KAM TAЪMINLAGAN OILALAR FARZANDLARINING SUNNAT TO'YI O'TKAZILDI
2020-11-02 18:05:46 274
KAM TAЪMINLAGAN OILALAR FARZANDLARINING SUNNAT TO'YI O'TKAZILDI
Xayr-saxovat, mehr-muruvvat, savob va oqibat degan tushunchalar xalqimizning qon-qoniga singib ketgan qadriyatlardan desak, aslo mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Zotan, “Savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak” degan ibora ham bejiz aytilmagan.
2020 yil noyabr oiyning birinchi kuni So'x tumanining Qal'acha va G'aznov mahallalari aholisi uchun unutilmas kun sifatida mo'hrlanadi. So'x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev tashabbusi bilan bugun ushbu mahallarda yashovchi uchta kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga mo'htoj oilalar farzandlarining sunnat to'yi o'tkazildi.Tashkil etilgan tadbir haqiqiy tantanaga aylanib ketdi.
Karnay surnay sadolari ostida mahalla to'yxonasiga G'aznovlik Ozodbek Bozorov va Nurulla Jamoliddinovlar tuman hokimining xizmat avtomashinasida kelishgan bo'lsa, Qal'achalik Nusratillo Inomjonovni tadbir tashkilotchilari chiroyli, to'yona bezatilgan otda olib kelishdi. Sunnat to'yi munosabati bilan ushbu mahallalarda tantanali tadbir o'tkazildi.
- Bu tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad xalqimizga xos bo'lgan umrboqiy qadriyatlar barhayotligi, mo'htaram Prezidentimiz tomonidan berilayotgan e'tibor va g'amxo'rliklardan bahramand bo'lish, kam ta'minlangan, ijtimoiy ko'makka mo'htoj oilalarda ulg'ayotgan bolalarimiz ham shu aziz Vatan farzandlari va davlat himoyasida ekanliklarining amaliy isbotini ko'rsatishdan iborat. Zero, bu buyuk Vatanda inson aziz, uning manfaati barcha narsadan ustundir, - dedi tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev o'z so'zida.
- Tadbirni tashkil etishda bizga yaqindan yordam bergan “Bog'doddonmahsulotlari” hissadorlik jamiyati rahbariyati, tuman mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, tuman maktabgacha ta'lim tashkiloti ma'muriyati, madaniyat bo'limi, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi So'x tumani bo'limi mutasaddilariga alohida minnatdorchilik bildiramiz. Bunday tadbir tumanimiz uzra davom etadi va hafta davomida sektorlar kesimidagi yana 7 nafar bolajonlarimizning sunnat to'yini o'tkazib beramiz, - deya so'zlarida davom etdi tuman hokimi.
Xatna to'yi munosabati bilan mahalla ahli ishtirokida ziyofat dasturxoni tashkil etilib, kontsert dasturi namoyish etildi. Shuningdek, to'y bolalarga tadbirda tashkilotchilar va homiylarning qimmatbho sovg'alari, sarpolar, eng asosiysi, tuman Xalq bankida ochilgan miqdori 500 000 so'm bo'lgan uzoq muddatli omonat daftarchasi sertifikati topshirildi.
- Berilayotgan e'tibor, Prezidentimiz tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rliklardan cheksiz minnatdormiz. Bu xayrli kunni unutishning aslo iloji yo'q. Tadbir tashkilotchilariga mingdan-ming rahmat, endi mening o'g'lim ham “To'yimda hokimbuva ishtirok etganlar” deya g'ururlanib yuradi, - deb bizga yuzlandi hayajondan ko'zlari quvonch yoshlariga to'la Nusratillo Inomjonovning onasi Ruxsora Mirzoyeva.
- Men katta bo'lsam, askar bo'laman, Vatanimga, ona O'zbekistonimga sidqidildan xizmat qilaman deya qo'lini ko'ksiga olib minnatdorchilik bildirgan Nusratillo so'zlaridan beixtiyor tadbir ishtirokchilarining ko'zlariga ham yosh keldi.
Ishonamizki, “qo'li halol” bo'lgan bu bolakaylar kejlajakda haqiqiy halol inson va vatanparvar yoshlar bo'lib voyaga yetishadi.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati