IMKONIYaT - SAMARADORLIK KALITIDIR
2020-09-12 17:37:20 177
IMKONIYaT - SAMARADORLIK KALITIDIR
Prezidentimiz e'tibori tufayli bugun imkoniyatlar mamlakati – O'zbekistonda tadbirkorlik, sohani yanada rivojlantirish uchun keng ko'lamli sharoitlar va qulayliklar yaratib berilayotgani soha vakillarining kuchiga kuch, g'ayratiga g'ayrat qo'shmoqda desak, mabolag'a emas. Buni birgina Sux tumani misolida ham ko'rishimiz mumkin. Aslida tadbirkorlikni rivojlantirish - ishsizlikka barham yerish, ishsiz fuqarolarning doimiy ish o'rinlariga ega bo'lishlari va daromad manbai oshishining asosiy omilidir. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun yaratib berilgan sharoit va imkoniyatlardan oqilona va samarali foydalanish har bir hudud rahbarining mas'uliyatli vazifasidir.
-“Prezidentimiz tomonidan bugungi kunda biz tadbirkorlarga haqiqatdan ham zaruriy shart-sharoilar, ajoyib imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Biz shu e'tibordan samarali foydalanishimiz lozim. Men ham bank krediti orqali o'z tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Devayron mahalla fuqarolar yig'ini hududida bo'sh turgan binoni tumanimiz hokimi ko'magida o'z nomimga rasmiylashtirib, bugun aholi uchun zarur bo'lgan ko'mir xom ashyosidan briket mahsulotini ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydim. Briket gaz yetib bormagan hududlar aholisiga qish faslida eng zarur bo'lgan mahsulot sanaladi”- deydi biz bilan so'hbatda tadbirkor Yunusjon Karimjonov.
Imkoniyatlardan samarali foydalanish tufayli bugungi kunda bu sexda 18 nafar yoshlar ishlamoqda. Bu degani 18 nafar fuqaroning doimiy ish joyi bor endilikda. 18 ta oilaning qozoni qaynaydi tashabbuskor tadbirkor faoliyati tufayli. Tadbirkorning so'zlariga ko'ra, bir dona briketning vazni 1 kilogramm bo'lib, aholiga 500 so'mdan sotilmoqda. Hozirda briketning bozori chaqqon, chunki bu mahsulotga ehtiyoj bor.
Tuman hokimi S. Sayidmusayev va tuman IIB boshlig'i Q. Rahmiberdiyev tadbirkor bilan uchrashuv chog'ida mahsulot sifatini oshirish haqida takliflar bildirib, xom ashyo yetkazib berishda amaliy ko'mak ko'rsatishga doimo tayyor ekanligini ta'kidladi. Ha, tashabbuskorlik va mehnatga bo'lgan ishtiyoq tufayli bugun Suxda ham tadbirkorlik rivojlanayotir.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati