Sud hujjatlari ustidan kelib tushgan apellyatsiya shikoyatlari va protestlarini rasmiylashtirish tartibi
2022-06-22 08:51:59 168
Sud hujjatlari ustidan kelib tushgan apellyatsiya shikoyatlari va protestlarini rasmiylashtirish tartibi
O'zbekiston Respublikasi JPKning 51-bobida sud majlisining tayyorlov qismi normalari ifodalangan bo'lib, mazkur bobning 4971-moddasida: Birinchi instantsiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirish mumkin.
Birinchi instantsiya sudining sud muhokamasi vaqtida chiqarilgan ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish hukm ustidan shunday harakatlarni sodir etish bilan bir paytning o'zida amalga oshirilishi mumkinligi ifoda etilgan.
Mazkur bobning 4972-moddasida: Hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish huquqiga ega bo'lgan shaxslar:
Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek jabrlanuvchi, uning vakili sudning qonuniy kuchga kirmagan hukmi ustidan shikoyat berishga, prokuror va uning o'rinbosari esa, protest bildirishga haqlidir.
Fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari hukmning fuqaroviy da'voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqlidir.
Sud tomonidan oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hukmning oqlash sabablari hamda asoslariga doir qismi ustidan shikoyat berishga haqlidir.
Ishda taraf bo'lmagan shaxslar ham sud hukmining o'z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berishga haqli ekanligi ko'rsatilgan.
Mazkur bobning 4973-moddasida: Qonuniy kuchga kirmagan hukmlar ustidan apellyatsiya tartibida quyidagicha shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin:
1) jinoyat ishlari bo'yicha tuman (shahar) sudlarining hukmi ustidan — Qoraqalpog'iston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudiga;
2) hududiy harbiy sudlarning hukmi ustidan - O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga;
3) Qoraqalpog'iston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmi ustidan - O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga;
4) O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining hukmi ustidan - mazkur sudning Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atiga.
Apellyatsiya shikoyatlari va protestlari hukm chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat yoki protest bevosita apellyatsiya instantsiyasi sudiga berilgan taqdirda, sud ularni hukm chiqargan sudga ushbu Kodeksning 4976-moddasida bayon etilgan talablarni bajarish uchun yuboradi.
Mazkur bobning 4974, 4975-moddalarida: Apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e'lon qilingan kundan e'tiboran yigirma sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa ularga hukmning ko'chirma nusxasi topshirilgan kundan e'tiboran shu muddat ichida berilishi mumkin.
Hukm ustidan shikoyat va protest berish uchun belgilangan muddat ichida ish suddan talab qilib olinishi mumkin emas. Taraflar shu vaqt mobaynida ish bilan sud binosida tanishishga haqli.
Belgilangan muddat o'tgandan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi, bu haqda ularni bergan shaxslarga xabar qilinadi.
Hukm ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish muddati uzrli sabablarga ko'ra o'tkazib yuborilgan hollarda apellyatsiya shikoyati yoki protesti berish huquqiga ega bo'lgan shaxslar hukm chiqargan sudga muddatni tiklash so'ralgan iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin. Zarur hollarda, bu masala iltimosnoma bergan shaxsning ishtirokida hal qilinadi.
Sudning o'tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to'g'risidagi ajrimi ustidan apellyatsiya instantsiyasi sudiga xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin bo'lib, u mazkur ajrimni bekor qilishga, o'tkazib yuborilgan muddatni tiklashga va apellyatsiya shikoyati (protesti) bo'yicha ishni ko'rishga yoxud ishni hukm chiqargan sudga ushbu Kodeks 4976-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarni bajarish uchun yuborishga haqli ekanligi ko'rsatilgan.
Mazkur bobning 4976-moddasida: Hukm chiqargan sud apellyatsiya shikoyati, protesti berilganligi to'g'risida mahkumni, oqlangan shaxsni, ularning himoyachilarini, qonuniy vakilini, jabrlanuvchini, uning vakilini, shuningdek fuqaroviy da'vogarni, fuqaroviy javobgarni, ularning vakillarini agar shikoyat, protest ularning manfaatlariga daxldor bo'lsa, xabardor qiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning ko'chirma nusxalari yoxud hukm chiqargan sudning internet-resursi orqali ularning elektron nusxalari bilan tanishish mumkinligi to'g'risida xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga shikoyat, protest yuzasidan o'z e'tirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida berish huquqi ularni taqdim etish muddati ko'rsatilgan holda tushuntiriladi. Shikoyat, protest ustidan kelib tushgan e'tirozlar ishga qo'shib qo'yiladi.
Taraflar apellyatsiya shikoyatiga, protestiga doir e'tiroz bilan birga alohida holda yangi materiallarni taqdim etishga yoxud ularni talab qilib olish va tekshirish, shuningdek o'zlari ko'rsatgan jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni sudga chaqirish va so'roq qilish haqida iltimosnoma berishga haqli ekanligi ko'rsatilgan.
Mazkur bobning 4977, 4978-moddalarida: Apellyatsiya shikoyati yoki protesti berilishi hukmning qonuniy kuchga kirishini va uning ijro ettirilishini to'xtatib turadi.
Hukm ustidan shikoyat berish va protest bildirish uchun belgilangan muddat tugagach, hukm chiqargan sud ushbu Kodeksning 4976-moddasida nazarda tutilgan talablarni bajarib, ishni shikoyatlar, protestlar hamda ular yuzasidan bildirilgan e'tirozlar, shuningdek taqdim etilgan qo'shimcha materiallar bilan birga o'n kundan kechiktirmay apellyatsiya instantsiyasi sudiga yuboradi.
Bu muddat alohida hollarda yuqori sud raisi yoki uning o'rinbosari tomonidan ko'pi bilan yigirma kunga uzaytirilishi mumkin.
Apellyatsiya shikoyati va protestida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
1) shikoyat, protest yo'llanayotgan sudning nomi;
2) shikoyat bergan shaxs, uning protsessual mavqei, yashash joyi yoki turish manzili to'g'risidagi ma'lumotlar;
3) hukmni chiqargan sudning nomi, hukm chiqarilgan sana, shikoyat berilayotgan va protest bildirilayotgan hukm kimga nisbatan chiqarilgan bo'lsa, shu shaxs to'g'risidagi ma'lumotlar;
4) shikoyat, protest bergan shaxsning vajlari, uning fikriga ko'ra hukm yoki boshqa qarorning noto'g'riligi nimadan iborat ekanligi hamda iltimosining mohiyati;
5) shikoyat, protest bergan shaxs o'z talablarini asoslayotgan, shu jumladan birinchi instantsiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar;
6) yangidan taqdim etilayotgan dalillar va ularning birinchi instantsiya sudiga taqdim etilmaganligi sabablari;
7) shikoyatga, protestga ilova qilinayotgan materiallar ro'yxati;
8) shikoyat, protest berilgan sana hamda shikoyat, protest berayotgan shaxsning imzosi.
Agar apellyatsiya shikoyatining, protestining mazmuni mazkur moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan talablarga javob bermasa va bu kelgusida ishni mazmunan ko'rib chiqishga to'sqinlik qilsa, sudya apellyatsiya shikoyatini, protestini uni bergan shaxsga qaytarish to'g'risida apellyatsiya shikoyatini yoki protestini qayta tuzish uchun muddatni belgilagan holda uch kunlik muddatda ajrim chiqaradi.
Sudyaning apellyatsiya shikoyatini, protestini qaytarish to'g'risidagi ajrimi talablari bajarilmagan va apellyatsiya shikoyati, protesti belgilangan vaqtda kelib tushmagan hollarda, u berilmagan deb hisoblanadi. Bunday holda hukm qonuniy kuchga kirgan deb hisoblanadi.
Mazkur bobning 4979, 49710-moddalarida: Apellyatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs apellyatsiya instantsiyasi sudining majlisi boshlanguniga qadar uni o'zgartirishga yoki yangi vajlar bilan to'ldirishga haqli.
Hukm ustidan shikoyat (protest) berish muddati o'tganidan keyin berilgan apellyatsiya protestiga, jabrlanuvchining yoki uning vakilining apellyatsiya shikoyatiga o'zgartirish yoki qo'shimcha kiritishda mahkumning ahvolini og'irlashtirish to'g'risida masala, agar bunday talab dastlabki shikoyatda, protestda mavjud bo'lmasa, qo'yilishi mumkin emas.
Hukm ustidan shikoyat qilish muddati o'tganidan keyin ishga kirishgan himoyachi apellyatsiya shikoyatini o'zgartirishi yoki uni yangi vajlar bilan to'ldirishi, ilgari ishda ishtirok etgan himoyachi tomonidan berilgan shikoyat vajlariga qo'shimcha asoslar taqdim etishi mumkin.
Hukm ustidan shikoyat bergan yoki protest bildirgan shaxs o'z shikoyatini yoki protestini qaytarib olishga haqli. Yuqori turuvchi prokuror ham protestni qaytarib olish huquqiga ega.
Mahkumning himoyachisi, qonuniy vakili o'z shikoyatini faqat mahkumning roziligi bilan qaytarib olishga haqli.
Mahkum himoyachi tomonidan berilgan shikoyatni qaytarib olishga haqli.
Apellyatsiya shikoyatini yoki protestini qaytarib olishga apellyatsiya instantsiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar yo'l qo'yiladi.
Mazkur bobning 49711, 49712-moddalarida: Ish bo'yicha birinchi instantsiya sudining ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e'tiboran yigirma kunlik muddatda ushbu Kodeksning 4972-moddasida nazarda tutilgan shaxslar tomonidan xususiy shikoyat yoki xususiy protest berilishi mumkin.
Hukm chiqarish bilan yakunlangan sud muhokamasi chog'ida chiqarilgan ajrim ustidan shikoyat berilgan yoxud protest bildirilgan taqdirda, hukm ustidan shikoyat va protest berish uchun belgilangan muddat tugagandan keyingina ish apellyatsiya instantsiyasi sudiga yuboriladi.
Sud muhokamasi chog'ida chiqarilgan va dalillarni tekshirish tartibiga, jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlashga, uni o'zgartirishga yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga taalluqli ajrimlar ustidan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shikoyat berish va protest bildirish mumkin emas. Ularga qarshi e'tirozlar apellyatsiya shikoyatiga yoki apellyatsiya protestiga kiritilishi mumkin.
Ushbu ish bo'yicha taraf hisoblanmagan shaxslar ham sud ajrimi ustidan, agar ajrim ularning manfaatlariga daxldor bo'lsa, shikoyat berishga haqlidir.
Birinchi instantsiya sudi jinoyat ishi apellyatsiya instantsiyasi sudiga yuborilganligi to'g'risida ushbu Kodeksning 4972-moddasida ko'rsatilgan shaxslarni xabardor qiladi.
A.Irgashev - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining
Devonxona mudiri
J.Xaydarov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining
sudya yordamchisi