MAHALLA RAISI HISOBOT BERDI
2021-01-18 18:13:39 181
MAHALLA RAISI HISOBOT BERDI
Respublikamizda mahallalar nufuzini yanada oshirish, tizimda faoliyat olib boradigan xodimlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o'z samarasini berishi lozim. Bunda mahalla raisining alohida o'rni bo'lishi kerak. Chunki mahalla tizimi bizning xalqimizga xos bo'lgan boshqaruv instituti hisoblanadi.
So'x tumanida bugungi kunda mahalla fuqarolar yig'ini raislarining hisobot yig'ilishlari o'tkazilmoqda. Tashkil etilayotgan bunday tadbirlar bois, xalq o'zi saylagan raislar faoliyatiga baho berayapti.
2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda 2021 yilning ustuvor yunalishlari buyicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar yuzasidan navbatdagi yig'ilish Yangiariq mahalla fuqarolar yig'inida bo'lib o'tdi. Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limi va keng jamoatchilik ishtirokida bo'lib o'tgan tadbirda mahalla raisi Amirali Safarov faoliyatiga xolisona va adolat doirasida baho berildi.
Aytish lozimki, mahallada o'tgan 2020 yilda keng qamrovli obodonlashtirish ishlari olib borilib, mahalla siymosi tubdan o'zgardi. Ta'kidlash joyiz, bunday ishlar qatorida xalqimizning dunyoqarashi ham o'zgarib, har bir fuqaro qalbida Vatan rivojiga bo'lgan daxldorlik hissi uyg'onayotir. Tadbir davomida mahallada Prezidentimizning 4798-sonli qarori asosida olib borilgan ishlar tahlil etilib, kambag'allikni qisqartirish, kam ta'minlangan, ijtimoiy kumakka muhtoj aholi qatlamiga koronavirus pandemiyasi davrida ko'rsatilgan moddiy yordam, “temir daftar” dagi aholini qo'llab-quvvatlash, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari” ni shakllantirilishida olib borilgan hamkorlikdagi ishlar sarhisob qilindi.
Tadbirda tuman obodonlashtirish idorasi rahbari Anvar Ibragimov mahalla obodochiligiga qo'shgan hissasi va 2-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabining o'quvchisi Asadbek Sultonboyevlar fan olimpiadasining viloyat bosqichida faxrli 1-o'rinni egallaganligi uchun mahala fuqarolar yig'ini faxriy yorlig'i bilan taqdirlanishdi. Yig'ilish oxirida mahalla fuqarolar yig'ini raisi faoliyatiga ishtirokchilar tomonidan namunaviy baho berildi.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati