishtirok etdilar. Tuman hokimi o'rinbosari, oila va xotin-qizlar bo'limi boshlig'i Madinaxon Safarova, tuman mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash bo'limi boshlig'i Abdushukur Turaboyevlar qatnashgan mazkur tabdirda to'y-hasham va oilaviy marosimlarni o'tkazish tartibi muhokama etildi.
Mazkur tadbirda so'z olganlar to'y-hashamlarni o'tkazish eng dolzarb va muhim mavzu ekanligi, muammoligi, har yili bu bo'yicha tadbirlar o'tkazilishi va tadbirdan so'ng yana to'y o'tkazilishida tartib-qoidalrga rioya etmaslik holatlari ko'p uchrayotgani xususida gapirishdi. Darhaqiqat, to'y-hashamlarni ixcham o'tkazish, isrofgarchilikka yo'l qo'ymaslik fuqarolar manfaatini ko'zlab amalga oshirilishi bilan ham ahamiyatlidir. Biroq, ba'zi fuqarolar bunday tartib-qoidalarga rioya etmasligini qanday tushunish mumkin? Bu to'qlikka sho'hlik emasmi?
Mana shu kabi savollarga mazkur tadbirda javob izlandi. Ko'p muzokaralar va fikr-mulohazalar asosida mahallaning to'y-hasham va oilaviy marosimlarni o'tkazish bo'yicha yagona tartibi qabul qilindi.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati