Sohibkorda tuman hokimi maktab bitiruvchilari bilan uchrashdi
2022-06-30 18:14:46 142
Sohibkorda tuman hokimi maktab bitiruvchilari bilan uchrashdi
Ayni kunda viloyatimizning barcha hududlarida hokim va bitiruvchilar uchrashuvi tashkil etilib, o'tkazilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari raisligida 2022 yil 15 iyunь kuni aholini kasb-hunarga o'qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida hokimlarning ta'lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuvlarini tashkil etish, ularning bandligini ta'minlash, muammolarini hal etish topshirig'i berilgan edi.
Sohibkor mahallasidagi 27-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida bo'lib o'tgan uchrashuvda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev mazkur hududning 19, 24 va 27-sonli umumta'lim maktablari bitiruvchilari bilan uchrashdi va ularning muammolari va kamchiliklari ochiq muloqot tarzida muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida tuman hokimi O'zbekistonda Prezidentimiz rahnamoligida ta'lim sohasiga berilayotgan e'tibor, sohani rivojlantirish va yangi O'zbekistonni barpo etishda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirdi.
Ochiq muloqot jarayonida har bir bitiruvchining qiziqishi va kelgusidagi rejalari bilan tanishgan tuman hokimi kasb tanlashda adashmaslik, sevgan sohani o'zlashtirishda astoydil harakat qilish, Vatan ravnaqi va uning taraqqiyotiga hissa qo'shishdek ezgu maqsad har bitiruvchi qalbida har doim jo'sh o'rib turishini ta'kidladi. Bilim va kasb cho'qqilarini zabt etilishida davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan har bir e'tibor va imkoniyatdan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi.
Ochiq muloqot jarayonida bitiruvchilarni kasbga yo'naltirish borasida ham gapirildi. O'quvchilarga tumanda ishsiz fuqarolarga yaratib berilayotgan sharoitlar, yangi ish o'rinlarni yaratishda tadbirkorlar tashabbuslari yuzasidan ma'lumot berildi.
Devayron mahallasida faoliyat olib borayotgan “Tristar GO” tekstil korxonasi rahbari barcha ishtirokchilarga mazkur korxonadagi sharoitlar va ishlash uchun yaratib berilgan qulayliklar haqida gapirdi. O'quvchilar, ayniqsa, yosh qizlarni kasbga o'qitish va buning uchun beriladigan subsidiyalar haqida ham bitiruvchilarga ma'lumotlar berildi.
Aytish lozimki, tuman hududida “Hokim va bitiruvchilar” uchrashuvi viloyat hokimi ko'rsatmasiga asosan 27 iyulьga qadar davom etadi. Uchrashuvlarni tashkil etish va yuqori saviyada o'tkazish maqsadida 29 nafardan iborat muvofiqlashtirish shtabi ham tashkil etilgan.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati