G'alladan bo'shagan yerlar yoshlar ixtiyoriga berilmoqda
2020-07-22 09:15:18 212
G'alladan bo'shagan yerlar yoshlar ixtiyoriga berilmoqda
«Erni boqsang, yer elni boqadi” degan naql bor xalqimizda. Zotan, yerning har bir qarichi qadrli, uni asrash va e'zozlash asosiy vazifa bo'lsa, bu ne'matdan samarali foydalanish kunning asosiy masalasi hisoblanadi. Shuning uchun, bugun tumanimizda g'alladan bo'shab qolgan yerdardan samarali foydalanish, takroriy ekinlar ekish orqali oziq-ovqat taqchilligiga barham berish, eng asosiysi, yer egalarining manfaatdorligini oshirish bo'yicha ezgu tashabbuslar amalga tatbiq etilmoqda.
-“Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi Sux tuman Kengashi tashabbusi bilan, shuningdek, tuman hokimligi, qishloq xo'jaligi bo'limi va tuman bandlik markazi hamkorligida tumanimizning “Ozod” shirkat xo'jaligi hududidan ayni paytda 50 nafar ishsiz bo'lgan, uyushmagan yoshlarimizga shartnoma asosida 50 sotixdan bir gektargacha bo'lgan yerlarni ijaraga berdik. Boshlangan ezgu amallarimiz bugungi kunda o'zining mantiqiy davomini topmoqda. Mana, bugun ham “Sux” shirkat xo'jaligi hududidan ham 16 nafar yoshlarimizga 2 gektar yer maydonini taqsimlab berdik. Asosiy maqsad – yoshlarimiz bandligini ta'minlashdan iborat”, - deydi yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha Sux tuman hokimi o'rinbosari Bobosodiq Latipov.
Yoshlar Ittifoqi Sux tumani Kengashgi raisi Isojon Mastonovning ma'lumotiga ko'ra, bu tashabbus tumanning barcha sektorlari kesimida amalga oshiriladi. –“Yoshlarimizga mehnat uchun sharoitlar yaratib berish maqsadida yerlarni texnikalar yordamida shudgorlab berayapmiz. Biz tomondan qanday yordam kerak bo'lsa, biz har doim tayyormiz”, - deydi Sux tumani qishloq xo'jaligi bo'limi boshlig'i Muslimbek Mavlonbekov.
Yangiariq mahallasida yashovchi Farruxjon Ergashevga ham boshqa yoshlar qatori 20 sotix yer berildi – “Men albatta, bunday e'tibor va g'amxo'rlikdan juda minnatdorman. Menga berilgan yer maydoniga asosan poliz mahsulotlari ekmoqchiman. Chunki asosan tumanimizga poliz mahsulotlari chetdan – viloyatimizning boshqa shahar-tumanlaridan olib kelinadi. Pandemiya sharoitida buning iloji yo'q, shuning uchun, bizga bergan imkoniyatdan foydalanib, mehnat qilishimiz lozim. Birinchidan, yerdan samarali foydalanishimiz kerak. Ikkinchidan, olingan mahsulotlarni xalqimizga ham yetkazib berish maqsadimiz bor”. Faruxjonga o'xshagan yoshlarimiz Dodoxon Polvonov, Rahmonjon Aslonov, Qayumjon Boboyev va boshqalar ham xuddi shu ezgu maqsadni ko'zlab, bugun mehnat qilishayotir.
Darhaqiqat, berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, xalqimiz dasturxonini to'kin-sochin qilish yoshlarning asosiy maqsadi. Mutaxassislar so'zlariga ko'ra, tumanning boshqa sektorlarida ham g'alladan bo'shagan ekin maydonlari to'liq yoshlarimiz ixtiyoriga beriladi. Bu bir tarafdan yoshlar bandligini ta'minlashga qaratilgan bo'lsa, ikkinchidan ularning manfaatdorligini oshirishga ham asosiy omil bo'lib xizmat qiladi.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati