Saxovatpesha homiylar himmati
2020-08-04 16:00:13 173
Saxovatpesha homiylar himmati
“Saxovat va ko'mak” umumxalq harakati doirasida bugun Respublikamizning barcha hududlarida xayr-saxovat amallari amalga orshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta'biri bilan aytadigan bo'lsak - “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakati – davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyonidir”.
-“Qurbon hayiti arafasida va bayram kunlari bizning mahallamizda ehtiyojmand oilalarga moddiy-ma'naviy ko'maklar ko'rsatildi. Bunda saxovatpesha homiylarimizning alohida o'rni va hissalari bor. Albatta, xalqimiz nomidan men rais va deputat sifatida bunday saxovatpeshalarga minnatdorchilik bildiraman”, - deydi Hazrati Ali mahalla fuqarolar yig'ini raisi Subhonali Nishonov.
Darhaqiqat, tumanimizning Hazrati Ali mahalla fuqarolar yig'inida aholining ijtimoiy ko'makka mo'htoj qatlamini moddiy qo'llab-quvvatlash kabi xayrli amallar keng quloch yoygan. Valijon To'ychiyev ana shunday qo'li ochiq tadbirkorlardan biri sanaladi. Qurbon hayiti munosabati bilan Valijon homiyligida 40 nafar kam ta'minlangan fuqarolarga un, yog' mahsuloti va oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berildi. Tadbirkor Habibullo Yormatov ham o'z hisobidan 10 qop un mahsulotini ehson qilgani ehtiyojmand oilalar quvonchiga sabab bo'ldi. Tuman prokurori, ikkinchi sektor rahbari Farhodjon Abduvaliyev tomonidan ham ehtiyojmandlarga un, bug'doy va yog' mahsuloti tarqatib berildi.
“O'ng qo'l qilgan ehsonni chap qo'l bilmasligi kerak” deyishadi. Shuning uchun, shunday saxovatpesha homiylar ham borki, qilingan ehsonlari miqdori va nom-nasablarini sir tutishadi. Hazrati Ali mahallasida mana shunday saxovatpeshalar ham bor. Nomini sir tutgan tadbirkor hisobidan hayit kunlari 20 nafar Hazrati Ali va Mulgon mahallasida yashovchi ehtiyojmand fuqarolarga 20 ta un mahsuloti yetkazib berildi. Bugun ham yana bir nomini sir tutgan homiy hisobidan mahalladagi 8 ta kam ta'minlangan oilalarga un mahsuloti yetkazib berildi.
Albatta, xayr-saxovat qilish, xasta qalblarga umid ulashish, yostiqqa mixlangan bemor-ehtiyojmandlar holidan xabar olish, boringki, yaxshilik qila olmasa yaxshi so'z bilan shikasta qalblarga mehr ko'rsatish musulmon bandasi uchun xayrli va savob amal sanaladi. Shuning uchun, har bir inson savob ishni har kuni amalga oshirishi lozim. Bu amallar esa, ta'biir joyiz bo'lsa, uning moliga va joniga baraka ato etadi.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati