Ulug' kunlarda yana bir nafar fuqaroga fuqarolik pasporti taqdim etildi
2022-05-03 14:25:27 129
Ulug' kunlarda yana bir nafar fuqaroga fuqarolik pasporti taqdim etildi
Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlarning zamirida inson qadrini ulug'lashdek ezgu maqsad mujassamligi barchani quvontiradi. Zotan, bu muqaddas zaminda inson qadrining yuksakligiga kundalik hayotimizda har doim ro'para kelmoqdamiz.
- Salkam 25 yildirki, So'x tumanida yashayman. Sobiq Ittifoq davrida qo'shni Qirg'izistondan kelin bo'lib, So'x tumanining Zangat mahallasiga tushganman. Shu kungacha “fuqaroligi yo'q shaxs” maqomida edim. Ayni Ramazon hayiti kunlarida qo'limga “O'zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti” ni olishim menga cheksiz baxt va quvonch bag'ishlaydi, - deya bizga yuzlandilar Zangat mahallasida yashovchi fuqaro Sharipova Marhamatxon Abdiyevna.
Opaxon bugun quvonchdan o'z ko'z yoshlarini berkita olmaydi. Bu quvonch ko'z yoshlari, chunki bu kunni Marhamatxon-opa salkam 25 yil kutib yashadilar.
Tuman ichki ishlar bo'limida bo'lib o'tgan tadbirda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev opaxonni ushbu unutilmas lahzalar va ta'rixiy kun bilan qutlab, korxona-tashkilot, mahalla va idoralar rahbarlari hozirligida fuqarolik pasportini tantanali tarzda topshirdi.
Davlatimizda Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan hayotiy islohotlar samarasi o'laroq, “inson qadri uchun” degan tamoyil tobora o'zining amaliy tasdig'ini topmoqda.
Ma'lumot uchun: So'x tumani ichki ishlar bo'limining pasport stoli mutasaddilarining bizga bergan ma'lumotlariga ko'ra, So'x tumanida jami bo'lib 229 nafar “fuqaroligi yo'q” maqomidagi shaxslar bo'lib, bugungi kungacha ularning 203 nafariga fuqarolik pasporti taqdim etildi. Yil oxirigacha qolgan 26 nafar fuqarolarga ham fuqarolik pasporti topshiriladi, - deyiladi ma'lumotda.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati