O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING JINOYAT-PROTSESSUAL KODEKSIGA KIRITILGAN O’ZGARTISH VA QO’SHIMCHALAR
2021-03-25 21:19:39 192
O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 fevraldagi “Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi 675-sonli Qonunining 2-moddasida Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi:
Ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish guvoh va jabrlanuvchini (fuqaroviy da'vogarni) ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga binoan so’roq qilishdan iborat bo’lib, u ushbu Kodeksda nazarda tutilgan sud muhokamasi qoidalariga ko’ra sud tomonidan amalga oshiriladi.
Guvohni, jabrlanuvchini (fuqaroviy da'vogarni) ob'ektiv sabablarga ko’ra (O’zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketishi, ularda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishni istisno qiladigan og’ir va davomli kasallik mavjudligi) ishni sudga qadar yuritish yoki sud muhokamasi chog’ida keyinchalik so’roq qilish mumkin bo’lmay qoladi deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo’lgan hollarda, ularning ko’rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo’yilishi mumkin.
Ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish zarur bo’lganda surishtiruvchi, tergovchi ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risida iltimosnoma qo’zg’atish haqida qaror chiqaradi va uni zarur materiallar bilan birga prokurorga yuboradi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy da'vogar), guvoh va himoyachi ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risida prokurorga murojaat qiladi.
Prokuror ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risida iltimosnoma qo’zg’atish haqidagi qarorning yoxud murojaatning asosliligini tekshirib, unga rozi bo’lgan taqdirda, ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risida iltimosnoma qo’zg’atish haqidagi qarorni yoki murojaatni surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo’yicha tuman (shahar) sudiga yoki hududiy harbiy sudga yuboradi.
Iltimosnomaga ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish zarurligini tasdiqlovchi jinoyat ishi materiallarining ko’chirma nusxalari ilova qilinadi.
Ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risidagi iltimosnomani ko’rib chiqish shartlari
Sud ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risidagi iltimosnomani materiallar kelib tushgan paytdan e'tiboran yigirma to’rt soatdan kechiktirmay ko’rib chiqadi va iltimosnomani qanoatlantirish hamda sud majlisini tayinlash yoki iltimosnomani qanoatlantirishni rad qilish to’g’risida ajrim chiqaradi va bu haqda taraflarga xabar beradi.
Iltimosnoma qanoatlantirilgan taqdirda, sudya ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlash bo’yicha sud majlisini uch sutkadan kechiktirmay o’tkazadi.
Agar sudya ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlashni iltimosnomani va unga ilova qilingan hujjatlarni ko’rib chiqish natijasida asossiz deb topsa, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etadi.
Sudning ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan ushbu ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida xususiy shikoyat yoki xususiy protest berilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma to’rt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instantsiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instantsiyasi sudi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan e'tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay ko’rib chiqishi kerak.
Apellyatsiya instantsiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko’rib chiqib, o’z ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini o’zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilishga va ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yishga haqli.
Apellyatsiya instantsiyasi sudining ajrimi ustidan shikoyat, protest berilishi mumkin emas.
Iltimosnomani qanoatlantirish rad etilganidan keyin sudga takroran murojaat qilishga faqat ko’rsatuvlarni mustahkamlash to’g’risida iltimosnoma berish uchun yangi asoslar mavjud bo’lgan taqdirdagina yo’l qo’yiladi.
Guvohning, jabrlanuvchining (fuqaroviy da'vogarning) ko’rsatuvlarini oldindan mustahkamlab qo’yish sudda so’roq qilish tartibiga rioya etilgan holda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi va zarurat bo’lganda protsessning boshqa ishtirokchilari ishtirokida sud majlisida JPKning 442-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risidagi iltimosnomani ko’rib chiqish prokurorning ma'ruzasi bilan boshlanadi, u ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish zarurligini asoslaydi.
Sud majlisi audio va videoyozuvdan foydalangan holda, shuningdek videokonferentsaloqa rejimida o’tkazilishi mumkin.
Ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlash jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchining ishtiroki guvoh yoki jabrlanuvchi (fuqaroviy da'vogar)ning xavfsizligiga tahdid soladigan yoki ruhiy holatiga ta'sir qiladigan bo’lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sud majlisiga chaqirilmaydi.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yish to’g’risidagi iltimosnomani ko’rib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Agar surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki himoyachi uzrli sabablarga ko’ra kelmagan va bu haqda sudga oldindan xabar bergan bo’lsa, ko’rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo’yishga doir harakatlarning amalga oshirilishi keyinga qoldirilishi mumkin.
Guvohning yoki jabrlanuvchining (fuqaroviy da'vogarning) ko’rsatuvlarini oldindan mustahkamlab qo’yishga doir harakatlar amalga oshirilganligi haqida JPKning 426, 427-moddalari talablariga muvofiq sud majlisining bayonnomasi tuziladi.
Taraflar sud majlisi bayonnomasining ko’chirma nusxasini, shuningdek o’z hisobidan audio va videoyozuvlarni olishga hamda sud majlisining bayonnomasi yuzasidan o’z mulohazalarini berishga haqlidir.
Sudya sud majlisining bayonnomasi yuzasidan berilgan mulohazalarni darhol ko’rib chiqadi va ularni qabul qilish yoki rad etish to’g’risida qaror chiqaradi.
Sud majlisining bayonnomasi, audio va videoyozuvlar, bayonnoma yuzasidan berilgan mulohazalar va ularni ko’rib chiqish natijasi bo’yicha qabul qilingan qaror jinoyat ishi materiallariga qo’shish uchun prokurorga yuboriladi.
Bayonnomaning va unga ilova qilingan materiallarning ko’chirma nusxalari sudda saqlanadi.
Ko’rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo’yilgan guvohlarni, jabrlanuvchilarni (fuqaroviy da'vogarlarni) qayta so’roq qilishga keyinchalik sudga qadar ish yuritish bosqichida yoki sud muhokamasi davomida ko’rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo’yilgan shaxsga berilishi kerak bo’lgan ish uchun muhim ahamiyatga molik yangi savollar tug’ilganda yo’l qo’yiladi.
X.Xoliqov - Jinoyat ishlari bo’yicha
Farg’ona tuman sudining sudyasi
Sh.Vahobov - Jinoyat ishlari bo’yicha
Farg’ona tuman sudining
sudya yordamchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram