PREZIDENTNING SO'X TUMANIGA DOIR QARORI: MUVAFFAQIYaT VA KAMChILIKLAR
2022-03-25 17:38:15 120
PREZIDENTNING SO'X TUMANIGA DOIR QARORI: MUVAFFAQIYaT VA KAMChILIKLAR
Tumanimiz hududlarida Prezidentimizning 2020 yil 8 avgust kuni qabul qilgan "2020-2021 yillarda Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 4798-sonli qarori asosida keng ko'lamli qurilish-ta'mirlash, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Qaror asosida 5-bob va 78-banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ham qabul qilingan bo'lib, ushbu chora-tadbirlar asosida ko'p sohalarda o'zgarish va yangilanishlar amalga oshirildi.
Qaror asosida
- Sanoat, xizmat ko'rsatish, qishloq xo'jaligi sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish;
- yo'l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish;
- ijtimoiy sohani rivojlantirish;
- qishloq xo'jaligi yerlari va aholi tomorqalarini suv ta'minotini yaxshilash, foydalanilmayotgan yerlarni o'zlashtirish hamda sel-toshqin oqibatlarini oldini olish;
- hukumatlararo komissiyalar uchrashuvlarida muhokama qilinadigan masalalar bo'yicha aniq chora-tadbirlar rejasi va "Yo'l xarita"lari tuzilib, ijro uchun yo'naltirilgan edi.
Ayni shu masalada tuman hokimligi majlislar zalida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakili Qosim Esonovich Mardonov boshchiligida yig'ilish bo'lib o'tdi. Tadbirda So'x tumanidan Oliy Majlis qonunchilik palatasiga saylangan deputat Ahmadjon G'aniyev, viloyat hokimi o'rinbosarlari va boshqarma boshliqlari, tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev va tuman hokimi o'rinbosarlari, bevosita qaror ijrosiga aloqador shaxslar ishtirok etishdi.
Mazkur tadbirda qaror asosida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Qarorning va qaror asosida qabul qilingan chora-tadbirlar rejasi bandma band o'rganildi, amalga oshirilgan ishlar natijasi bo'yicha ma'lumot berilib, amalga oshirilmay qolgan ishlar xususida mutaxassis va mutasaddilarning hisoboti tinglandi.
Qaror ijrosida yo'l qo'yilgan xato-kamchiliklar e'tiborga olinib, ularning sabablari o'rganildi, mablag' bilan bog'liq masalalar bo'yicha aprelь oyning oxirigacha hal etilishi bo'yicha ko'rsatmalar berildi va kamchiliklarga yo'l qo'ygan vakolatli rahbar va mutasaddilarga nisbatan qonuniy choralar ko'rilishi ta'kidlandi.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati