Ozodlikni cheklash jazosi va uni qo'llashning huquqiy asoslari
2020-12-28 17:34:23 487
Ozodlikni cheklash jazosi va uni qo'llashning huquqiy asoslari
Mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining uzviy davomi sifatida rivojlanagn xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksining bir qotor moddalariga jazo tizimining bir turi sifatida, yangi jazo turi ozodlikni cheklash jazosi bilan bog'liq bo'lgan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilib, shu yil 11 avgustdan qonuniy kuchga kirdi.
Avvalo, jazo jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan davlat nomidan sud hukmi bilan qo'llanadigan va mahkumni qonunda nazarda tutilgan muayyan huquq va erkinliklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat majburlov chorasi bo'lib, jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to'sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo'llaniladi.
Amaldagi O'zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi jazo tizimida-jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, xizmat bo'yicha cheklash, qamoq, intizomiy qismga jo'natish, ozodlikdan mahrum qilish, umrbod ozodlikdan mahrum qilish asosiy jazo turlari mavjud bo'lib, bu jazo turlariga ozodlikni cheklash jazosi ham kiritildi.
Ozodlikni cheklash sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat.
Ozodlikni cheklash olti oydan besh yilgacha muddatga, voyaga yetmagan mahkumlarga nisbatan esa asosiy jazo chorasi sifatida olti oydan ikki yilgacha muddatga tayinlanadi hamda sud tomonidan belgilanadigan organlar nazorati ostida o'taladi.
Ozodlikni cheklash, uni mahkumning yashash joyida o'tash shartlari sodir etilgan qilmishning xususiyati va sud chiqargan qarorni ijro etishdan bo'yin tovlashning oldini olish hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi.
Qo'llanilayotgan taqiqning (cheklashning) xususiyatlarini hisobga olgan holda, sud mahkumning zimmasiga quyidagi qo'shimcha taqiqlarni (cheklashlarni) yuklashi mumkin:
muayyan joylarga bormaslik;
ommaviy va boshqa tadbirlar o'tkazishda ishtirok etmaslik;
muayyan faoliyat bilan shug'ullanmaslik;
muayyan buyumlarga ega bo'lmaslik yoki ularni o'zida saqlamaslik;
transport vositasini boshqarmaslik;
mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini, ish va (yoki) o'qish joyini o'zgartirmaslik, tegishli ma'muriy hududdan tashqariga chiqmaslik;
muayyan shaxslar bilan aloqa o'rnatmaslik;
aloqa vositalaridan, shu jumladan Internetdan foydalanmaslik;
alkogolli ichimliklar iste'mol qilmaslik.
Sud ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxsning zimmasiga o'zi yetkazgan moddiy va ma'naviy zararning o'rnini qoplash, ishga yoki o'qishga joylashish majburiyatlarini, shuningdek uning tuzalishiga ko'maklashuvchi boshqa majburiyatlarni yuklashi mumkin.
Agar ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jazoni o'tash davrida o'zining jinoiy qilmishlarini anglab yetgan, tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan, yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning o'rnini qoplagan bo'lsa, sud mahkumga nisbatan ilgari tayinlangan taqiqlarni (cheklashlarni) to'liq yoki qisman bekor qilishi mumkin.
Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o'tashdan qasddan bo'yin tovlagan, shuningdek sud tomonidan o'z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o'talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin. Jazoni o'tashdan bo'yin tovlash vaqti o'talgan jazo muddatiga qo'shib hisoblanmaydi.
Ozodlikni cheklash harbiy xizmatchilar, chet el fuqarolari, shuningdek O'zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo'lmagan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.
Ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoning o'talmagan qismi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining o'talmagan qismi muddatiga tayinlanadi.
Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni ijro etish mahkumning yashash joyidagi ichki ishlar organlarining jazolarni ijro etish inspektsiyasi tomonidan yoki sud belgilaydigan, mahkumlarning sud belgilagan taqiqlarga (cheklashlarga) rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiradigan boshqa organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ozodlikni cheklash muddati mahkum jazolarni ijro etish inspektsiyalarida hisobga qo'yilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Mahkum uzrli sabablarsiz o'zboshimchalik bilan yashash joyida bo'lmagan vaqti ozodlikni cheklash muddatiga qo'shib hisoblanmaydi.
Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklashlarga) rioya etishi, shuningdek o'zining jazoni o'tashi bilan bog'liq masalalar bo'yicha og'zaki yoki yozma tushuntirishlar berish uchun chaqiruv bo'yicha jazolarni ijro etish inspektsiyasiga kelishi shart.
Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxsga nisbatan elektron kuzatuv vositalari qo'llanilishi mumkin.
Muayyan vaqtda yashash joyidan ketishga, tegishli ma'muriy hudud doirasida joylashgan ma'lum joylarga borishga yoxud tegishli ma'muriy hudud doirasidan chiqish uchun ruxsatnoma, shuningdek yashash joyini o'zgartirish uchun ruxsatnoma jazolarni ijro etish inspektsiyasi tomonidan beriladi. Qaror taqiqlarning (cheklashlarning) xususiyatidan, mahkumning shaxsidan, uning xulq-atvoridan, tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligidan kelib chiqib, alohida hollarda qabul qilinadi.
Uy-joyidan chiqib ketishiga butunlay taqiq belgilangan mahkumning doimiy yashash joyidan ketishi uchun ruxsatnomaga, mahkumning tegishli ma'muriy hudud doirasidan chiqishi uchun ruxsatnomaga, shuningdek mahkumning yashash joyini o'zgartirishi uchun ruxsatnomaga prokuror tomonidan sanktsiya beriladi.
Agar ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs jazoni o'tash davrida o'zining jinoiy qilmishlarini anglab yetgan, tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan, yetkazgan moddiy va ma'naviy zararining o'rnini qoplagan bo'lsa, jazolarni ijro etish inspektsiyasi ilgari mahkumga belgilangan taqiqlarni (cheklashlarni) to'liq yoki qisman bekor qilish to'g'risida sudga taqdimnoma kiritadi.
Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o'tash tartibi va shartlari mahkum tomonidan buzilganligi uchun jazolarni ijro etish inspektsiyasi unga nisbatan ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazo chorasini qo'llaydi.
Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o'tashdan qasddan bo'yin tovlagan, shuningdek sud tomonidan o'z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, jazolarni ijro etish inspektsiyasi sudga mahkum uchun ozodlikni cheklashning o'talmagan muddatini jazoning boshqa turiga almashtirish haqida taqdimnoma kiritadi.
J.Xaydarov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining
devonxona mudiri
P.Djo'rayev - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining
sud’ya yordamchisi