Suv ta'minotidagi muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda
2020-07-08 15:48:24 144
Suv ta'minotidagi muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda
Barchamizga ma'lumki, Sux tumanida sug'orish va ichimlik suvi ta'minotida muammo va kamchiliklar mavjud bo'lib, ushbu muammoni bartaraf etish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda tumanda viloyatdan kelgan soha mutaxassislari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishida astoydil harakat qilishmoqda.
Farg'ona viloyat “O'zsuvta'minot” MChJ Sux tumani filiali rahbari Farhod Azimbekovning so'zlariga ko'ra, sohaga daxldor muammolarni bartaraf etilishi aniq rejalar asosida olib borilayapti. –“Kuni kecha tumanimizga 1 500 metrga yaqin polietilen quvurlar olib kelindi. Ayni paytda soha xodimlari Oftobru mahallasida ish olib borishmoqda. Chumoqcha mahallasida yangi, ta'mirlangan tik quduq ishga tushirildi. Hushyor mahallasida ham suv tortish nasosi qurilmasi yangi zamonaviy dastgohga almashtirilib, ishga tushirildi va endilikda obi hayotdan 300 ta xonadon foydalanish baxtiga muyassar bo'lishdi. Shuningdek, 13 va 14-sonli UO'T maktablari va mahallada joylashgan tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi ham ichimlik suvi bilan ta'minlandi”.
Kuni kecha Zangat mahallasida ham yangi tik sug'orish qudug'i qurilishi oxiriga yetkazilib, foydalanishga topshirildi. 110 metr chuqurlikdan suv tortish kuchiga ega bo'lgan bu inshoot “Zilxa-A” MChJ tomonidan bunyod etildi. Endilikda obi hayotdan 103 ta xonadon foydalanishadi, hududdagi 20 gektar yer maydoni sug'oriladigan bo'ldi. Loyihaning umumiiy qiymati 346 million so'mni tashkil etadi.
-“Biz eng avvalo, Prezidentimizdan juda va juda mamnunmiz, chunki Yurtboshimizning bizga nisbatan berilayotgan e'tiborlari muammo va kamchiliklarni yechilishida asosiy omil bo'lib xizmat qilmoqda. Mana, bugun bir necha yillik orzularimiz ro'yobini ko'rib turibmiz. Barcha Zangat mahalla ahli nomidan Yurtboshimizga minnatdorchilik bildiramiz”,-deydi mahalla faoli Rahimjon Toshboyev.
Yangi tik sug'orish qudug'ining foydalanishga topshirilishi haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Taqdimot marosimida qatnashgan tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmo'sayev ham barcha mahalla ahlini ushbu tarixiy kun bilan qutlab, berilayotgan e'tiborga nisbatan hamisha xayrixoh bo'lish lozimligini ta'kidlab o'tdi.
Ha, bugun Suxliklarning o'tayotgan har bir kuni bayramga teng. Chunki “Obod go'shaga mana shunday bayramlar yarashadi” deb bejiz aytmagan dono xalqimiz. Vatanimiz obodligiga ko'z tegmasin va Yaratgan qilinayotgan barcha ezgu amallarimizni bardavom aylasin.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati