JAVPAYaDA ISh QIZG'IN KEChMOQDA. SIZ HAM KELING...
2022-03-19 17:23:40 148
JAVPAYaDA ISh QIZG'IN KEChMOQDA. SIZ HAM KELING...
Javpaya massivida ayn kunda issiqxonalar majmuasi barpo etish ishlari jadallik bilan olib borilyapti. Issiqxona barpo etish istagida bo'lgan va massivdan issiqxona uchun tayyorlangan joylarni tanlab olgan vatandoshlarimiz daromad olish ilinjida yaxshi niyatlar bilan ish boshlaganlar.
Mahalliy ta'minotchi korxonalarni jalb etgan holda fuqarolarga issiqxona qurib berilmoqda. Moddiy imkoniyati cheklangan fuqarolarga AT "Agrobank" tomonidan 7 yillik 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizlik kreditlar berilmoqda.
Misol uchun, agarda fuqarolar issiqxona yoki limonchilik uchun ushbu kreditni, ya'ni 33 000 000 so'm miqdorida olishsa, 3 yil, ya'ni 36 oy davomida kreditning faqat foiz qismini - 390 ming so'm atrofida to'lab borishadi. To'rtinchi yildan boshlab, kreditni qaytarish muddati boshlanadi va unda ham tadbirkorga aylangan fuqarolarimiz har oyda o'rtacha miqdorda 1 000 000 so'mgacha bankga pul topshirishadi.
Olib borilgan targ'ibot-tashviqot ishlar tufayli ayni kunda tayyorlangan issiqxonalarning 90 foizi fuqarolarga berilgan. Kredit rasmiylashtirilgan fuqarolarga ham 3 bank kuni davomida qonuniy xizmat ko'rsatilyapti, ya'ni 3 kunda aniq mablag' ta'minotchi hisobraqamiga o'tkazib berilmoqda.
Buning barobarida Javpayada tuman "Ermulkkadastr" bo'limi xodimlari tomonidan ochiq yer maydonlarini aholiga tartibli tarqatib berish maqsadida yerlarni lotlarga bo'lish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun barcha kuch va texnikalar safarbar etilgan. Ma'lumotlarga ko'ra, viloyat hokimi tashabbusi bilan bu hududda namatak yetishtirish yo'lga qo'yiladi.
Mazkur hududni elektr energiyasi va suv bilan ta'minlash ishlari ham Farg'ona viloyati hokimi ko'rsatmasiga asosan jadallik bilan olib borilmoqda. Salkam 3 kilometrga temir beton tayanchlar o'rnatilib, elektr liniyalari ham tortib bo'lindi. Mutaxassislarning ma'lumotiga ko'ra, salkam 6 kilometr masofaga "obi hayot" liniyasi tortiladi.
Yana bir muhim jihat: tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev tashabbusi bilan Quva tumanidan olib kelingan mevali daraxtlar ko'chati ayni kunda jamoatchilikning faol ishtiroki asosida massivga o'tqazilmoqda. Bu xayri ishga Vatan himoyachilari - askar va zobitlar ham jalb etilgan.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati