Ayollarga nisbatan zo'ravonlik sodir etilishini oldini olish choralari va bu boradagi muammolar
2021-11-30 18:40:11 164
Ayollarga nisbatan zo'ravonlik sodir etilishini oldini olish choralari va bu boradagi muammolar
Hozirgi davrning eng muhim va yechimi kechiktirib bo'lmaydigan muammolaridan biri-oiladagi zo'ravonlik muammosidir. Umumiy ko'rinishda oiladagi zo'ravonlikni quyidagicha farqlash mumkin: ayollarga nisbatan zo'ravonlik, bolalarga nisbatan zo'ravonlik va qarindoshlarga nisbatan zo'ravonlik. Oilaviy munosabatlarda teng huquqlilikka erishish - inson huquqlari tizimiga doir ijtimoiy-demokratik institutning tarkib topishi natijasidir. Uning vujudga kelishiga jinslarning davlat tuzilmalarida, hukumat bilan va o'zaro munosabatlarida tegishli normalarni topishning murakkab jarayoni sabab bo'lgan. Tarix shundan dalolat beradiki, teng huquqlilik g'oyasi hamda uni amalga oshirish odob-ahloq, ma'naviy-madaniy va diniy jihatlardan iborat majmuani o'z ichiga oladi.
Ayollar deyarli barcha davlatlar aholisining yarmidan ko'pini tashkil qiladi, shuning uchun aholi yarmining huquqlari poymol qilinganda, amalda demokratiyaga asoslangan jamiyat to'g'risida gapirish qiyin. Ayollar ustidan zo'ravonlik muammosi davlatdagi nosog'lom ijtimoiy-ma'naviy muhit va yangi ijtimoiy munosabatlarni yaratishdagi qoloqlikdan dalolat beradi. Garchi insonga nisbatan barcha turdagi zo'ravonlik va kamsitishlarni bartaraf etish taqozo etilsada, ayollarga nisbatan zo'ravonlik alohida ahamiyatga muhtoj, chunki bu holat butun jamiyatga tegishlidir.
Oilada ayollar ustidan zo'ravonlik jiddiy muammodir. BMTda e'lon qilingan gender tengsizligi to'g'risidagi ma'ruzada ta'kidlanganidek, dunyodagi ayollarning uchdan biri o'z hayotida zo'ravonlikka uchragan. “Dunyodagi ayollarning uchtadan bittasi o'z hayotida zo'ravonlikka uchragan-bu hayratlantiradigan statistika. Gender diskriminatsiyasi-barcha kamsitishlar ichida eng yomoni”-deb, ta'kidlagan edi BMT Bosh sekretarining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Joze Antonio Okampo.
Oiladagi zo'ravonlik sezilarli tibbiy harajatlarga olib keladi. Jahon banki Raisining “Dunyo rivoji to'g'risidagi ma'ruza”sida ta'kidlaganidek, “sanoati rivojlangan mamlakatlarda nomusga tegish va oiladagi zo'ravonlik 15 yoshdan 44 yoshgacha bo'lgan sog'lom ayollarning besh yillik umridan qariyb bir yilini o'g'irlaydi”. Shuningdek, hujjatda aytiladiki, “aholi jon boshiga hisoblaganda oiladagi zo'ravonlik oqibatida reproduktiv yoshdagi ayollar sog'ligiga tegadigan zarar rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda taxminan bir xil”. Oiladagi zo'ravonlik hudud yoki qit'alar doirasi bilan chegaralanmaydi va dunyoning barcha davlatlarida turli darajada mavjud. Bu haqda gapirmaslik ma'qul ko'rilsada, dunyoda oiladagi zo'ravonlik shakllari ancha keng tarqalgan. Bu holatning ko'lami nafaqat jamiyat a'zolarining ko'pchiligi tomonidan, balki illatga qarshi kurashishga qaratilgan kasb vakillari tomonidan ham to'la anglab yetilmagan. Ko'pchilik oiladagi zo'ravonlikni davlat ishi deb emas, har bir oilaning ichki muammosi, deb hisoblaydi. Jabrlanganlar soni va himoyalanish ulublari to'g'risida ma'lumotning yo'qligi esa bu holatni yanada murakkablashtiradi.
Oiladagi zo'ravonlikdan jabrlanganlarni himoya qilishning qonunda nazarda tutilgan huquqiy choralari har doim ham samarali emas va ularni sud organlari, prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan qo'llash amaliyoti jabrlanuvchilarning odil sudlovdan foydalanishini ta'minlay olmaydi.
Huquqning turli tarmoq normalari bir-biridan alohida amalga oshirilmoqda, masalan, jinoiy-huquqiy normalar jabrlanuvchini himoya qilishning fuqarolik-huquqiy choralari bilan birga qo'llanilmaydi, garchi ko'pincha ular birgalikda samaraliroq bo'lsada. Jabrlanuvchini himoya qilishning noyuridik vositalaridan: psixologlar, ijtimoiy va tibbiyot xodimlari yordamidan foydalanilmaydi. Tarmoqlararo yondashuvning yo'qligi natijasida oiladagi zo'ravonlik muammosining yechimiga zarar yetadi.
Oiladagi zo'ravonlik - bu oila a'zolariga jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazishi mumkin bo'lgan yoki yetkazadigan, jins xususiyatiga ko'ra sodir etilgan zo'ravonlik akti yoki oilada, shaxsiy hayotda uchraydigan ozodlikdan o'zboshimchalik bilan mahrum qilish yoki unga majburlash tahdidi. Oiladagi zo'ravonlik bu oilaning bir a'zosi tomonidan boshqa a'zosiga nisbatan qasddan sodir etilgan harakatdir. Bunda zo'ravonlikka uchragan oila a'zosining konstitutsion huquq va erkinliklari poymol qilinib, unga ruhiy yoki jismoniy zarar yetkaziladi. Bundan tashqari, zo'ravonlik oilaning voyaga yetmagan a'zosiga nisbatan sodir etilgan bo'lsa, uning jismoniy yoki ruhiy rivojlanishiga zarar yetadi. Oiladagi zo'ravonlik ob'ekti bo'lib oilaning har bir a'zosi - er-xotin, bolalar, qariya ota-onalar bo'lishi mumkin, shuning uchun oiladagi shafqatsizlikning uch turi alohida ko'rsatiladi.
Xususan:
- er yoki xotinning bir-biriga nisbatan munosabatida;
- ota-onalarning bolalariga nisbatan munosabatida;
- bolalar yoki nabiralarning qariya qarindoshlarga nisbatan munosabatida.
Ammo milliy odatlar va madaniy an'analarga ko'ra ular bilan birga yashaydigan qarindoshlar ham oila a'zosi hisoblanadi. Shunday qilib, oiladagi zo'ravonlik “oila ishi” bo'lmay, vaholanki ko'pincha jamoatchilik o'rtasida shunday fikr mavjud, butun jamiyat va oila rivojiga jiddiy zarar yetkazadigan bo'ysundiruvchi munosabatlar tizimidir. Shuning uchun ham oiladagi zo'ravonlikning asosiy uch shakli alohida ko'rsatiladi- jismoniy, ruhiy va jinsiy. Bunda jinsiy zo'ravonlik birinchi marta alohida toifa sifatida ko'rsatilgan.
Qonunlarda keltirilgan yana shunday yangi holatlardan biri bu xalqaro andozalarning rioya etilishiga asoslangan va zo'ravonlikdan jabr ko'rgan oila a'zolarini himoya qiladigan mexanizmlarni yaratishdir. Ular jumlasiga tezkor imtimoiy yordam sifatida oiladagi zo'ravonlikning oldini olishni kiritamiz. Bunda oila a'zosining hayoti va sog'ligi uchun bevosita xavf tug'ilganida bu xavfni bartaraf etish uchun hamda kechiktirib bo'lmaydigan holatlarda oila a'zosining xavfsizligini ta'minlash uchun tegishli xizmatlar tomonidan yordam ko'rsatiladi.
J.Xaydarov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining
devonxona mudiri
P.Djo'rayev - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining
arxivi mudiri