“Agrobank” tomonidan 21 nafar xotin-qizlarga kredit hisobiga 84.9 million so'mlik tikuv mashinalari taqdim etildi
2020-06-27 20:22:26 179
“Agrobank” tomonidan 21 nafar xotin-qizlarga kredit hisobiga 84.9 million so'mlik tikuv mashinalari taqdim etildi
Tumanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi muammo va kamchiliklarini o'rganish va ularni tizimli bartaraf etish bo'yicha Prezidentimizning bevosita e'tibori tufayli e'tirof etishga molik katta qadamlar qo'yilmoqda. Ayniqsa aholi bandligini ta'minlash, xotin-qizlarga munosib mehnat sharoiti yaratib berish uchun amalga oshirilayotgan ishlar berilayotgan e'tiborning samarali natijasidir.
Buni birgina tuman “Agrobank”i tomonidan kredit hisobiga “Har bir oila tadbirkor” dasturiga asosan xotin-qizlarga berilayotgan tikuv mashinalaridan ham ko'rishimiz mumkin. Yana bir muhim jihati shundaki, tikuv mashinalari berish barobarida xotin-qizlarga sovg'a sifatida turli xil maishiy texnikalar rag'bat sifatida taqdim etilyapti.
Ma'lumot uchun: aholiga munosib turmush tarzini yaratish maqsadida shu kungacha tuman Agrobanki tomonidan 1 milliard 089 940 ming so'm, Xalq banki tomonidan 1 milliard 146 600 ming so'm imtiyozli kreditlar berildi.
Kecha xotin-qizlarni bandligini ta'minlash, ularga munosib mehnat sharoiti yaratib berish, berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanish maqsadida Sux tumani 1-sektorida yashovchi 21 nafar xotin-qizlarga jami 84.9 million so'm miqdoridagi kredit mablag'lari hisobidan tikuv mashinalari berildi. Ta'kidlaganimizdek, ta'minotchi korxona – “Lady Maria” xususiy korxonasi tomonidan har bir kredit oluvchilarga bir donadan dazmol sovg'a sifatida taqdim etildi.
Shundan – G'aznov mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi 8 nafar fuqarolarga tikuvchilik yo'nalishida 32.6 million so'm, Devayron va Qal'acha mahalla fo'qarolar yig'inida yashovchi 4 nafar xotin-qizlarga 16.2 million so'm, Sohibkor mahallasining 6 nafar fuqarolariga 24.4 million so'm va 3 nafar Tul mahallasida yashovchi fuqarolarga 11.7 million so'm kredit mablag'i ajratildi.
-“Men G'aznov mahallasida yashayman. Tikuvchilikka ishtiyoqim borligi bois, zamonaviy tikuv mashinasi olish niyatida edim. Tumanimiz “Agrobank”i tomonidan imtiyozli kredit orqali berilgan tikuv mashinasidan samarali foydalanishga harakat qilaman. Kredit foizlarini ham shu berilgan mashinadan topgan foyidam hisobidan to'lashga harakat qilaman. Shunchalik e'tibor uchun Prezidentimizga mingdan-ming rahmat”, - deydi Mahina Pulotova.
Darhaqiqat, berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanayotgan Suxlik xotin-qizlarning bugun bandligi ta'minlanayotir. Bu esa, ularni yanada samarali faoliyat olib borish va munosib daromadga ega bo'lishlariga safarbar etadi.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati