BOLA PULI VA MODDIY YoRDAM TAYINLAShDA MUHIM O'ZGARIShLAR
2022-01-31 16:32:09 161
BOLA PULI VA MODDIY YoRDAM TAYINLAShDA MUHIM O'ZGARIShLAR
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 oktyabrdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 654-sonli qaroriga binoan, kam ta'minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash, ularga bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash hamda to'lash tartibiga bir qator o'zgartishlar kiritildi.
Jumladan, kam ta'minlangan oilalar ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali 2021 yil 1 sentyabrga qadar tayinlangan 14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to'lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam avtomatik tarzda, yangi tartibga asosan nafaqa miqdori oshishi nazarda tutilgan fuqarolardan qo'shimcha ariza va hujjatlar talab etmagan holda, kam ta'minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasiga o'tkaziladi. Bunda nafaqalar va moddiy yordam miqdorlari oiladagi 18 yoshgacha bo'lgan bolalar sonini inobatga olgan va amaldagi to'lov muddatlaridan kelib chiqqan holda qayta hisoblanadi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko'rib chiqishda oila a'zolarining barcha rasmiy daromadlari, shuningdek, oilaning har bir a'zosiga to'g'ri keladigan bir oylik o'rtacha jami daromad, oila a'zosi nomida mavjud bo'lgan ko'chmas mol-mulk va avtotransport vositalari to'g'risidagi ma'lumotlar hisobga olinadi. Jumladan, ariza beruvchi yoki uning oila a'zolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o'z nomiga rasmiylashtirilgan yoki bosh ishonchnomaga asosan ikki va undan ortiq ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo'lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi mavjud bo'lsa, ariza rad etiladi.
Shuningdek, yangi qarorga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudьyalar va ularning oila a'zolari pensiya ta'minoti shartlari, me'yorlari hamda tartibi to'g'risidagi Nizomga asosan pensiyalar bilan ta'minlanganda moddiy yordam va nafaqa tayinlash haqidagi arizani rad etish haqidagi o'zgartirish kiritildi.
Lekin arizani rad etishda oilada mehnat layoqatli ishsiz a'zolari mavjud bo'lsa ushbu amaliyot bolasini yolg'iz tarbiyalayotgan yolg'iz onalar (otalar)ga hamda nikohi bekor qilingan ayollarga, rasmiy daromad manbaiga ega bo'lmagan va oxirgi bir yil mobaynida «Temir daftar» ro'yxatida bo'lgan oilalarga, to'rt va undan ortiq o'n sakkiz yoshga to'lmagan farzandi bo'lgan oilalarga nisbatan qo'llanilmaydi.
Shu o'rinda kam ta'minlangan oila degan tushunchaga to'xtalish zarur. Qarorga ko'ra, 2021 yilda – oilaning har bir a'zosiga jami bir oylik o'rtacha daromad 440 ming so'mdan oshmaganda va 2022 yildan boshlab – oilaning har bir a'zosiga jami bir oylik o'rtacha daromad minimal iste'mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda oila kam ta'minlangan deb e'tirof etiladi. Minimal iste'mol xarajatlari va kambag'allik darajasi esa Davlat statistika qo'mitasi tomonidan har hisobot yilida inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20 yanvariga qadar e'lon qilib boriladi.
C.X.Temiraliyev - Byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi
Farg'ona viloyati So'x tuman bo'limi boshlig'i