QUTURISh – O'TA XAVFLI KASALLIK
2022-01-24 10:45:41 119
QUTURISh – O'TA XAVFLI KASALLIK
Quturish-barcha issiqqonli hayvonlarda va odamlarda uchraydigan bedavo o'ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Ushbu kasallik odamlarga asosan quturgan itlar va mushuklarning, shuningdek yovvoyi hayvonlarning (bo'ri, chiyabo'ri, tulki va boshqalar) tishlashi, tirnashi natijasida hayvonlarning so'lagi orqali yuqadi.
Kasallikni qo'zg'atuvchi virus quturgan hayvonlar so'lagida bo'ladi.
Respublikamizda odam uchun kasallikning yetakchi manbai – itlar hisoblanadi. Kasallik hayvonlardan hayvonlarga va hayvonlardan odamlarga yuqadi. Quturish odamdan odamga va odamlardan hayvonlarga yuqmaydi.
Quturish kasalligi itlarda kasallik alomatlari ro'yobga chiqishidan 10 kun oldin, ya'ni kasallik yashirin davrining oxirgi 10 kunida hamda kasallik boshlanganidan toki o'lgunga qadar yuqumli hisoblanadi.
Bugungi kungacha quturish kasalligining davolash usullari ishlab chiqilmagan.
Kasallik quturgan it tishlagandan so'ng 2-3 xaftadan keyin boshlanadi, ba'zi hollarda esa, yashirin davri ancha uzoq bo'lishi, hatto 6-7 oy va bir yilgacha cho'zilishi mumkin. Ba'zi bemorlar qachon it tishlaganini ham eslay olmasligi mumkin.
Kasallik belgilariga to'xtalib o'tadigan bo'lsak, kasallikning boshlang'ich davrida harorat ko'tariladi, holsizlik, bosh og'rig'i, uyqu buzilishi, hayvon tishlagan joyda kuchli og'riq belgilari kuzatiladi. 1-2 kundan keyin bemorda ovqat va suvni yutish qiyinlashadi, bemor suvni ko'rsa yoki ovozini eshitsa, yorug'likka qarasa, qo'rquv alomatlari (gidrofobiya, fotofobiya, aerofobiya) kuzatiladi. Nafas olish mushaklarining faoliyati buzilishi sababli nafas olish qiyinlashadi. Bunday holatlarda mushaklar tirishish bosqichi 2-3 kundan keyin paralitik bosqichga o'tadi, bunda bemorlar kasallikning 5-8-kunlarida nobud bo'ladilar.
Bemorlarda quturish kasalligi boshlangan bo'lsa, uning oqibati faqat o'lim bilan tugaydi. Chunki bu kasallikning davosi yo'q.
Shu sababli, hayvonlar tishlaganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish shart.
Jarohat olgan joydagi yara kir sovuni yordamida yuviladi va undan so'ng oqar suvda ham 5 -10 minut davomida yuviladi. Bu muolaja qanchalik tezroq qilinsa, shunchalik yaxshi. Jarohat olganlarga quturishga qarshi emlash ishlari iloji boricha ertaroq qilinishi tavsiya etiladi.
Fuqarolar hayvon tishlashi natijasida jismoniy, moddiy, va ma'naviy zarar ko'radi, eng dahshatlisi kasallikning fojiali o'lim bilan yakun topishidir.
Ba'zi kishilar xonadonlaridagi itlar kasal bo'lsa yoki uni boqa olmasa, ularni ko'chaga haydashadi yoki qayerlargadir tashlab kelishadi. Shundan keyin bu itlar qarovsiz, daydi itlarga aylanib qoladi. Daydi itlar esa, quturish kasalligining manbai sifatida atrofdagilar uchun xavf tug'diradi.
Bugungi kunda respublikuamizda daydi itlarni yo'qotish masalasi ham katta bir muammoga aylanib qolgan. Bu muammoni yuzaga kelishida aksariyat hollarda fuqarolarning o'zlari sababchi bo'lishadi.
Uyda saqlanadigan itlarni va mushuklarni veterinariya nazoratidan o'tkazib turish va quturishga qarshi emlatish, hamda daydi itlar va mushuklarni yo'qotish ishlari samarali amalga oshirilsa bu bedavo, o'ta xavfli, dahshatli quturish kasalligidan o'zimizni hamda atrofdagilarni saqlagan bo'lamiz.
Manuchehr Ahroriy – So'x tumani SEO va JS bo'limi boshlig'i