Muqaddas tuprog'im, jannatmonand So'x
2020-08-22 17:49:06 321
Muqaddas tuprog'im, jannatmonand So'x
Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O'zbekistonim!
Ota yurtning oftobda jizg'anak bo'lib yotgan toshlari, dimoqni yoqimli ifori qitiqlaydigan giyohlari, jilg'a soylari, mehmonga muntazir sharqona hovlilar bo'ylab uchraydigan qiyofasi qadrdon, o'zi notanish hamyurtlar, bularning barcha-barchasi suyukli va qadrlidir.
Ayniqsa, yo'llarimiz bir muddat ona-Vatandan ayro tushganida bunday tuyg'ular mohiyatini yanada teranroq anglab yetish mumkin.
Bugungi kunda asrlarga tatigulik yangilanish va o'zgarishlar tufayli xalqimiz e'tiborida bo'lib kelayotgan Farg'ona viloyatining anklav hududi – So'x tumaniga borish uchun qo'shni davlat hududida bir soatdan ortiq yo'l bosgach, “Chashma” bojxona-chegara nazorat maskaniga yetib keldik. Hilpirayotgan davlatimiz bayrog'ini ko'rib, yuragimiz hapqirdi, vatan ostonasi, uning tuprog'i jondek aziz ekanligini yana bir bor his etdik. Pasportlarimizga muhr urilgach, yurtimizning bir parchasi – So'x zaminiga qadam qo'ydik.
To'rt tomondan osmono'par tog'lar bilan qurshab olingan bu maskanning tarovati o'zgacha. Oloy tizmasining Qatrontog', Obishir, Lazar kabi tog'lari yonbag'irlarida joylashgan maftunkor So'x tumani o'zining zilol buloqlari, jo'shqin soylari, ko'kka talpingan archalari, rango-rang gullariyu lolaqizg'aldoqlari, hatto xarsangtoshlaridan ham giyohlarning hidi ufurib turadigan betakror tabiati bilan bu yerga kelgan kishida unutilmas, yorqin taassurotlar qoldiradi.
Qo'shni Qirg'iziston Respublikasining Qadamjoy hamda Botken tumanlari bilan chegaradosh bo'lgan So'x vohasi Farg'ona viloyatining yuqori seysmik zonasida, dengiz sathidan 1400-1800 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi subtropik, yog'ingarchilik yillik hisobda o'rtacha 250-274 mm. ni tashkil etadi. Bu yerdan So'x daryosi oqib o'tadi. 1990 yil 27 fevralda, ya'ni istiqlolimiz arafasida So'x Farg'ona viloyatida alohida tuman sifatida qaytadan tashkil etildi.
Shu kunlarda davlatimiz rahbarining yuksak e'tibori natijasida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Ko'hna tarixga ega So'x yangi O'zbekistonning bir bo'lagi sifatida chin ma'noda yangilanyapti. Buyuk yaratuvchanlik ruhi bilan yashayotgan So'x bugungi kunda har qachongidan go'zal, har qachongidan maftunkor. Bu go'zallikni rassom eng yorqin ranglarda aks ettirishga chog'lanadi, shoir eng latif so'zlarni qidiradi. Yana bir muhim jihat. Bu maskanning eng asosiy boyligi sodda va samimiy, mehnatkash odamlaridir.
Chegaradan o'tishingiz bilan Chashma qishlog'i boshlanadi. Bulog'ining ta'rifini ortiqcha ta'riflashga hojat yo'q. Bu suv jonga rohat bag'ishlaydi. So'x mevalarining o'ziga xos ta'mi ham balki shu suvdan bahramand bo'lganidadir.To'g'risi, qishloq odamlari maqtanishni, xushomadni xush ko'rmaydi. Ayniqsa, tog' odamlari gapning dangalini aytadi.
–Chashmamiz oddiy buloq emas, tabarruk joy, -deydi shu qishloqlik mehnat faxriysi Akbarali Sheraliyev. – Suvini qoniqib ichgan insondan g'ubor ketadi, ruhi tetiklashadi. Qancha kishilar bu shifobaxsh suvdan ichib, darddan forig' bo'lmagan deysiz. Mana ko'rib turibsizlar, o'zbek ham, qirg'iz ham shu buloqdan suv ichadi, ekinini sug'oradi. Ne asrlardan beri xalqlarimiz inoqlikda shu ariqni tozalaydi. Bu suv-mo''jiza. Shu bois ham buloq haqida turli rivoyatlar bor. Zaminimiz Olloh nazar qilgan joy. Biz nuroniylar tumanimizdagi o'zgarishlarni ko'rib, yanada yoshargimiz kelyapti.
Ha, bugun bu yerda kim bilan gaplashmang, ezgu ishlardan mamnun ekanligini bildiradi. So'xliklarning mehmonnavozligiga esa qoyil qolasiz. Mehmon uchun borini to'kib soladi.
Chashma bulog'ini ziyorat qilganimizdan so'ng hamrohimiz, tuman hokimligining axborot xizmati rahbari Anvarjon aka bizni shu mahallada bo'layotgan uy to'yiga olib bordi. Gap shundaki, Chashma voqealarida Rahmatjon To'xtasinov va Ravshanjon To'xtanazarovlarning uyi talafot ko'rgandi. Hukumatimizning topshirig'i asosida qisqa vaqt ichida bu uylar tiklandi. Rahmatjon akaning xonadoni kapital ta'mirlangan bo'lsa, Ravshanjon akaning xonadoni yangidan qurilib berildi. Qurilish- ta'mirlash ishlari"Al-Behruz qurilish invest" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilib, 600 million so'mdan ziyod mablag' sarf etildi. Bu ikki xonadon oila a'zolarining quvonchi cheksiz. Qarindoshlar, qo'ni-qo'shnilar yangi uy bilan qutlab, ezgu tilaklarini bildirishdi.
–Yaxshi mehmon osh ustiga, – deydi Ravshanjon aka. –Qani yangi uyimizga marhamat mehmon. 8 xonali yangi uyga ko'chib o'tdik. Prezidentimizga rahmat.
Yoshi kattalar yaxshi eslaydi. Ilgarilari pishgan g'ishtdan imorat qilish, yangi avtomashina olib minish, xususiy mulkka ega bo'lish ertakdek gap edi. Bugun, barchasi o'zgardi. Xususan, qishloqlardan o'tib borarkanmiz, bir-biridan ko'rkam, muhtasham uylarni ko'rib havasimiz ortdi. Bugun har bir so'xlikning xonadonida avtomashina bor. Hatto eng qimmatini ham shu yerda ko'rishingiz mumkin. Bu ularning ishbilarmonligi va mehnatining samarasi. Tumanda tadbirkor bo'lib, yurt obodligiga hissa qo'shayotgan insonlar juda ko'p.
Chumoqcha qishlog'ilik Dadaxon Akbarov ana shundaylardan biri. Kichkina bir qishloqda shahardan qolishmaydigan restoran va savdo markazi bo'lishini kim o'ylabdi, axir. Tadbirkor o'tgan yilda ana shu ishga bosh qo'shdi. Farg'onaning boshqa hududlaridagi mohir oshpazlarni bu yerga taklif etdi. Shu bois bugungi kunda bu joyning ta'rifi mashhur. Harakat qilgan odam albatta, ko'zlagan maqsadiga yetadi. Dadaxon aka ham “tishlagan joyini” qo'yib yubormaydiganlardan. U anchadan buyon o'z qishlog'ida xizmat ko'rsatish majmuasini qurish niyatida edi. Prezident qarori asosida ishlab chiqilgan manzilli Dasturga ko'ra, bu ham amalga oshishni boshladi. Davlat xususiy sheriklik tamoyili asosida 4 milliard so'mlikdan ortiq mablag' evaziga mazkur majmua bunyod etilmoqda.
–So'xning tabiiy-iqlim sharoiti shirindan-shakar mevalar yetishtirish uchun juda ham qulay, –deydi “Lemburg” mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi bog'bon Mahammadnazir Nurmatov. – Olimlar bilan qadimgi bodom navlarini tiklash, xorijdan hosildor yong'oq ko'chatlarini olib kelib, mahalliy sharoitga moslashtirish, xaridorgir olma navlarini ko'paytirish borasida hamkorlik olib borilyapti. Mevazor bog'larni ko'paytirib, jahon bozoriga sarxil meva-sabzavotlar yetkazib beramiz. Ayni kunga qadar So'x daryosidan 1,5 kilometr suv tarmog'i olib keldik. Endilikda 3 gektar yerdagi bog'larni tomchilatib sug'oramiz. Bu usul hosildorlikni oshiradi, suvni va pulni tejaydi.
“Oltin olma, duo ol” deydi, dono xalqimiz. Darhaqiqat, duoning qudrati barcha sarvat va boyliklardan ham ustundir. Inoyatxon Jumayeva Istiqlol mahallasida yashaydi. 1921 yilda tug'ilgan momo tumanning faxri. Inoyatxon momo bugun o'zining yaqinlari - farzandu nabira, nabira va chevaralari ardog'ida.
Biz onaxonni ziyorat qilish maqsadida xonadoniga bordik. U kishining bunday yo'qlovdan boshi osmonga yetdi.
–Iloyim osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch va Yurtboshimizning boshi omon bo'lsin! Mening yoshimga yetinglar, – deya Inoyatxon momo qo'llarini duoga ochdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 avgustda qabul qilingan“2020-2021 yillarda Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori hududni har tomonlama taraqqiy ettirishda muhim dasturilamal bo'lmoqda.Ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida odamlarning dunyoqarashi, turmush tarzi o'zgarmoqda. Qarorga ko'ra, yo'l-transport, muhandislik kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida umumiy uzunligi 160 kilometr shag'al qoplamali yo'llarni sementobeton qoplamalarga o'tkazish va asfalьt qoplama yotqizish,106 kilometr tuproq yo'llarni shag'allash, 40 kilometr sementobeton piyodalar yo'llarini qurish boshlandi.
Shuningdek, aholiningelektr–energiyasi ta'minoti bilan bog'liq muammolar hal etildi. Bu yerda yangi podstantsiya foydalanishga topshirildi. Buning natijasida qo'shimcha 16 000 kVA quvvat yaratilib, 15mingdan ziyod iste'molchilar uzuluksiz energiyabilan ta'minlandi.
–So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturiga ko'ra Rovon shaharchasida har biri 30 xonadonli 7 ta 5 qavatli uy-joylar quriladi. Turar-joy massivlari uchun yer maydonlari ajratildi, qurilishga tamal toshi qo'yildi, – deydi tuman hokimi Saidbahrom Saidmusayev. –Ko'hna maskan o'ziga xos yer osti boyliklariga kon. Jumladan, ohaktosh, gil, bentonitli gil, gips, slanets, qum shag'allardan samarali foydalanish bunyodkorlik ishlarini rivojlantirish, arzon va sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarishni yangi bosqichga olib chiqadi.
Prezidentimiz qarorida so'xliklar ijtimoiy –iqtisodiy, madaniy, ma'naviy hayotida alohida ahamiyatga ega bo'lgan, avtomobil yo'lida harakatlar qatnovini amalga oshirish borasida ish olib borilmoqda. Yaqin kunlarda Rishton tumanidan So'x tumaniga“Rishton-Ravon” yo'nalishi orqali avtobuslar qatnovi yo'lga qo'yiladi.
Ayni kunlarda yurtimizning barcha go'shalarida jonajon O'zbekistonimiz mustaqilligining 29 yilligini qutlug' shodiyona sifatida nishonlashga katta taraddud ko'rilmoqda. Uning shukuhini mamlakatimizning eng chekka hududlarida, xususan, So'xda ham yaqqol sezish mumkin. Gap raqamlarda emas. Keyingi yillardagi bemisl islohotlar bugun oddiy odamlar hayotida aks etyapti. Ularni hayotdan rozi bo'lib yashashiga xizmat qilayotir. Siz ham So'xga bir keling, ezgu ishlarning guvohi bo'ling!
Asrlar mobaynida yonma-yon, bir oila a'zolaridek ahil-inoq yashab kelayotgan xalqlarimizning yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati beqiyosdir. Bu borada hayotiy tajriba So'xda yana bir bor yaqqol namoyon bo'la boshlagani quvonarli, albatta. Shoir bejizga “Muqaddas tuprog'im, jannatmonand So'x!” deb yozmaganiga ishonasiz.
Ayting-ayting, qayerda daraxt ekiladi, odamlar uy quradi, to'ylar ko'payib, bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi?! Albatta, tinchlik va osoyishtalik hukmron bo'lgan yurtda-da!
Ma'sudjon Sulaymonov, O'zA