Savobli ishlar va xayrli amallarimiz bardavom bo'lsin
2020-07-17 17:48:47 231
Savobli ishlar va xayrli amallarimiz bardavom bo'lsin
Azal-azaldan suv chiqarish, ko'prik barpo etishdek amallar eng savob va xayrli ishlardan sanalgan. Hatto ko'chadan chetga olib qo'yilgan tosh ham savob amallardandir.
Bugungi kunda Sux tumanida bevosita Prezidentimiz rahnamoligida e'tirof etishga arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Berilayotgan e'tibor samarasi o'laroq, Sux eng obod va ko'rkam go'shaga aylanishiga astoydil ishonamiz. Buning uchun har bir inson borki, xayrixoh bo'lishi lozim. Zero xayrixohlik va shukronalik bor joyda baraka va unum bo'ladi.
Bugun tumanning Istiqlol mahalla fuqarolar yig'inida yana bir xayrli amalga qo'l o'rildi. Mahallada eski jome masjidi o'rniga bunyod etilajak zamonaviy ko'rinishdagii masjid binosining tamal toshi qo'yildi.
Tuman bosh imom-xatibi Vohidxon Kamolovning ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Inoyatulloh” jome masjidi o'rniga yangi 1000 o'rinli bino quriladi. –“Mahalladagi jome masjidimizga butun tuman mahallalaridan kelib, ibodat qilishadi. Iyd namozlarini ham jamoat bo'lib o'qiymiz. Jome masjidning binosi mana uchinchi marta buzilib, hashar yo'li bilan qurilmoqda. Yaxshi va ezgu niyatlar bilan ish boshladik. Ishlarmizda Yaratgan Egam O'zi madadgor bo'lsin”,-deya nuroniy otaxonlar duoga qo'l ochishdi.
Tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmo'sayev va nuroniy otaxonlar ishtirokida yangi binoning ilk g'ishti ham qo'yildi. Maxsus loyiha asosida quriladigan masjid binosining bunyod etilishida milliy va zamonaviy tarzdagi arxitektura uyg'unligi e'tiborga olingani ham katta ahamiyatga ega.
Sux tumanii hokimligi Axborot xizmati