Yana uch nafar fuqaroga O'zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti topshirildi
2022-06-30 18:10:10 122
Yana uch nafar fuqaroga O'zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti topshirildi
Tuman madaniyat markazida Farg'ona viloyati hokimi o'rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig'i Kavlanova Kamila Anvarovna, tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev, tuman sektorlar rahbarlari ishtirokida tadbir bo'lib o'tdi.
Tadbirda uch nafar "fuqaroligi yo'q shaxs" maqomida bo'lgan fuqarolarga O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLIK PASPORTI tantanali tarzda topshirildi.
Tadbir avvalida so'z olgan tuman hokimi shu kungacha tumanimizda 211 nafar fuqarolarga O'zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti berilganligi va bu davlatimiz rahbarining alohida e'tibori tufayli amalga oshirilayotganini alohida ta'kidladi.
Tadbir davomida Komila Kavlanova va tuman sektorlari rahbarlari Toshibek Abdullayev, Rahimjon Toshboyev, Bog'iniso Ziyoyevalarga O'zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini topshirdilar.
- Mana 25 yildirki, o'z yaqinlarimni, ota-onamni, qarindosh-urug'larimni ko'ra olmayman. "Fuqaroligi yo'q shaxs" maqomida bo'lganligim sababli hatto yaqinlarimning ta'ziya marosimiga ham bora olmaganman. Mana bugun Prezidentimizning alohida e'tibori bois, men uchun dunyo kezish imkoniyati paydo bo'ldi, - deydi 25 yil oldin Qirg'iziston respublikasi Haydarkon shahridan So'x tumaniga kelin bo'lib tushgan Bog'iniso Ziyoyeva.
Rahimjon Toshboyev va Toshibek Abdulloyevlar ham ushbu e'tibordan cheksiz minnatdor ekanliklarini samimiy so'zlar bilan izhor etdilar. Darvoqe, Toshibek Abdulloyevga fuqarolik pasporti tuman ichki ishlar bo'limi homiyligida olib berildi.
Shu kungacha tumanimizdagi 227 nafar fuqaroligi yo'q shaxslarning 211 nafariga O'zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlari topshirildi. Yil oxirigacha qolgan fuqarolarimizga ham fuqarolik pasporti rasmiylashtirib, topshiriladi, - deydi tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i Qosimjon Rahimberdiyev.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati