Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 118 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

“Korruptsiya – taraqqiyot kushandasi”

×

 2022-05-19 10:06:50    142

PDF yuklash
Chop etish


“Korruptsiya – taraqqiyot kushandasi”

         O'zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo'llagan Murojaatnomasida “Jamiyatda korruptsiya illati o'zining turli ko'rinishlari bilan taraqqiyotimizga g'ov bo'lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo'lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog'i rivojlanmaydi” deya ta'kidladi.

         Shu o'rinda mamlakatimizda jamiyat rivojiga salbiy ta'sir etayotgan, adolat va qonuniylikka raxna solayotgan XXI asr dunyo xalqlari orasida eng katta xavf sifatida e'tirof etilayotgan “korruptsiya” atalmish illatga qarshi jiddiy kurash olib borilayotganini ta'kidlab o'tish joiz.

         Korruptsiya – bu mansabdor shaxsning o'z mansabi bo'yicha berilgan huquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiiste'mol qilishdan iborat qilmishdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, odamlar xavfsizligiga tahdid soladi.

         Mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurash o'zining tarixiy asoslariga ega. Bu borada tashlangan eng katta qadamlardan biri sifatida mamlakatimiz tomonidan 2008 yilda BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasini, 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi kurash bo'yicha Istambul Harakat rejasini ratifikatsiya qilinganini keltirib o'tish mumkin.

         Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda.

         Jumladan, 2017 yil 3 yanvarda O'zbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonuni qabul qilingan.

         Bundan tashqari, qonun bilan Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilgan.

         O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 14 martdagi “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida  “Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasi” tashkil etildi.

         Qo'mitaning tashkil etilishi korruptsiyaga qarshi kurashni quyi tashkilotlardan eng oliy tashkilotlargacha ko'tarilganini anglatadi.

         O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5729-sonli Farmoni korruptsiyaga qarshi kurash borasidagi faoliyatni tizimli ravishda davom ettirishda samarali vosita bo'lib xizmat qildi. Mazkur Farmon bilan mamlakatimizda “2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi” tasdiqlandi.

         Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-6013-sonli Farmoni imzolandi.

         Farmonga muvofiq korruptsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korruptsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi.

         Bugungi kunda sud-huquq tizimini korruptsiyadan xoli tizimga aylantirish bo'yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

         Sud-huquq tizimini korruptsiyadan holi hokimiyatga aylantirish borasidagi muhim hujjatlardan biri, shubhasiz, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'g'risida”gi PF-4947-sonli hisoblanadi.

         Harakatlar strategiyasining muhim vazifalaridan biri sifatida sud-huquq tizimida korruptsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korruptsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish hamda shu maqsadda elektron tartibda sud va ijro ishini yuritishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish belgilandi.

         Sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta'minlash, sudlov ishlarini yurgizish sifati va aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirish, sud xodimlari tomonidan sansalorlik, byurokratizm va suiiste'molchilik faktlariga barham berish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3250-sonli qarori imzolandi.

         Qaror sud tizimida axborot kommunikatsiya vositalarini keng joriy etishdagi eng katta qadamlardan biri bo'ldi. Qaror bilan sudlarga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilib, ishlarni sudyalar o'rtasida taqsimlash, sud hujjatlarini ijro etish uchun yuborish, sudga murojaat qilinganda davlat boji va yig'imlari summasini hisoblash kabi jarayonlarda inson omilini istisno etuvchi dasturiy ta'minot tizimlarini joriy nazarda tutildi.

         Shu bilan bir qatorda ochiq sud majlislarini fuqarolar real vaqt rejimida erkin kelib kuzata olish, sud majlislarini audio va videoda qayd etish orqali adolat va odillikni ta'minlash belgilandi.

         Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5482-sonli Farmoni qabul qilindi.

         Farmon bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e'lon qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish, sudlar faoliyati to'g'risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o'rinbosarlari tomonidan brifinglar o'tkazish tartiblari belgilanishi, sudlarda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlashga xizmat qilmoqda.

         Yuqorida ta'kidlab o'tilgan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5729-sonli Farmoni bilan odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashish faktlari bo'yicha sudyalarning O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining Sud inspektsiyasiga anonim tarzda murojaat qilish tartibini joriy etish, korruptsiyaning kelib chiqish sabablarini tizimli va chuqur tahlil qilishni va ularning oldini olishni ta'minlash chora-tadbirlarini belgilash davlat dasturiga kiritildi.

         O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta'minlash hamda sud tizimida korruptsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6127-sonli Farmoni sudyalar mustaqilligini ta'minlash va sud tizimida korruptsiyaning oldini olish bo'yicha davlat siyosatining asosiy yo'nalishlarini belgilab berdi.

         Farmonda sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta'minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish, sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korruptsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo'lga qo'yish maqsadida, 2021 yil 1 fevraldan boshlab, ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo'yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog'i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borishni yo'lga qo'yildi.

         Yuqorida ko'rsatib o'tilgan Farmon va qarorlar ijrosi bugun sudlar tomonidan to'liq ta'minlanib kelinmoqda desak, mubolag'a bo'lmaydi.

         Xususan, barcha birinchi instantsiya sudlarida ishlar sudyalarning ish hajmi, yurituvidagi ishlarning xususiyatidan kelib chiqib, sudyalar o'rtasida avtomatik ravishda taqsimlanib kelinmoqda.

         Sudlar tomonidan ish yuritishga qabul qilingan va sud majlisiga tayinlangan ishlarning vaqti va joyi hamda ishning holati haqida manfaatdor taraflarga onlayn tarzda ma'lumot olish imkoniyati yaratilib, amaliyotga tatbiq etilgan.

         Sud muhokamalari taraflar iltimosiga ko'ra yoki sudning tashabbusi bilan audio-video qayd etish moslamalaridan foydalangan holda yozib olinib, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan ehtimoliy kelishmovchiliklarning oldi olinishi ta'minlanmoqda.

         Sud majlislarida fuqarolarning masofadan turib ishtirok etish imkonini beruvchi dasturiy ta'minot tizimlari joriy etilib, uzoq masofada yashovchi yoki imkoniyati cheklangan ish uchun ahamiyatli ma'lumotlarga ega bo'lgan shaxslarni vaqtini tejash va moddiy tarafdan zarar yetkazmaslik maqsadida ularning sud majlislarida masofadan turib ishtirok etishlari ta'minlanmoqda.

         Sudya va sud apparati xodimlariga pora berish holatlari yuzasidan tezkor xabar berish tartibi joriy etilib, sudya va sud apparati xodimiga nisbatan pora taklif etilish holatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirilib kelinmoqda.

         Sudyalikka nomzodlarni tanlash va tavsiya etish faoliyatining shaffofligini ta'minlash maqsadida ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo'yicha imtihon jarayonlari Internet tarmog'i orqali onlayn tarzda yoritib borilmoqda.

 

                   Sh.R.Abdullayev - Fuqarolik ishlari bo'yicha

 

                                               So'x tuman sudi raisi                                                                                   

 

                   R.M.Mominjonov  - Sudning devonxona mudiri