BITIMLAR TUSHUNCHASI
2021-09-17 21:12:18 381
Ma'lumki, bitimlar shaxslar o’rtasidagi fuqarolik huquq va burchlarni belgilash, o’zgartirish va bekor qilishga qaratilgan harakatlar natijasida yuzaga keladi. Bitimlarning huquqiy maqomi fuqarolik huquqi, qolaversa, xususiy huquqning asosiy institutlaridan biri hisoblanadi. Bu tasodif emas, zotan aksariyat fuqarolik-huquqiy munosabatlarning paydo bo’lishida ushbu institutning o’rni beqiyos. Har qanday bitim shaxslarning erki-irodasi bilan bog’liq bo’lib, ma'lum bir huquqiy oqibat tug’dirishga qaratiladi va muayyan shaklda izhor etiladi. Bitimlarni tuzuvchilar fuqarolik huquqining sub'ekti bo’lib, ularda ushbu bitimni tuzish erkining mavjudligi va bu erk huquqiy oqibatlar tug’dirishga qaratilganligi hamda ma'lum shaklda izhor qilinganligi mazkur tushunchani bitim deb baholashga sabab bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (FK) 101-moddasiga ko’ra, bitimlar deb, fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o’zgartirish va bekor qilishga qaratilgan harakatlarga aytiladi.
Bitim va shartnoma o’rtasida muayyan bir farqlar mavjud. Bitim to’g’risida FKning 101-moddasida berilgan ta'rifda u bitim tuzuvchilarning harakatlaridan iborat ekanligi belgilangan. Shartnoma esa FKning 353-moddasiga asosan ikki yoki bir necha shaxsning kelishuvi natijasida yuzaga keladi. Demak, shartnoma va bitim o’rtasidagi farqlardan biri shundaki, bitim harakatdan kelib chiqsa, shartnomada ushbu harakatning o’zi kifoya bo’lmay, ikki yoki undan ortiq shaxsning kelishuvi ham talab etiladi.
Shartnomalarga ham FKning 9-bobida nazarda tutilgan ikki va ko’p taraflama bitimlar to’g’risidagi qoidalar qo’llaniladi (FK 353-moddasining ikkinchi qismi). Ushbu normada shartnoma va bitim o’rtasidagi nisbat berilgan. Ushbu nisbat qadimgi Rim tsivilistlarining «har qanday shartnoma bitimdir, biroq har qanday bitim shartnoma emas», degan qarashida yaqqol ifodalangan. Bitimlar doirasi shartnoma doirasiga nisbatan kengroqdir. Bir taraflama bitimlar hech qachon shartnoma hisoblanmaydi. Ayni vaqtda ikki va undan ortiq taraflar erki-irodasi bir yo’nalish bo’yicha ketgan, bir ob'ektga yo’naltirilgan bo’lmasa (masalan, er-xotin vasiyatnomasi), shartnoma tusini oladi. Bitim — bu harakat. Agar bir necha sub'ektlar harakatlari muayyan doirada uchrashsa (to’qnashsa emas) va o’zaro kelishuv tusini olsa, u shartnoma shakliga kiradi. Ko’p tomonlama bitimlarni shartnoma sifatida e'tirof etish fuqarolik-huquqiy tartibga solishni soddalashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Bitim va shartnoma o’rtasida tafovutlar bor, biroq bu tafovut umumiylik va alohidalik kategoriyalari o’rtasidagi farqlar bilan bog’liq, xolos. Binobarin, ko’p tomonlama bitimlar to’g’risidagi normalarni shartnomalarga nisbatan joriy etish to’g’risidagi FKning ko’rsatmasi (FK 353-moddasining ikkinchi qismi) g’oyat muhim ahamiyatga ega.
Har qanday bitim shaxslarning erki-irodasi bilan bog’liq bo’lib, muayyan huquqiy oqibat tug’dirishga qaratiladi. Bitimda fuqaro va tashkilotlarning ma'lum moddiy hamda madaniy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan erklari ifodalanadi.
Bitim shaxslarning erki bilan bog’liq bo’lgan, ularning irodasidan kelib chiqadigan harakat bo’lganligi tufayli, unda ifodalangan erk izhor qilinishi, ya'ni boshqa shaxslarga bildirilishi lozim.
Bitim tuzish natijasida muayyan huquqiy oqibat tug’dirish uchun bitim tuzuvchi shaxslar unda o’z erklarini ifodalashdan tashqari muayyan harakatni qilishlari lozim bo’ladi. Bu harakat shart qilingan ishni bajarishga, xizmat ko’rsatishga, ma'lum mulkni topshirishga yoki ma'lum pulni to’lashga qaratilgan bo’lishi mumkin.
U. Ergashev - Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram