Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 52 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

IShSIZLIK NAFAQASINI TAYINLASh VA TO'LASh TARTIBI

×

 2020-08-04 19:39:55    376

PDF yuklash
Chop etish


IShSIZLIK NAFAQASINI TAYINLASh VA TO'LASh TARTIBI

         Ishdan mahrum bo'lgan, birinchi marta ish qidirayotgan, shuningdek uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashni istagan va ishsiz deb e'tirof etilgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi to'lanadi.

         Mahalliy mehnat organida ro'yxatga olingan paytdan boshlab o'n kun ichida o'zlariga taklif qilingan maqbul keladigan ishni ikki marta rad etgan shaxslarlarga nafaqa to'lanmaydi.

         Bunday shaxslar taklif qilingan ishni rad etgan paytdan boshlab o'ttiz kalendarь kun o'tgandan keyingina ishsiz sifatida takroran ro'yxatga olinish huquqiga egadir.

         Quyidagilar maqbul keladigan ish hisoblanmaydi, agar:

ish yashash joyini o'zgartirish bilan bog'liq bo'lsa;

ish yashash joyidan ancha uzoq bo'lsa va transportda qatnash jihatdan qulay bo'lmasa;

taklif etilgan ishni rad etish ishsiz shaxsning sog'lig'i holatiga, uning yoshiga va boshqa uzrli sabablarga ko'ra mavjud moneliklarga asoslangan bo'lsa.

         Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e'tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro'yxatdan o'tgan kundan e'tiboran tayinlanadi.

Qaramog'ida uchtagacha kishi bo'lgan, o'ttiz besh yoshga to'lmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq to'lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi.

Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro'yxatdan o'tgan paytdan boshlab kechi bilan o'n birinchi kundan e'tiboran kuchga kiradi.

 Ishsizlik nafaqasi ko'pi bilan:

ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo'lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga o'n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendarь hafta;

ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa o'n uch kalendarь hafta mobaynida to'lanadi.

Ishsiz ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yo'llanma olish uchun murojaat qilishi shart.


Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo'lgan shaxslar uchun ishsizlik nafaqasi oldingi ish joyidagi oxirgi bir yilgi o'rtacha ish haqiga foiz nisbatida belgilanadi. Boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoriga foiz nisbatida belgilanadi.

          Qaramog'ida o'n olti yoshga to'lmagan bolalari va boshqa kishilar bo'lgan ishsiz shaxslarga nafaqa miqdori o'n foizga oshiriladi.

         Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo'lgan taqdirda, ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo'lgan shaxslarga oldingi ish joyidagi o'rtacha ish haqining ellik foizi miqdorida, ammo qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo'lmagan va nafaqani hisoblash paytida O'zbekiston Respublikasida tarkib topgan o'rtacha ish haqidan ortiq bo'lmagan miqdorda ishsizlik nafaqasi to'lash kafolatlanadi.

         Ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan va ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo'lgan shaxslarga mahalliy mehnat organi tomonidan kasbga tayyorlash yoki ishga joylashish imkoniyati berilmagan taqdirda, ularga qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining kamida 26,5 foizi miqdorida nafaqa to'lash kafolatlanadi.

         Uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan ishsiz shaxslarga mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan 35,2 foizigacha bo'lgan miqdorda to'lanadi.

         Ishsizlik nafaqasini to'lashning belgilangan muddati o'tishi munosabati bilan ishsizlik nafaqasini olish huquqidan mahrum bo'lgan ishsiz fuqarolarga Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasidan yoki mahalliy byudjetlardan ajratiladigan moddiy yordam ko'rsatilishi mumkin.