ASOSIY MAQSAD – TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISh
2020-12-21 14:51:07 170
ASOSIY MAQSAD – TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISh
Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarovning alohida topshirig'i asosida Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va kichik sanoat zonalari faoliyatini tashkil etish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda tajriba almashish maqsadida viloyatimizning barcha tumanlar hokimlarining Namangan viloyatiga xizmat safari uyushtirildi. O'rganishlar jarayonida So'x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev ham ishtirok etdi.
Bizga yetgan ma'lumotlarga ko'ra, Namangan shahrida 5 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan bo'lib, ushbu mintaqalarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga katta ahamiyat berilgan. Misol uchun, “Yuksalish” kichik sanoat zonasining umumiy maydoni 82 gektar bo'lib, bu yerda 95 ta ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati yo'lga qo'yilgan. Hududdagi ishlab chiqarish tizimining asosiy qismini to'qimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, qurilish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish tashkil etadi.
Tadbirkorlarga berilgan yer maydonlaridagi qurilgan ishlab chiqarish korxonalari asosan 3 va 4 qavatli binolardan iborat. Viloyat hokimligi mutasaddilarining so'zlariga ko'ra, barcha loyihalar mahalliy tadbirkorlarning o'z mablag'lari evaziga amalga oshirilgan.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati