Sudlar faoliyatida o'zaro faol raqamli iqtisod odimlari
2020-09-14 17:00:42 154
Sudlar faoliyatida o'zaro faol raqamli iqtisod odimlari
So'nggi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo'yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlariga o'z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash imkonini berdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko'rishda ko'pgina vazirlik va idoralar bilan ma'lumot almashinuvi ularning axborot tizimlari o'zaro integratsiya qilinmaganligi sababli asosan qog'oz shaklida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga ko'rsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish bo'yicha ishlarni jadallashtirish lozim bo'ladi.
Shu maqsadda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabr kuni “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4818-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichida quydagi vazifalar belgilandi:
fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlariga ko'rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko'rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta'minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish;
sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo'lgan ma'lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta'minlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma'lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish;
maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sud’yalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash;
sud majlislarida masofadan turib, jumladan mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek ish bo'yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish;
sudning axborot tizimlari, ma'lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini ta'minlash, xizmat axborotlari va ma'lumotlarini kompleks himoya qilish bo'yicha choralarni kuchaytirish.
Shu borada, 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlanib, unga asosan:
2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish bo'yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
2021 yil 1 iyuldan boshlab apellyatsiya va kassatsiya instantsiyasi sudlarida ishlarni sud’yalar o'rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo'yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo'yicha esa qog'oz shaklida taqdim etish;
2022 yil 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko'rsatishni yo'lga qo'yish;
2023 yil 1 yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;
sudlar, Sud’yalar oliy kengashi hamda Sud’yalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash ishlarini yo'lga qo'yish nazarda tutildi.
Sudlarning axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish bo'yicha “yo'l xaritasi” tasdiqlanib, unda:
28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulash;
sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma'lumotlarni elektron shaklda yuborish;
muayyan ishni ko'rish jarayonida zarur bo'lgan ma'lumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish;
sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo'llamaslik masalalarini ko'rib chiqishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma'lumotlar bilan tanishish;
sudlar tomonidan aliment miqdorini belgilashda tumanlar kesimida o'rtacha oylik ish haqlari to'g'risida ma'lumotlarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olish nazarda tutildi.
Bundan buyon, Oliy sud axborot tizimi bilan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud ma'lumotlar sudlarning elektron so'rovi bo'yicha bepul asosda taqdim etiladi.
Qarorda 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etilib, unda:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo'jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da'vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;
manfaatdor shaxslar tomonidan da'vo, ariza va shikoyatlarni ko'rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;
sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma'lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;
sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish nazarda tutilgan.
Shuningdek mazkur qarorda Oliy sud 2020 yil yakuniga qadar:
sud majlislarida videokonferentsaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqsin va uni amaliyotga joriy etish;
Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalarida maxsus xonalarni mahbuslarning sud majlislarida va sud rahbariyati qabullarida videokonferentsaloqa rejimida ishtirok etishlari imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlash choralarini ko'rish belgilangan.
Bundan tashqari, Sud’yalar oliy kengashi va Oliy sudning 2022 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi takliflariga rozilik berilib:
Sud’yalar oliy kengashiga sud’yalar, sud’yalik lavozimlariga nomzodlar tomonidan elektron murojaat qilish, suhbat jarayonida beriladigan savollar va vazifalarni axborot tizimi yordamida avtomatlashtirilgan holda tanlash;
Sud’yalar oliy maktabiga uning rasmiy veb-sayti orqali ariza va murojaatlarni yo'llash, professor-o'qituvchilar va tinglovchilarning reyting ko'rsatkichlarini elektron tarzda shakllantirish, sud’yalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sud’yalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining o'quv jarayonini onlayn tarzda nazorat qilish tartibini o'rnatish nazarda tutilmoqda.
F. Abduraimov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining raisi
X. Xoliqov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining sud’yasi