JAVPAYaDA YaNGI HAYoT NAFASI
2022-03-15 17:32:05 100
JAVPAYaDA YaNGI HAYoT NAFASI
Aytish mumkinki, bugun viloyatimizning eng chekka va so'lim go'shasi – So'x tumani barcha-barchaning diqqat markazida. Chunki So'xda davltimiz rahbari e'tibori o'laroq, keng ko'lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ikki yil oldin – 2020 yilning avgustidan boshlangan ezgu va xayrli ishlarning bugun tuman uzra mantiqiy davomini ko'rasiz.
Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan bugun Qal'acha mahallasida joylashgan Javpaya massividagi kengliklar o'zlashtirilmoqda. Bu hududda qishloq xo'jaligida foydalanmaydigan salkam 3 000 gektar yer maydoni mavjud. Deyishadiku - “Qimirlagan qir oshar, munkillagan yer tushar”. Ana shu maqolga tayangan holda Javpayada aholiga qo'shimcha daromad manbai yaratib berish bo'yicha issiqxonalar majmui barpo etilmoqda.
Viloyat hokimining farmoyishiga binoan Javpayada joriy yilning 20 yanvaridan 15 fevraligacha sel yo'li qurish va issiqxonalar barpo etiish bo'yicha o'quv mashg'ulotlari o'tkazildi.
Farg'ona viloyatining shahar va tumanlaridan safarbar etilgan maxsus texnikalar orqali Javpayada 137 ta issiqxona barpo etildi. Fuqarolarimizga yengillik yaratish maqsadida massivdagi barcha issiqxonalar viloyat hokimi ko'magida kavlab berildi. Endilikdagi vazifa issiqxonalarni fuqarolarga tarqatib berishdan iborat.
Bugungi kungacha 65 nafar fuqarolarimiz massivdan o'zlari uchun issiqxona tanlab olishdi.
Tumanimizga tashrif buyurgan viloyat vakillari ham viloyatimiz hokimi Xayrullo Bozorov ko'rsatmasiga asosan Javpayada bo'lishdi.
- Kelishimizdan asosiy maqsad tumanda bo'layotgan o'zganishlarni o'z ko'zimiz bilan ko'rish, yerdan samarali foydalanish istigida bo'lgan fuqarolarga amaliy yordam ko'rsatishdan iborat. So'xga viloyatimizning shahar va tumanlaridan kelgan biri guruh hokim yordamchilariga ham bu tashrif katta mahorat maktabi bo'ladi deb o'ylaymiz, - deydi biz bilan so'hbatda O'zbekiston Respublikasi mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish Agentligi Farg'ona viloyati boshqarmasi boshlig'i Abrorjon Rahmonov.
Viloyatimiz vakillari Javpayada bo'lib, bevosita aholi bilan uchrashdilar va yerdan unumli foydalanish imkoniyatlari haqida gapirdilar.
So'x tumanida bu tajriba birinchi marotaba qo'llanilayotgani, albatta, fuqarolarda bu borada ko'p savollar borligi, biroq, barcha masalaning yechimi mehnat va harakat ekanligi tushuntirildi.
Viloyatdan kelgan mehmonlar Javpaya kengliklarida issiqxonalardan tashqari ochilayotgan yangi ochiq yerlarni ham ko'zdan kechirishdi. O'zlashtiriladigan yerlar hududida fuqarolarga yerdan samarali foydalanish maqsadida davlatimiz tomonidan berilayotgan e'tibor va imtiyozlar, issiqxona qurish uchun beriladigan imtiyozli kreditlar haqida viloyat “Agrobank” boshlig'i Murodjon Azimov, viloyat Kadastr Agentligi boshlig'i Nodirjon Mashrabovlar atroflicha ma'lumotlar berishdi.
- Barcha ishlar va berilgan imkoniyatlardan foydalanish albatta, hokim yordamchilari ko'magida amalga oshiriladi, ularga tayanib, ishonib, ish tutsangiz, ko'zlangan maqsad va natijarga albatta, erishasiz, - dedi Abrorjon Rahmonov yer olish istagida bo'lgan fuqarolarga.
Shu kunning o'zida 20 nafar fuqarolarga issiqxona qurish uchun tuman “Agrobank” vakillari tomonidan 3 yil imtiyozli davr bilan beriladigan 7 yillik imtiyozli kreditlar rasmiylashtirildi. Har bir issiqxona egasiga massiv tepaliklaridan 50 sotixdan ochiq yer maydonlari ajratib beriladi. Bu yer maydonlarida asosan eksportbop na'matak o'simligi yetishtirish rejalashtirilgan. Shu yerning o'zida kredit olish istagida bo'lgan fuqarolar ham murojaat etdilar va ularga mazkur kreditlarning imtiyozlari haqida tushunchalar berildi.
Issiqxona qurish uchun 6 ta – So'x tumanidan 3 ta va viloyatdan 3 ta ta'minotchi korxonalar tanlab olingan va bu ta'minotchi korxonalar massivda issqxonalar barpo etish ishlarini allaqachon boshlab yuborgan.
Ayni shu dolzarb masala bo'yicha tuman hokimligida ham viloyat vakillari ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi va bu bo'yicha barcha hokim yordamchilariga aniq ko'rsatma va vazifalar berildi. Masalaning mazmun va mohiyati hokim yordamchilariga tushuntirib berildi.
Aytish lozimki, bugun So'xda fuqarolarning yerga bo'lgan munosabati musbiy tomonga o'zgargan va bu o'zgarishlar ularni halol mehnat qilishga undayotir. Va bu harakatlar zamirida daromad manbai mujassam ekanligini ular allaqachon anglab yetishgan.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati