Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 35 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Tadbirkorlikka oid qonun hujjatlarini takomillashtirish-davr talabi

×

 2022-03-31 16:33:55    132

PDF yuklash
Chop etish


Tadbirkorlikka oid qonun hujjatlarini takomillashtirish-davr talabi

         Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tizimli va bosqichma-bosqich islohotlar natijasida O'zbekiston 2015 yilda biznes yuritishni yengillashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bo'yicha dunyodagi yetakchi o'nta davlat qatoridan joy oldi. Bugungi kunda mamlakatimizda, fermer va dehqon xo'jaliklarini hisobga olmaganda, 230 mingdan ortiq kichik biznes sub'ekti faoliyat olib bormoqda.

         Bu haqda so'z borganda, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag'batlantirish bo'yicha ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida istiqlolning dastlabki yillarida respublikamiz yalpi ichki mahsulotida tadbirkorlik va xususiy biznesning ulushi 1 foizga ham yetmagan bo'lsa, o'tgan 25 yil mobaynida ushbu ko'rsatkich 56 foizdan oshdi.

         Hozirgi vaqtda yurtimizda ish bilan band aholining salkam 80 foizi aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida faoliyat yuritmoqda. Har yili mamlakatimizda yaratilayotgan 1 millionga yaqin ish o'rnining katta qismi aynan tadbirkorlik, xususiy biznes hissasiga to'g'ri kelayapti. Mazkur dalillarning o'ziyoq tadbirkorlik va xususiy mulk mamlakatimiz hayotida tom ma'noda hal qiluvchi kuchga, iqtisodiyotimizning lokomotiviga aylanganini yaqqol tasdiqlaydi.

         O'z navbatida, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada yuqori  darajaga ko'tarish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo'lidagi byurokratik to'siqlarni bartaraf etish hamda yurtimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo'yicha ob'ektiv zarurat yuzaga kelgan edi.

         2016 yil 5 oktyabrda, o'sha vaqtda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016 yil 5 oktyabrda imzolangan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmon shu nuqtai nazardan alohida ahamiyat kasb etdi.

         Farmon keng jamoatchilikning barcha qatlamlari diqqat-e'tiborini o'ziga tortdi va xalqimiz tomonidan qizg'in muhokama qilinmoqda. Nega deganda, mazkur Farmon bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka juda keng erkinlik berilmoqda, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvi tubdan qisqartirilmoqda, tadbirkorlik sub'ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinmoqda.

         Shuningdek, bu hujjat tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish masalasini davlat organlarining birinchi darajali vazifalaridan etib belgilangani bilan alohida ajralib turadi. Ayni shu jihati ham Farmonning ilgari qabul qilingan shu toifadagi normativ-huquqiy hujjatlardan farqlanuvchi o'ziga xos jihati hisoblanadi.

          Farmonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, tadbirkorlik faoliyatida huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta'minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo'l qo'ymaslik masalalari tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining muhim ustuvor yo'nalishlari sifatida aniq belgilab qo'yildi. Ushbu maqsadlarga erishishda davlat organlariga, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalarga aniq vazifalar yuklatildi.

         Shu o'rinda mazkur Farmon talablari misolida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish masalasiga nechog'lik ahamiyat qaratildi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Fikrimizcha, bu birinchi navbatda, fuqarolarning tadbirkorlikka erkin ishtirok etishi uchun mutlaq kafolatlar yaratish, tadbirkorlikning davlat tomonidan rag'batlantirib borilishi, tadbirkorlik faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini maksimal darajada qisqartirish, tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan so'zsiz amalga oshirilishi kabi jihatlarda namoyon bo'ladi.

         Farmon bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berishning huquqiy kafolatlari va ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil institutini tashkil etish tavsiya etildi.

         Mazkur institutga aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berilishini ta'minlashga qaratilgan muhim vakolatlar berilgani ahamiyatlidir. Binobarin, xorijiy davlatlar tajribasida ham kamdan-kam uchraydigan mazkur tuzilma huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlardan mustaqil bo'lib, uning milliy parlament huzurida tashkil etilishi tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishda muhim o'rin tutadi.

         Ayni chog'da kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berishning muhim kafolatlari sifatida 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub'ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinishini ko'rsatish o'rinli bo'ladi.

         Albatta, yuridik shaxslar tugatilayotganida, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari bo'yicha bergan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq o'tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno.

         Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berilishining muhim kafolati sifatida Farmonda mutassadi tashkilotlarga bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, davlat organlari tomonidan tijorat banklari faoliyatiga, birinchi navbatda, kredit siyosatiga ma'muriy aralashuvlarning oldini olish va ularga yo'l qo'ymaslik, mijozlarning o'z pul mablag'larini erkin tasarruf etish huquqi to'liq ro'yobga chiqarilishini ta'minlashga qaratilgan asoslangan takliflarning ishlab chiqishga oid vazifalar yuklatilganini ko'rsatish mumkin.

         Shuni alohida ta'kidlash kerakki, keyingi yillarda bank tizimini erkinlashtirish, isloh qilish va uning tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashdagi rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan yuqori baholanmoqda. Xususan, dunyoning 189 ta mamlakati orasida «Kreditlar olish indeksi» bo'yicha O'zbekiston 42-o'rinni egalladi.

         Bu boradagi islohotlar izchil takomillashtirilib, tadbirkorlarning bank xizmatlarini ko'rsatish borasidagi imkoniyatlari yanada kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, bugungi kunda banklarning resurs bazasini mustahkamlash maqsadida, jumladan, tijorat banklari kapitaliga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, pirovardida, banklarning boshqaruv tizimini xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish taqozo etilmoqda.

         Bundan tashqari tadbirkorlarga kreditlar ajratish mexanizmini yanada soddalashtirish, shu jumladan, bankka bormasdan masofadan turib elektron ariza orqali tijorat banklariga murojaat qilish ishlarini kengaytirish taqozo etiladi.

         Shuningdek, axborot texnologiyalarini qo'llagan holda, bank mijozlariga qo'shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, mijozlarni bankka kelmasdan turib, masofadan eksport-import operatsiyalari bo'yicha o'z hisob-varaqlaridagi chet el valyutasida to'lovlarni amalga oshirishi imkoniyatini yaratish ham davr talabiga aylandi.

         Qolaversa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berilishida mamlakatimiz eksport salohiyati o'sishi, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot eksport qiluvchi korxonalarning ehtiyojlarini qondirish kabi masalalarga alohida e'tibor berish lozim bo'ladi.

         Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, unda davlat siyosatining muhim ustuvor yo'nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifalari sifatida huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta'minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo'l qo'ymaslik nazarda tutilgan.

         Binobarin, boshqa sohalarda bo'lgani kabi iqtisodiyot sohasida ham huquqbuzarliklarning oldini olish muhim amaliy va tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Zero, tadbirkorlik faoliyatida qonunbuzarliklarning oldi olinishini ta'minlash jamiyatning iqtisodiy negizini mustahkamlaydi, bu sohada sog'lom muhit yaratadi hamda qonuniylikni ta'minlashning muhim kafolati sanaladi.

         Tadbirkor o'z faoliyatida yo'l qo'ygan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilishi yoki unga nisbatan moliyaviy choralarning qo'llanilishidan ko'ra, ushbu huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishidan manfaatdor bo'lgani kabi, davlat organlari ham bu kabi huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta'minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo'l qo'yilmasligidan manfaatdor bo'lishi mazkur Farmonning muhim jihatlaridan biridir.

         Shu nuqtai nazardan, Farmonda iqtisodiyot sohasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta'minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo'l qo'ymaslikning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan hamda uning aniq mexanizmlarini nazarda tutuvchi bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

         Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmonining amalga oshirilishi mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yuqori darajaga olib chiqishga, eng muhimi, aholi farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.


                    B.Mamajonov - Jinoyat ishlari bo'yicha       

                              Farg'ona tuman sudining sudyasi