"SAXOVATPESHA TADBIRKORLARIMIZ BOR BO’LSIN!"
2021-06-23 09:00:30 111
Ayni kunda So’x tumani miqyosida ichimlik suvi muammosini bartaraf etish bo’yicha Davlat dasturi asosida keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda va bundan ko’zlangan asosiy maqsad yillar davomida aholini qiynab kelayotgan dolzarb masalani yechish va xalqimizga bu yo’nalishda zaruriy sharoitlarni yaratib berishdan iborat. Quvonarli jihati shundaki, bunday xayrli ishlar barobarida saxovatpesha tadbirkorlarimiz ham ushbu masalani yechish yo’lida astoydil harakat qilishayotir.
Qal'a mahallasida yashovchi barcha fuqarolar bugun yosh tadbirkor Atabek Mirzoyev tashabbusi bilan boshlangan xayrli ishdan mamnun va minnatdor. Chunki tadbirkor o’z hisobidan mahallaga "obi hayot" olib kelmoqda. - Tadbirkorimizning bir qo’li aslida saxovatli ishlarga har doim ochiq. Mahallamizda Atabek ukamiz ko’magida juda ko’p xayrli ishlar amalga oshirildi. Bu amallar ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida yaqqol sezildi. Bugungi kunda tadbirkor tashabbusi bilan mahallamizga ikki kilometrdan ortiq masofaga quvurlar tortilib, suv chiqarilmoqda. Bu ezgu tashabbusdan minnatdor bo’lgan mahallamiz ahli tashkil etilgan hasharda bir yoqadan bosh chiqarib, ishtirok etishayotir. Bu bilan mahalladagi eng asosiy muammo bartaraf etiladi. 50 metr pastlikdan chiqarilayotgan suvdan mahallaning aksariyat qismi foydalanadi, - deydi biz bilan so’hbatda mahalla raisi Zamzamjon Gadoyev.
Albatta, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatdan mahalla ahli juda xursand va buni samimiy so’zlar ila izhor etishmoqda. Zotan, savob ishni har kim, har kuni qilish lozimligini yosh tadbirkorning xayrli amallaridan ham bilish mumkin. Saxovatmand tadbirkorlarimiz bor bo’lsin va ularga ming rahmat!
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram