Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 6 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

2020-2021 yillarda Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida

×

 2020-08-09 18:51:01    147

PDF yuklash
Chop etish


2020-2021 yillarda Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish

chora-tadbirlari to'g'risida

         Farg'ona viloyati So'x tumanining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiyalash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish, sanoat salohiyatini yanada oshirish, qishloq xo'jaligi, servis va xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash, shuningdek koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi bandligini ta'minlash va daromadlarini oshirish hisobiga tuman aholisining turmush darajasini yaxshilash maqsadida:

         1. 2020-2021 yillarda Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi o'rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

         2. Quyidagilar Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo'nalishlari etib belgilansin:

zamonaviy raqobatbardosh sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha yangi quvvatlarni tashkil etish va ularni ishlab chiqarishni rag'batlantirish, xizmatlar sohasini rivojlantirish, tadbirkorlikni yanada qo'llab-quvvatlash;

qishloq xo'jaligini yanada rivojlantirish, sohada foydalanilmayotgan va foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni o'zlashtirish, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish, chorvachilik, shu jumladan parrandachilik va baliqchilik tarmog'ini yanada rivojlantirish;

yo'l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga, aholining uy-joy maishiy sharoitlarini yaxshilashga, sog'lomlashtirish va madaniy hordiq chiqarishini tashkillashtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, tuman markazini obodonlashtirish;

ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiyot sohasi va pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag'batlantirish, tumanda oliy ma'lumotli mutaxassislarga bo'lgan ehtiyojni qondirish, ta'lim va tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish;

aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, ularning ish bilan bandligini ta'minlash.

         3. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Dasturni amalga oshirishning asosiy ustuvor yo'nalishlarini inobatga olgan holda Dasturning maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari asosida 2020-2021 yillarda So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli dasturini tasdiqlasin.

         4. 2020-2021 yillarda Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish bo'yicha respublika ishchi guruhi

(keyingi o'rinlarda – Respublika ishchi guruhi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Respublika ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:

mutasaddi rahbarlar ishtirokida Dastur doirasida amalga oshirilayotgan har bir loyihaning o'z muddatida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash;

Dasturga kiritilgan loyihalarning bajarilishini muntazam ravishda har oyda bir marta So'x tumanida, har chorakda bir marta respublika darajasida muhokama qilib borish va muammoli loyihalar yechimi yuzasidan zarur va tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Dastur doirasida belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi monitoringini olib borish, loyihalarning

o'z muddatida va sifatli bajarilishiga to'sqinlik qiluvchi muammolarni bartaraf etish yuzasidan tezkor va amaliy choralar ko'rish;

tumandagi kambag'allikka oid real ahvolni o'rganish, kambag'allikni qisqartirish va bartaraf etish bo'yicha zarur

chora-tadbirlarni belgilash.

         5. Farg'ona viloyatining So'x tumanida tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, aholini ijtimoiy himoyalash maqsadida:

a) 2020 yilda jismoniy shaxslar yer solig'i va mol-mulk solig'ini to'lashdan ozod etilsin;

b) joriy yil 1 avgustdan boshlab 2021 yil

31 iyulga qadar:

yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i amaldagi qat'iy belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida belgilansin;

alkogolь mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olish uchun yig'imni to'lashdan ozod qilinsin.

         6. Tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida kredit foiz stavkasining 10 foizli punktidan yuqori bo'lgan qismini, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdorini Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilsin.

         7. Moliya vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda

So'x tumani aholisiga yangi uy-joy qurishlari uchun ipoteka kreditlari ajratilishini ta'minlasin.

         8. Farg'ona viloyatining So'x tumani hokimiga Farg'ona viloyati hokimligi bilan kelishgan holda 2022 yil 1 yanvarga qadar tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalar uchun, istisno tariqasida, sug'oriladigan yer maydonlaridan tashqari yer uchastkalarini to'g'ridan-to'g'ri ajratish huquqi berilsin.

         9. Sog'liqni saqlash vazirligi Farg'ona viloyati hokimligi bilan birgalikda tumandagi sog'liqni saqlash muassasalariga yuqori malakali mutaxassislarni ishga jalb qilsin.

         10. Belgilansinki:

So'x tumanida joylashgan tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlarning lavozim maoshlariga sohadagi ish stajining birinchi uch yili uchun tarif stavkasiga nisbatan

40 foiz va har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 15 foiz miqdorda, ustamaning eng ko'p miqdori

100 foiz o'rnatiladi;

So'x tumanida joylashgan tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlarning lavozim maoshlariga oylik qo'shimcha ustamalar, ijtimoiy nafaqalar hamda So'x tumani mahalliy byudjetining soliqlardan berilgan imtiyozlari hisobiga vujudga kelgan yo'qotishlari joriy yilda Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi hisobidan qoplab beriladi.

         11. Tashqi ishlar vazirligi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda Qirg'iziston Respublikasi havo hududidan foydalanish masalasini hal etsin.

Transport vazirligi Qirg'iziston Respublikasi havo hududidan foydalanish masalasi to'liq hal etilgandan keyin bir hafta muddatda Farg'ona shahridan So'x tumaniga kichik aviatsiya transporti orqali aholiga maqbul narxlarda qatnovlar yo'lga qo'yilishini ta'minlasin.

Farg'ona viloyati hokimligi bir oy muddatda So'x tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo'nish maydonchalarini tashkil etsin.

Moliya vazirligi Farg'ona shahridan So'x tumaniga kichik aviatsiya transporti qatnovi bo'yicha ko'rilgan zararlarni qoplash uchun kompensatsiya to'lovlarini joriy yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg'armasidan qoplanishini va kelgusi yillarda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta'minlasin.

         12. Farg'ona viloyati hokimligi:

So'x tumani aholisi uchun Farg'ona viloyatining Yozyovon, Qo'shtepa, Bag'dod, Rishton va Buvayda tumanlari hududida dehqonchilik qilish uchun ekin yer maydoni va ipoteka kreditlari asosida kvartiralar ajratsin;

Farg'ona viloyati hududida markazlashtirilgan mablag'lar hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish-ta'mirlash ishlariga, shuningdek sanoat korxonalarida yangi tashkil etilayotgan

ish o'rinlariga So'x tumani aholisini keng jalb qilsin;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda So'x tumanining ish bilan bandligi ta'minlanmagan aholining bir qismini Toshkent shahrida yirik ob'ektlarda amalga oshirilayotgan qurilish-ta'mirlash  ishlariga tizimli ravishda jalb qilinishini ta'minlasin.

         13. Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi belgilangan tartibda Dastur doirasida qurilish materiallari

va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar hamda yer osti ichimlik suv manbalari bo'yicha tegishli xulosalar berilishini ta'minlasin.

         14. Energetika vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi bilan birgalikda aholini elektr energiyasi, tabiiy

va suyultirilgan gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi bilan ta'minlash bo'yicha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek Dastur doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari asosida ishlab chiqarish korxonalarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga o'z vaqtida ulanishini hamda ularga mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, talab etiladigan tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berilishini ta'minlash choralarini ko'rsin.

         15. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi markazlashgan manbalar hisobiga Dasturning 2020 yilda amalga oshiriladigan loyihalarini

2020-2022 yillarga mo'ljallangan Investitsiya dasturining

2020 yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida amalga oshirsin va keyingi yillar uchun belgilangan tadbirlarning asosiy ko'rsatkichlarini aniqlashtirib va yangilab borgan holda, kelgusi yillar Investitsiya dasturini shakllantirishda ko'zda tutsin.

         16. Quyidagilarga:

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari A.J. Ramatov zimmasiga – mazkur qarorning ijrosini o'z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishga mas'ul vazirlik va idoralarning samarali faoliyatini tashkil etish hamda muvofiqlashtirish, aniqlangan kamchiliklarni

o'z vaqtida bartaraf etish yuzasidan;

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo'chqorov zimmasiga – ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan zarur mablag'larni o'z vaqtida ajratish va boshqa moliyaviy resurslarni jalb qilish yuzasidan;

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga – tumanda investitsiya muhitini yaxshilash, investorlar hamda investitsiyalarni, ayniqsa to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni keng jalb etish hamda tumanning eksport salohiyatini oshirish yuzasidan;

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari O'.I. Barnoyev zimmasiga – tumanda qishloq xo'jaligi yerlaridan samarali foydalanish, foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni o'zlashtirish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik hamda qayta ishlash sohasini rivojlantirish yuzasidan;

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari B.A. Musayev zimmasiga – tumanda ijtimoiy sohada kadrlarga bo'lgan ehtiyojni qondirish, ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

         17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

  O'zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                                               Sh. Mirziyoyev