Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 4 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish yuzasidan qarorni (ajrimni) qayta ko'rish bo'yicha apellyatsiya instantsiyasi sudida ish yuritish

×

 2021-02-28 16:25:44    91

PDF yuklash
Chop etish


Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish yuzasidan qarorni (ajrimni) qayta ko'rish bo'yicha apellyatsiya instantsiyasi sudida ish yuritish

         Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish yuzasidan o'ziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma tuzgan organ birinchi instantsiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga, prokuror esa protest keltirishga haqli.

Sudning ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha qarori ustidan shikoyat (protest) ish bilan birga uch sutka ichida apellyatsiya instantsiyasi sudiga  yuborilishi lozim.

Sudning ma'muriy qamoqqa olish yoki ma'muriy tartibda chiqarib yuborish to'g'risidagi qarori ustidan shikoyat (protest) apellyatsiya instantsiyasi sudiga shikoyat (protest) olingan kuni yuborilishi lozim.

         Apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instantsiyasi sudining nomiga yo'llanadi, lekin ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish yuzasidan qarorni chiqargan sudga beriladi.

         Qoraqalpog'iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari jinoyat ishlari bo'yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rish natijalari yuzasidan birinchi instantsiya bo'yicha chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini apellyatsiya tartibida tekshiradi.

         Birinchi instantsiya sudining ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) qaror o'qib eshittirilgan kundan e'tiboran yigirma sutka ichida, o'ziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs va jabrlanuvchi tomonidan esa, qarorning ko'chirma nusxalari ularga topshirilgan yoki ular tomonidan ushbu ko'chirma nusxalar olingan kundan e'tiboran xuddi shu muddatda berilishi mumkin.

         Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat o'tkazib yuborilgan taqdirda, apellyatsiya shikoyati (protesti) beruvchi shaxsning iltimosnomasiga ko'ra, qarorni chiqargan sud, agar muddatning o'tkazib yuborilganligi sabablarini uzrli deb topsa, o'tkazib yuborilgan muddatni tiklashga haqli bo'lib, bu haqda ajrim chiqariladi.

         Sudning ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomani rad qilish to'g'risida ajrim chiqariladi, uning ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin.

         Sudning ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha qarori ustidan shikoyat bergan shaxs shikoyatni qaytarib olishga haqli. Protestni qaytarib olish huquqi protestni kiritgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir.

         O'ziga nisbatan sudning ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi qarori chiqarilgan shaxs o'z advokatining shikoyatini qaytarib olishga haqli.

         Apellyatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishga apellyatsiya instantsiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirguniga qadar yo'l qo'yiladi.

         Birinchi instantsiya sudining ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) u ishning barcha materiallari bilan kelib tushgan kundan e'tiboran o'n besh sutka ichida apellyatsiya instantsiyasi sudi tomonidan ko'rilishi lozim.

         MJtKning 512, 513, 514, 515, 516, 517, 518, 519-moddalarida nazarda tutilgan birinchi instantsiya sudining ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlar bo'yicha qarorlari ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlari (protestlari) ishning barcha materiallari bilan kelib tushgan kundan e'tiboran besh kunlik muddatda apellyatsiya instantsiyasi sudi tomonidan ko'rilishi lozim.

         Birinchi instantsiya sudining ma'muriy qamoqqa olish yoki ma'muriy tartibda chiqarib yuborish to'g'risidagi qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) shikoyat (protest) berilgan paytdan e'tiboran bir sutka ichida apellyatsiya instantsiyasi sudi tomonidan ko'rilishi lozim.

         Ishda ishtirok etuvchi shaxslar apellyatsiya shikoyati (protesti) ko'riladigan vaqt va joy haqida sud chaqiruv qog'ozlari, telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini ta'minlaydigan boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.

         Birinchi instantsiya sudining ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instantsiyasi sudining sud’yasi tomonidan yakka tartibda ko'riladi.

         Apellyatsiya instantsiyasi sudi ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rish qoidalariga binoan ko'rib chiqadi.

         Sud majlisida raislik qiluvchi qanday ish ko'rilishini, apellyatsiya shikoyati (protesti) kim tomonidan va qaysi sudning qarori ustidan berilganligini ma'lum qiladi, ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini, hozir bo'lganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, rad qilish haqidagi arzlarni hamda iltimosnomalarni hal qiladi.

         Sud majlisining vaqti va joyi to'g'risida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni apellyatsiya tartibida ko'rish uchun monelik qilmaydi.

         Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni apellyatsiya instantsiyasi sudida ko'rish sud majlisida raislik qiluvchi sud’yaning ma'ruzasi bilan boshlanadi. Ma'ruza davomida ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish holatlari, birinchi instantsiya sudi qarorining mazmuni, apellyatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi.

         Ma'ruzadan keyin sud majlisida hozir bo'lgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ularning vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Apellyatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud agar prokuror protest bergan bo'lsa, prokuror birinchi bo'lib so'zga chiqadi.

         Apellyatsiya instantsiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning so'zlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud bo'lganda yoki o'z tashabbusiga ko'ra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi.

         Sud apellyatsiya shikoyatining (protestining) vajlari bilan chegaralanmay, ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish materiallarini to'liq hajmda tekshiradi.

         Apellyatsiya instantsiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirish bergan ketma-ketlikda muzokaralarga chiqish imkoniyatini yaratadi.

         Sud muzokaralari tugallangach, sud’ya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi.

         Birinchi instantsiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyatini (protestini) ko'rib chiqish natijalariga ko'ra, apellyatsiya instantsiyasi sudi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

         1) birinchi instantsiya sudi qarorini o'zgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmay qoldirish to'g'risida;

         2) birinchi instantsiya sudi qarorini, shuningdek organning (mansabdor shaxsning) qarorini bekor qilish va ishni ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma tuzgan organga (mansabdor shaxsga) qaytarish haqida;

         3) birinchi instantsiya sudi qarorini o'zgartirish yoki bekor qilish va yangi qaror chiqarish to'g'risida;

         4) birinchi instantsiya sudi qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish to'g'risida;

         5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik to'g'risidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada o'zgartirish haqida;

         6) apellyatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinishi munosabati bilan apellyatsiya ish yuritishini tugatish to'g'risida.

         Apellyatsiya instantsiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin darhol o'qib  eshittiriladi.

         Apellyatsiya instantsiyasi sudining qarori u o'qib eshittirilgan paytdan e'tiboran qonuniy kuchga kiradi.

Apellyatsiya instantsiyasi sudining qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.

         Apellyatsiya instantsiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin uning ko'chirma nusxasi o'ziga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha qaror chiqarilgan shaxsga, ma'muriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan organga uch sutkagacha bo'lgan muddatda topshiriladi yoki yuboriladi, shuningdek jabrlanuvchiga o'z so'roviga binoan ushbu muddatda topshiriladi yoki yuboriladi.

         Sudning ma'muriy qamoqqa olish yoki ma'muriy tartibda chiqarib yuborish to'g'risidagi qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatini (protestini) ko'rib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan qaror u qabul qilingan kuni qarorni ijro etuvchi organning, mansabdor shaxsning, shuningdek o'ziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsning va jabrlanuvchining e'tiboriga yetkaziladi.

                  X.Xoliqov - Jinoyat ishlari bo'yicha

                                     Farg'ona tuman sudining sud’yasi