OLIY MAJLIS DEPUTATI BILAN UChRAShUV
2022-01-31 09:43:08 138
OLIY MAJLIS DEPUTATI BILAN UChRAShUV
So'x tuman ichki ishlar bo'limi majlislar zalida So'x tumanidan Oliy Majlis Qonunchilik Palatasiga saylangan deputat, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi a'zosi Ahmadjon G'aniyev bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbirda mahalla fuqarolar yig'ini raislari, Xalq deputatlari So'x tumani Kengashining deputatlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvni ochib bergan tuman hokimi Sayidbahrom Sayidumusayev ishtirokchilarga deputatlik maqomi va uning jamiyatdagi o'rni haqida gapirib, so'zni Ahmadjon G'aniyevga berdi.
Deputat Ahmadjon G'aniyev So'x tumanida amalga oshirilgan bunyodkorlik va keng ko'lamli obodonlashtirish ishlari haqida to'xtalib, anklav hudud hisoblanadigan tuman Prezidentimiz va davlatimiz hukumatining doimiy e'tiborida ekanligini ta'kidladi. Oliy Majlis deputati ishtirokchilarga ularni qiynayotgan muammo-kamchiliklar haqida bemalol murojaat etishni, hududlardagi yechimini kutayotgan qiyinchiliklarni bemalol murojaat tarzida bildirishni qayd etdi.
Uchrashuv chog'ida mahalla fuqarolar yig'inlari raislari o'z hududlardagi kamchilik va muammolar haqida Oliy Majlis deputatiga murojaat etdilar. Uchrashuvda muammolarni yechimi bo'yicha takliflar ham o'rtaga tashlandi.
So'x tumanida hudud tarixiga doir muzey tashkil etish, Tul mahallasida kasb-hunar o'qitishga yo'naltirilgan o'quv markazi tashkil etish, tumanda turizmni rivojlantirish bo'yicha madaniy meros ob'ektlarini bosqichma bosqich rekonstruktsiya qilish, Chashma mahallasida zamonaviy sport majmuasi bunyod etish, Sohibkor mahallasida ko'p qavtli turar joylar qurish, Demursad mahallasining Simodon mavzesida boshlang'ich ta'limga mo'ljallangan maktab qurish, So'x, Navobod, Hushyor, Sebzor mahallalarida zamonaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti barpo etish, Chumoqcha va Gguliston mahallalaridagi umumiy o'rta ta'lim maktablarida qo'shimcha binolar qurish kabi masalalar Oliy Majlis deputatiga murojaat sifatida taqdim etildi.
Tashkil etilgan mazkur tadbir davomida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati