O'zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish muammolari
2022-03-31 16:46:34 220
O'zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish muammolari
2017 - 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni liberallashtirish, iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlari himoyasini kuchaytirish, tadbirkorlik rivojini rag'batlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish bo'yicha birinchi darajali maqsad va vazifalar belgilangan.
Kodifikatsiya qilingan qonun hisoblanadigan va fuqarolik-huquqiy tartibga solishning eng muhim qoidalarini belgilovchi O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi fuqarolik qonunchiligi hujjatlari tizimida markaziy o'rinni egallaydi.
1995-1996 yillarda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi “o'tish davri”ning keng ko'lamli o'zgarishlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solishda muhim rolь o'ynadi va mamlakatda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratishga imkon berdi.
Shu bilan birga, o'tkazilgan tahlil Fuqarolik kodeksining amaldagi tahriri mamlakatda tez rivojlanayotgan iqtisodiy munosabatlar talablariga va fuqarolik huquqi sohasidagi xalqaro standartlarga yetarli darajada javob bera olmasligini ko'rsatmoqda, xususan:
birinchidan, Fuqarolik kodeksida eskirgan huquqiy institutlar, shuningdek bozor iqtisodiyotiga asoslangan rivojlangan davlatlar huquqiy tizimida mavjud bo'lmagan yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakli saqlanib qolgan;
ikkinchidan, “tijorat tavakkalchiligi”, “xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tengligi”, “adolatli kompensatsiya”, “shartnomaviy majburiyatlarni bajarishdan bosh tortish” kabi an'anaviy fuqarolik-huquqiy institutlar mavjud emas;
uchinchidan, zamonaviy bozor sharoitlarida talab etiladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar va munosabatlarning alohida shakllari, shu jumladan, davlat-xususiy sherikligi, dilerlik shartnomasi, ulushli quruvchilik, klaster ishlab chiqarish, elektron tijorat, kripto-valyuta aylanmasi, yer uchastkasini xususiylashtirish va boshqalarni tartibga solish nazarda tutilmagan;
to'rtinchidan, Fuqarolik kodeksida ko'p miqdordagi havolaki normalarning (tahlilimiz bo'yicha saksonga yaqin normalar) mavjudligi kodeksning to'g'ridan-to'g'ri amal qiluvchi hujjatga aylanishiga to'sqinlik qilmoqda va uning fuqarolik- huquqiy munosabatlarni tartibga solish borasidagi maqomini pasaytirmoqda;
beshinchidan, bir-biriga o'xshash va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllardagi qoidalar aralashmasidan tashkil topgan yuridik shaxslar tashkiliy-huquqiy shakllarining ko'pligi (masalan, qonunchilikda xususiy korxona va unitar korxona tarkibiga boshqa ishtirokchilarning kirishi nazarda tutilmaganligi, ularning investitsiya jalb qila olmasliklariga sabab bo'ladi);
oltinchidan, Fuqarolik kodeksida fuqarolik huquqi institutlariga taalluqli bo'lmagan ommaviy huquq normalari, xususiy mulk va shartnomaviy munosabatlariga oid asoslanmagan miqdordagi cheklovlar mavjud;
yettinchidan, Fuqarolik kodeksida fuqarolik-huquqiy munosabatlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish masalalarini tartibga soluvchi qoidalar deyarli mavjud emas.
2017 - 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida ko'rsatilgan maqsad va vazifalarga erishish, shuningdek fuqarolik qonunchiligini bozor iqtisodiyoti va xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish maqsadida, quyidagi asosiy yo'nalishlarni nazarda tutuvchi O'zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish Kontseptsiyasi ishlab chiqildi va bunga asosan omillar belgilandi:
I. Fuqarolik qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish va tizimlashtirish:
1. Fuqarolik qonunchiligini unifikatsiya qilish va tizimlashtirish maqsadida uni inventarizatsiyadan o'tkazish, shuningdek xalqaro standartlar talablariga va eng yaxshi xorijiy amaliyotlarga muvofiqlashtirish.
2. Fuqarolik kodeksi va boshqa fuqarolik qonun hujjatlaridagi atama va tushunchalarning huquqiy ma'nolarini ularni aniq ta'riflash va bir xilda qo'llash orqali takomillashtirish.
3. Turlicha sharhlanadigan yoki amaliyotda qo'llanilishi masalasida tushuntirishlarni talab qiladigan normalarni chiqarib tashlash yoki ularni takomillashtirish.
4. Fuqarolik kodeksi va boshqa fuqarolik qonun hujjatlarining to'g'ridan-to'g'ri amal qilishi uchun ulardagi havolaki normalarni qisqartirish.
5. Fuqarolik-huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga to'sqinlik qiluvchi fuqarolik qonunchiligidagi huquqiy bo'shliqlar va kolliziyalarni bartaraf etish.
II. Asosiy fuqarolik-huquqiy institutlarni takomillashtirish:
1. Jamiyat va xalqaro standartlarning axloqiy printsip va ma'naviy me'yorlari (“halollik”, “adolat”, “oqillik” va boshqa printsiplar)ni inobatga olgan holda fuqarolik-huquqiy munosabatlarning amaldagi printsiplarini takomillashtirish va yangilarini joriy qilish.
2. Kodeksga fuqarolik qonunchiligining muhim tushuncha va institutlarini belgilash borasidagi asosiy hujjat maqomini berish maqsadida mavjud tushuncha (atama)larni qayta ko'rib chiqish va yangilarini kiritish.
3. Fuqarolik huquqi va fuqarolik majburiyatlarini vijdonan va munosib amalga oshirishni ta'minlashga qaratilgan chora va vositalarni takomillashtirish.
4. Ma'naviy, moddiy zarar va ziyonlarni hisoblash tartibini joriy etish yo'li bilan fuqarolik qonunchiligining kompensatorlik funktsiyasini kuchaytirish.
5. Yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakllarini optimallashtirish, bir-biriga o'xshash, shuningdek bozor munosabatlarida ommalashmagan tashkiliy-huquqiy shakllarni tugatish.
6. Ishonchnomaning majburiy yozma shakli va uning amal qilish muddatini cheklash va boshqalarni qayta ko'rib chiqqan holda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish orqali vakillik institutini takomillashtirish.
7. Mulkdor huquqlarini kengaytirish yo'li bilan ashyoviy huquqlar institutini kuchaytirish.
8. Majburiyat huquqini takomillashtirish, jumladan majburiyatlarning vujudga kelish asoslarining to'liq ro'yxatini aniqlash va majburiyatdagi shaxslarning o'zgarishi masalalarini tartibga soluvchi normalarni modernizatsiya qilish.
9. Fuqarolik-huquqiy javobgarlik institutini takomillashtirish, jumladan, zararni qoplashning adolatli tartibini ta'minlash.
10. Sug'urta, jumladan o'zaro sug'urtalash (mulkni va boshqa mulkiy manfaatlarni o'zarolik asosida sug'urta qilish) institutining rivojlanishi uchun ixtiyoriy badallar investitsiyasidan doimiy daromad olishni nazarda tutuvchi shart-sharoitlarni yaratish.
11. Er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasi va meros shartnomasiga oid qoidalarni kiritish, meros qoldiruvchi va merosxo'r kreditorlarining himoyasini kuchaytirish, merosni qabul qilib olish muddatlarini belgilash yo'li bilan meros huquqini takomillashtirish.
12. Xalqaro xususiy huquq normalarini qayta ko'rib chiqish, shu jumladan turli mamlakatlar huquqlarini muqobil qo'llash printsipini mustahkamlash, majburiyat mazmunini tartibga soluvchi huquqqa havola sifatida qo'shimcha muqobil kollizion bog'lanishni ko'llash, kollizion tartibga solishni nazarda tutgan shartnomadan tashqari majburiyatlar doirasini aniqlash imkoniyatini ko'rib chiqish.
III. Bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishning mustahkam huquqiy asoslarini shakllantirish:
1. Mulk shakllarini belgilash tartibini qayta ko'rib chiqish, yerga bo'lgan xususiy mulk huquqini himoya qilish mexanizmlarini joriy etish, shuningdek insofli egallovchi huquqlarini himoya qilish tartibini takomillashtirish yo'li bilan xususiy mulk himoyasining samaradorligini oshirish.
2. Bitimlar institutini takomillashtirish, jumladan bitimlarni majburiy davlat ro'yxatidan o'tkazish va notarial tasdiqlashni, bitimni haqiqiy emas deb topish asoslari va holatlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi normalarni qayta ko'rib chiqish.
3. Shartnomaviy-huquqiy munosabatlarning sifat jihatdan yangi mexanizmlarini joriy qilish, shu jumladan shartnoma turlarini optimallashtirish, dastlabki shartnoma institutini rivojlantirish, shartnoma tuzish erkinligini kengaytirish, shartnomaviy munosabatlarning barqarorligini ta'minlash, shartnomaviy munosabatlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalanishni tartibga solish.
4. Korporativ munosabatlarni fuqarolik kodeksining tartibga solish predmeti doirasiga kiritish, jumladan, ommaviy aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining o'ziga xosliklarini belgilash, korporativ hujjat kuchiga ega va uchinchi shaxslar uchun majburiy bo'lgan «korporativ shartnoma»ni joriy qilish, teng aktsiyalar paketi egalari jamiyat faoliyatini izdan chiqarganida korporativ tanglik vaziyatidan chiqib ketish mexanizmlarini belgilash.
5. Kreditor va qarzdorlar huquqlarining ishonchli kafolatlarini ta'minlash, shu jumladan qayta tashkil etiladigan yuridik shaxslar kreditorlari huquqlarining real kafolatlari ro'yxatini va ular amal qilishining huquqiy mexanizmlarini belgilash, majburiyatlarni bajarish institutini qayta ko'rib chiqish, shuningdek kreditor talablarini qanoatlantirish ketma-ketligini aniq belgilash.
6. O'zbekiston Respublikasidagi xorijiy tijorat tashkilotlari filiallarining huquqiy maqomini kuchaytirish va huquqlarini kengaytirish.
IV. Zamonaviy sharoitlarda talab yuqori bo'lgan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solishning innovatsion shakllari va taomillarini joriy etish:
1. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni qo'llashning huquqiy asoslarini shakllantirish, xususan, kripto-aktivlar, shu jumladan mayning aylanmasini rivojlantirish, shaxsi ko'rsatilmagan ma'lumotlarning sezilarli massivlarini («big data») yig'ish va qayta ishlashni huquqiy tartibga solish, elektron tijoratdan foydalanish, elektron maydonchalar orqali xaridlarni amalga oshirish bo'yicha imkoniyatlarni kengaytirish.
2. Istalgan manfaatdor shaxslarga ishtirok etish huquqi taqdim etilgan holda yuridik shaxslar faoliyati bilan bog'liq qarorlar bo'yicha jamoaviy nizolashish tartibini takomillashtirish. Yuridik shaxs direktorining fidutsiar majburiyatlari institutini kiritish.
3. Garov munosabatlari haqidagi normalarni rivojlantirish, jumladan ta'minlash choralarini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish, hamkorlikda garovni oluvchilar, garov agenti, fakulьtativ va muqobil majburiyatlar institutlarini kiritish, yo'l qo'yiladigan maqbul ta'minlovchi aktivlarning aniq toifasini mustahkamlash.
4. Erkin iqtisodiy zonalar hududida va O'zbekiston Respublikasining boshqa alohida hududlarida xorijiy huquqning eksterritorial qo'llanilishi tartibini kiritish.
5. Shaxslar tasviri, ularning shaxsiy nomulkiy huquqlari va boshqa nomoddiy manfaatlarining ishonchli fuqarolik-huquqiy himoya qilinishini ta'minlash.
Fuqarolik qonunchiligining takomillashtirilishi, jumladan O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahrirda ishlab chiqilishi va qabul qilinishi quyidagilarga imkon beradi:
iqtisodiyotni yanada liberallashtirishning huquqiy asoslarini yaratish;
iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qisqartirish;
mulkdorlar huquqlari himoyasining kuchaytirilishi va iqtisodiyotda xususiy mulkning ustuvor rolini ta'minlash;
ishbilarmonlik muhitini va investitsion iqlimni yaxshilash va boshqa vazifalarni hal qiladi.
B.Mamajonov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining sudyasi