NAVRO'ZI OLAM ShUKUHI SO'X TUMANIDA
2022-03-20 14:06:58 118
NAVRO'ZI OLAM ShUKUHI SO'X TUMANIDA
Bugun So'x tumanining madaniyat markazida Navro'z umumxalq bayramiga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi. “Navro'z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” g'oyasi ostida bo'lib o'tgan bayram tadbiriga nuroniy otaxon va onaxonlar, jamiyatda o'z o'rniga ega bo'lgan xotin-qizlar, mehnat faxriylari, mahalla faollari, yoshlar taklif qilindi.
Mayin bahoriy navo bilan boshlangan bayram tadbiri katta tantanaga aylanib ketdi.
Barcha So'xliklarni Navro'z bayrami bilan tabriklab, tuman xokimi Sayidbahrom Sayidmusayev bu yilgi bayramni xalqimiz uzoq kutganligini qayd etdi.
- Shoir aytganidek, “Har kimki Navro'zni shodu xursandchilik bilan kutib olsa, keyingi Navro'zgacha umri shodu xurramlikda o'tadi”. Darhaqiqat, o'tgan ikki yil bizni turli sinovlarga ro'para qildi. Koronavirus pandemiyasi tufayli milliy bayramimizni birdamlikda va birgalikda kutib ololmadik. Shukr, kim shu kunlar ham ortda qoldi va bugun Navro'zi olamni yelkama yelka turib, nishonlamoqdamiz, - dedi tuman hokimi o'z so'zida.
Bayram tabrigidan so'ng ishtirokchilarga tuman madaniyat markazi xodimlari tomonidan tayyorlangan bayramona kontsert dasturi namoyish etildi. San'at g'unchalari va So'xlik san'atkorlar o'z qo'shiqlari bilan tomoshabinlar kayfiyatiga ko'tarinkilik bag'ishladi.
Bayram tadbirida ishtirok etgan bolajonlar, tumandagi harbiy qismlar askar va zobitlari, ularning oila a'zolari ham bayram shukuhidan bahramand bo'ldilar.
Bayram sahnasida joanlangan ertak qahramonlari barchani raqs tushish va xursandchilik qilishga chorladi. Yosh musavvirlar va kashtachilarning mahorati ham sahna uzra barcha ishtirokchilarga jonli ravishda namoyish etildi.
Darhaqiqat, Navro'z yangilanish, yosharish bayramidir. Yurtimizga kelgan bahor va milliy bayramimiz Navro'zi olam barchani obodlik sari, ozodalik sari intilishga chorlaydi. Iloyim, mana shunday xursandchilik kunlarimiz boqiy, istiqlolimiz abadiy va xalqimizning tinchligi hamda totuvligi har doim barqaror bo'lsin.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati