Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 21 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

FIRIBGARLIK JINOYATI TUSHUNCHASI VA JAVOBGARLIK ASOSLARI

×

 2021-06-04 08:50:05    220

PDF yuklash
Chop etish


O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mulk uning barcha shakllarida daxlsizdir va unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta'qib etiladi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog’liq huquqbuzarliklar orasida o’zganing mulkini firibgarlik yo’li bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar o’sishi tendentsiyasi kuzatilmoqda.

Firibgarlik o’zganing mulkini yoki mulkka bo’lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo’li bilan qonunga xilof ravishda

va tekin qo’lga kiritishda ifodalanib, buning ta'sirida mulkdor (uning vakili), mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga bo’lgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga bo’lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo’yilishiga imkoniyat beradi.

Firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga to’g’ri kelmaydigan yolg’on ma'lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo’yicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga ma'lum qilinishi lozim bo’lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi.

Firibgarlikda yolg’on ma'lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo’lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs o’zini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko’rsatishi) taalluqli bo’lishi mumkin.

Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to’lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o’yinlarni o’ynash chog’ida aldov usullarini qo’llash va h.k. kiradi.

Firibgarlikda ishonchni suiiste'mol qilish deganda, aybdorning mulkdor, mulkning boshqa egasi yoki mulkni uchinchi shaxslarga berib yuborish to’g’risida qaror qabul qilishga vakolatli boshqa shaxslar bilan ishonchli munosabatlardan g’arazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozim. Ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqei yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urug’lik munosabatlari sabab bo’lishi mumkin.

Firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish mulkni yoki unga bo’lgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan bo’lishi shart. Aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatini anglash qobiliyatiga ega bo’lmagan (masalan, kichik yoshdagi bolaligi (14 yoshga to’lmaganligi), ko’zi ojizligi, ruhiy jihatdan norasoligi, alkogol, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda ta'sirida og’ir darajada mastligi tufayli) shaxsni aldash va undan mulkini olish firibgarlik tariqasida emas, balki o’g’irlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamaydi.

 Mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning g’ayriqonuniy egaligiga o’tgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo’lgan paytdan tugallangan deb topiladi. Qonunga ko’ra, shaxs bankdagi pul mablag’larini ular uning bankdagi hisob varaqasiga kelib tushgan (o’tkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega bo’lganligi tufayli, jinoyat bu mablag’lar ularni mablag’ egasi hisob varaqasidan aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo’li bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisob varaqasiga o’tkazilgan paytdan tugallangan deb topish lozim.

Shuni ta'kidlash joizki, qonunga ko’ra fuqarolar mulkini firibgarlik yo’li bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlik talon-toroj miqdoridan qat'iy nazar kelib chiqadi. Ayni paytda, talon-toroj miqdori eng kam oylik ish haqi miqdorining o’ttiz baravarigacha bo’lgan har bir holda surishtiruv, tergov organlari va sudlar ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning shaxsiga va moddiy zarar qoplanishiga oid ma'lumotlarni inobatga olgan holda JK 65, 66, 70, 71-moddalarini qo’llash masalasini muhokama etishlari shart.

Jinoyat predmeti bo’lgan mulkning qiymatini aniqlashda, uning mulkdor tomonidan qay yo’sinda sotib olinganligiga qarab, jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo’lgan va tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan chakana, bozor yoki komission narxlardan kelib chiqish lozim. Narx mavjud bo’lmaganda va talon-toroj miqdori to’g’risida nizo kelib chiqqan hollarda, mulk qiymati ekspert xulosasiga asosan aniqlanadi.  

Qator hollarda muayyan maqsadlariga qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etmagan holda erishishni istagan jabrlanuvchilarning xulq-atvori firibgarlik sodir etilishiga shart-sharoit yaratib berayotganligini e'tiborga olgan holda, surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar bunday g’ayriqonuniy harakatlarga nisbatan tegishli huquqiy baho berishlari, shuningdek, kelajakda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun bunday harakatlardan kelib chiqqan oqibatlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishlari lozim.

 

 

X. Xoliqov - Jinoyat ishlari bo’yicha 

               Farg’ona tuman sudining sudyasi                                            



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram