SO'XDA KAVRAK YeTIShTIRILIShIGA TAMAL TOShI QO'YILDI
2021-12-21 15:12:40 216
SO'XDA KAVRAK YeTIShTIRILIShIGA TAMAL TOShI QO'YILDI
Xabaringiz bor, So'x tumanini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, aholi turmush tarzini yaxshilash, qishloq xo'jaligini rivojlantirish maqsadida So'x tumani xududida tuproq iqlim sharoiti va o'zlashtirilmagan yaylov yer maydonlarini o'rganish maqsadida Farg'ona viloyati hokimi o'rinbosari A. Tursunov boshchiligidagi ishchi guruh tumanimizga tashrif buyurgan edi.
O'rganish davomida Tumanning “Ozod” va “So'x” shirkat xo'jaliklari hududidagi Qal'acha mahalla fuqarolar yig'inidagi Javpaya massivi, Tul mahallasi hududidagi Surati massivi, Chashma mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi Vargan massivi va Navobod mahallasi hududidagi Malbut massivlaridagi qishloq xo'jaligida foydalanilmaydigan jami 3 794.1 gektar adirlik yer maydonlarida lavanda, kavrak, namatak kabi shifobaxsh, eksportbop o'simliklarni yetishtirish va tashabbuskorlarga belgilangan tartibda ajratib berish ishlarini amalga oshirilishi rejalashtirilgandi.
Ayni kunda tumanimizda kavrak (chayir) o'simligini yetishtirish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev boshchiligidagi tuman sektorlar rahbarlarining Qashqadaryo viloyatiga uyushtiRgan tashriflari ham ayni shu masalaga bag'ishlangan edi.
Soha mutaxassislarining sa'y-harakati va tadbirkorlar tashabbusi bilan tumanimizning Javpaya massivida kavrak plantatsiyasi tashkil etilmoqda. Massivning bir gektar yer maydoniga kavrak o'simligi ekildi.
- Ayni kunda tumanimizdagi Malbut mahallasida ham 1 gektar yer maydoniga kavrak o'simligining 3-4 yillik ko'chatini ekyapmiz. Bu ishda soha mutaxassislari faollik ko'rsatishmoqda, - deydi tuman hokimining qishloq va suv masalalari bo'yicha o'rinbosari Muslimbek Mavlonbekov.
Aytish lozimki, kavrak o'simligi shifobaxsh giyoh bo'lib uning hosilidan ko'p foyda olish mumkin. Tumanimizda ushbu yo'nalishda amaliy ishlar boshlandi va sohaning kelajagiga mutaxassislar ishonch bildirishayotir.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati